"Navbahor"dan etishib chiqqan futzalchi!

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Yaqinda futzal bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘tkazildi va unda yurtimiz sharafini AGMK jamoasi munosib himoya qila oldi. Vakillarimiz musobaqaning yarim finaliga qadar etib kelishdi va bu mazkur turnirdagi vakillarimizning eng yaxshi natijasi sifatida qayd etildi. AGMK tarkibidagi eng tajribali futzalchimiz esa shubhasiz Rustam Umarovdir. Jamoa sardori va etakchisi doimgidek o‘zining faolligi bilan ajralib turdi. Ilgari u bilan birga o‘ynagan futzalchilar esa faoliyatlarini yakunlab bo‘lishgan. Lekin Umarov hali hamon o‘z tajribasi bilan yordam berishda  davom etmoqda. 35 yoshli darvozabondan yosh futzalchilar o‘zlari uchun o‘rnak olib kelmoqdalar. AGMK safardan qaytib kelganidan so‘ng Umarov  ayrim masalalarda o‘zining fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.  

«Ko‘pchilik bizdan bunday natijani kutmagandi»

-   Tarkibimiz ancha yoshartirildi, ko‘plab yoshi katta futzalchilarimiz ketishdi. Shu bois 80 foiz tarkibimiz o‘zgarib ketdi. To‘g‘risi, bizda baribir xalqaro tajriba etishmayotgandek edi. Osiyo chempionatidan oldin esa bir-ikkita xalqaro turnirlarda o‘ynadik. Masalan, Tojikistonga bordik. O‘sha erda futzalchilarimiz o‘zlari uchun biroz bo‘lsa ham tajriba olishdi. Tojikistonning «Separ» jamoasi bilan o‘ynadik. Ularning safida esa besh nafar eronlik futzalchi bor edi. Ularni 9:3 hisobida yutdik. O‘sha g‘alabadan so‘ng yigitlarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonch oshdi. Osiyo chempionatiga ketayotganimizda ko‘pchilik bizga ishonmagandi. Guruhdan chiqishimizga shubha bilan qarashdi. Lekin biz yigitlar bilan juda ahil edik. Birinchi o‘yinda yutib turgandik. Baribir o‘sha bahsda bizga oxirigacha tajriba va muvozanat etishmadi. Natijada Vetnamning «Tay Son Nam» jamoasiga yutqazdik. Bu o‘yin esa bizga saboq bo‘ldi. Ikkinchi uchrashuvda iroqliklarga qarshi o‘ynadik. Uchrashuvdan oldin raqibning o‘yinlarini ko‘rib ularning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rgandik. O‘sha o‘yinga juda yaxshi tayyorlangandik va biz yutdik. Shundan keyin quvaytliklarga qarshi xotirjamlik bilan o‘ynadik, o‘zimizga ishonch katta edi va shu bois yana g‘alaba qozondik. Yoshlarimizning shashti baland edi. Har uchrashuvda pressing orqali o‘ynadik. Keyingi bosqichda Tailandning «Port» jamoasi bilan bellashdik. Ularing ham o‘yinlarini tekshirdik va murabbiyimiz qanday o‘ynashimizni tushuntirdi. Yana pressing bilan o‘ynadik va 5:3 hisobida g‘alaba qozondik. Yarim finalda eronliklar raqibimizga aylanishdi. Ularning qanday kuchga ega ekanini hamma biladi. Ularda futzal bo‘yicha maxsus maktablari bor. Albatta, biz ham bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Yana pressing qo‘lladik. Bizda ham etarlicha imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo raqib bizning xatolarimizdan xotirjamlik bilan foydalandi. Baribir ularda tajriba katta edi. Shundan so‘ng 3-o‘rin uchun yana «Tay Son Nam» bilan to‘qnash keldik. Birinchi bo‘limda biz yutayotgandik. Ikkinchi bo‘limda esa bo‘shashib qoldik. Ularning yaponiyalik Shimitsu degan futzalchisi bor. Ishonasizmi, o‘sha o‘yinni vetnamliklar emas, balki o‘sha yapon futzalchisi yutdi desam ham bo‘ladi. U darvozamizga uchta gol urdi va bundan bizning yigitlar «sindi». Umuman olganda, turnirni yomon o‘tkazmadik. Chunki bungacha biz Osiyo chempionatining guruh bahslaridan o‘ta olmayotgandik. Hattoki, zo‘r, tajribali futzalchilarimiz bilan bu vazifani bajara olmay kelayotgandik. Bu safar nafaqat guruhdan chiqdik, balki chorak finaldan ham o‘tib, yarim finalgacha etib keldik. Bu biz uchun futzalni yanada kuchaytirish uchun yaxshi qadam bo‘ldi. Hamma bilsinki, O‘zbekistonda futzal hali ham bor.

Rustam Umarov2

«Terma jamoa bilan birga Rossiya va Indoneziyadagi xalqaro turnirga boramiz»

- Futzalga e’tibor haqida gapirsak, klublarga emas, balki terma jamoaga jiddiy qaralmadi. Yig‘inlar tashkil etilmadi. Shu bois oxirgi ikki yil davomida shunchaki yig‘inlarsiz yurdik. Boshqa termalar hech bo‘lmaganda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishdi, biz esa yo‘q. Osiyo chempionatida O‘zbekiston 2- va 3-o‘rinlarni olganmiz. Mana, hozir futzalga e’tibor kuchayyapti. Ravshan aka Ermatovning o‘zi ham futzal o‘ynagan. Masalan, bosh kotib Avaz aka Maqsumov bilan birga ko‘p yillar davomida futzalda birga yurganmiz. Hattoki, bizga murabbiylik ham qilgan. Endi terma jamoamiz bilan xorij yig‘inlariga ham ketadigan bo‘lyapmiz. Masalan, Rossiyadagi musobaqada qatnashamiz. U erda turnir bor, «Spartak» va Rossiyaning U-19 terma jamoasi bilan o‘ynaymiz. Axir yaqinda Osiyo chempionatiga saralash bahslari boshlanadi. Bunday turnirlar bizga katta yordam beradi. Rossiyada uchta o‘yin o‘tkazganimizdan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Indoneziyaga jo‘nab ketamiz. U erda ham nazorat o‘yinlarimiz bor, uchta o‘yinda ishtirok etganimizdan keyin 12 sentyabrda qaytib kelamiz. Oktyabr oyi oxirida saralash bahslari boshlanadi.

«O‘z vaqtida gandbolda ham darvozaga turganman»

- Yoshligimdan katta futbolga borganman. Adashmasam, 18 yoshlarimda katta futboldan chiqib futzalga o‘tib ketganman. Bolaligimdan esa «Navbahor» klubida tahsil olganman. Bilasizmi, barcha futzalchilar hammasini aslida katta futboldan boshlashadi. Axir bizda mini-futbol bo‘yicha maktablar yo‘q-ku. Shu bois katta fubolga o‘ta olmaganlar keyinchalik futzalga o‘tib ketishyapti. Menda ham 2001 va 2002 yili shunaqa o‘tish davri bo‘lgan. Chunki maktabda o‘qib yurgan paytimda men gandbol o‘ynaganman. Qo‘l to‘pi o‘ynashda ham futzalniki bilan o‘xshab ketadi. O‘sha gandbolda ham darvozada turgandim. Aynan shu narsa ham mening futzalda o‘ynab ketishimga yordam bergan. Mana, 2002 yildan beri futzalda, terma jamoada o‘ynab kelyapman.

Rustam Umarov4

«Yana bir jahon chempionatida o‘ynamoqchiman»

- Hozircha organizmim o‘ynashga yo‘l beryapti. Hozir ikki hissa kuch bilan ishlayapman. Yoshimda ham 35 ga kirdi. Mashg‘ulotlarda qattiq ishlayapman. Faoliyatim davomida 3-4 ta avlodni ko‘rdim. Lekin futzalda darvozabonlarga nisbatan osonroq. Baribir bu pozitsiyada ko‘p yugurilmaydi, muhimi tajriba va to‘g‘ri pozitsiya tanlash. Nasib qilsa yana bir-ikki yilcha o‘ynash ishtiyoqim bor. Eng muhimi, terma jamoamiz bilan birga yana jahon chempionatida o‘ynashim kerak. Aynan shuni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Keyinchalik klublarda o‘ynayveraman, lekin terma jamoadagi faoliyatimni ertaroq yakunlashim mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!