
"Navbahor"ning "Qo‘qon-1912" klubiga qarshi o‘yini oldidan Nurillo To‘xtasinovning muxlislarga murojaati
Superliga 3-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 25 yoshli yarim himoyachisi Nurillo To‘xtasinov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- O‘zingizga ma’lum, “vodiy derbisi” bahslari doimo murosasiz, kurashlarga boy, shiddatli tarzda kechgan. Vodiylik bo‘lganligim bois buni juda yaxshi bilaman.
Bu safargi o‘yin ham bundan mustasno bo‘lmaydi, albatta, va qo‘qonliklar bo‘lajak uchrashuvda jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intiladi.
Jamoamiz o‘tgan bahsda safarda “Surxon” ustidan g‘alaba qozonib, joriy mavsumdagi ilk yutuqni nishonladi. Bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik hamda Namangandagi ilk derbida ham zafar quchib, g‘alabali odimimizni davom ettirish niyatidamiz.
Faqat mazkur o‘yinda muxlislar stadionga ko‘proq tashrif buyurib, jamoamizga bevosita ruhan va ma’nan qo‘llab-quvvatlab, madad berib turishsa bo‘lgani. Biz – futbolchilar esa ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashlariga yarasha maydonda munosib to‘p tepib, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz hamda g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. Baxtimizga “Navbahor” ishqibozlari hamisha sog‘ bo‘lishsin, - dedi futbolchi.
Fikrlar