"Navbahor"dan yana bir yangilik: Namangandagi "Markaziy" stadionda namozgoh tashkil etiladi
Ko‘plab muxlislarning iltimoslariga binoan, “Navbahor” klubi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingoh hududida Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Hayitbaevich Bozarov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzaqov, shuningdek, “Navbahor” PFK rahbariyati tomonidan namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida namozgoh tashkil etiladi. Endi “lochinlar” o‘z maydonlarida o‘yin o‘tkazadigan kunlari uchrashuvlarning tanaffusi paytida muxlislar bemalol o‘z ibodatlarini bajarishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur namozgoh 700 nafar kishiga mo‘ljallangan. “Navbahor” PFK rahbariyati O‘FA va PFL talablaridan kelib chiqqan holda, muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida ko‘plab ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Namozgoh tashkil etish ham shunday qulayliklardan biridir.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq “Navbahor” jamoasi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Markaziy” o‘yingohga klubning ramzi bo‘lgan lochin qushi monumenti o‘rnatilishi haqida ham xabar berilgan edi.

Fikrlar