
"Navbahor" texnik direktori: "Paxtakor" murabbiyi zaxira hakamiga bosim o‘tkazdi. Eldor Suyunov esa quyushqondan chiqdi
Xabaringiz bor, bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Superliga 5-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” (1:2) uchrashuvidan keyin har ikki jamoa kiyinish yo‘lakchasida yuz bergan hodisalar bo‘yicha videoyozuv tarqatilib, unda asosiy aybdor sifatida “Navbahor” vakillari ko‘rsatilgandi. Mazkur hodisa bo‘yicha jamoa texnik direktori Mustafao Bayramov o‘z fikrlarini bildirdi.
“Paxtakor” bilan o‘yinda Sardor Rashidov yiqilgan payt hakam o‘yinni davom ettirishni ko‘rsatganida, “Paxtakor” murabbiyi Gocha Tkebuchava to‘rtinchi hakamning yoniga yugurib borib, unga bosim uyushtirishga urindi, u bu qilig‘i bilan nafaqat hakam, balki tribunadagi muxlislarni ham provokatsiya qildi. Men uning yoniga borib, buning noto‘g‘riligi, joyiga o‘tirib olishi kerakligini aytdim. Shuningdek, zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan Eldor Suyunov ham o‘zini noto‘g‘ri tutdi, quyushqondan chiqdi. Zaxira hakamiga murojaat etib, ularni tinchlantirishini so‘radim. Hakamlar va komissar joyimga o‘tirib olishim kerakligini aytishgandi, ularning aytganini qildim. O‘yin yakunlanganidan keyin tribunaosti yo‘lakchasiga kirib ketayotganimizda, “Paxtakor” futbolchilari birinchi bo‘lib, har xil nojo‘ya qiliqlar, kurakda turmaydigan haqoratlar bilan atrofdagilarni provokatsiya qilishga urindi. Ularni tinchlantirib, tezroq kiyinish xonasiga kirib ketishlari kerakligini aytdim. Vaziyatni tushunib turgandik, hammasi xotirjam tarzda, og‘ir-bosiqlik bilan hal qilinishini xohlagandik.
Shu va o‘yinga taalluqli boshqa omillar bo‘lmaganida, biz ham hech kimga e’tiroz bildirmasdik", - deya Bayramovning fikrlarini e’lon qildi klub rasmiy sayti.
Fikrlar