
"Navbahor"ning tojikistonlik legioneri keyingi taqdiri haqida nima deydi?
O‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida «Navbahor» safiga qo‘shilgan tojikistonlik himoyachi Amir Jo‘raboev 13 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Hozirda uning ham keyingi taqdiri qanday kechishi muxlislarni qiziqtiryapti. Shu maqsadda futbolchi bilan bog‘landik. O‘zbekiston chempionatida ilk bor to‘p surgani sababli Jo‘raboev avvaliga debyut mavsumi haqida fikr bildirdi.
- Chempionat haqida faqat ijobiy fikr bildirishim mumkin xolos. Bu erda bir qancha raqobatbardosh klublar bor. Har bir jamoa tarkibida esa albatta bir nechta mohir ijrochilar topiladi. Shu bois chempionat davomida har qanday raqibga qarshi to‘p surish oson bo‘lgani yo‘q. Umuman aytganda, Superliga menga har tomonlama yoqdi. O‘zimizga kelsak, biz hatto o‘z uyimizda ko‘plab qimmatli ochkolarni yo‘qotdik. Safardagi bellashuvlarda ham yutishimiz kerak bo‘lgan joyda ochkolarni boy berdik. Buning uchun faqat o‘zimiz aybdormiz xolos. Yangi mavsumda bu kabi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz.
Jo‘raboevning xizmatiga boshqa klublar ham qiziqish bildiryaptimi? Uning yana «Navbahor» bilan shartnomasi bormi? Umuman olganda, Amirbek keyingi taqdiri borasida quyidagicha munosabat bildirdi:
- Shartnomaga kelsak, menda yana bir yillik kelishuv bor. Namanganda o‘zimni har tomonlama qulay his qilyapman. Bu erda hamma narsa menga yoqyapti. Asosiysi, jamoadagilar meni iliq qarshi oldilar. Buning uchun ulardan juda minnatdorman. O‘z navbatida amaldagi shartnomam oxiriga etgunga qadar «Navbahor»ga imkoni boricha yordam berishga harakat qilaman. Axir o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlashim kerak. Yangi boshlanadigan mavsumda yanada yaxshiroq to‘p surishga harakat qilaman. Yana shuni aytishim kerakki, hozircha boshqa biror-bir jamoa bilan muzokara olib bormadim va bunga extiyoj sezganim ham yo‘q. Chunki «Navbahor» bilan tuzgan shartnomamni oxirigacha etkazishni istayman. O‘ylaymanki, bitimni oxirigacha etkaza olaman.
Shuningdek, namanganliklar ko‘plab legionerlarni taklif qilishmoqda. Demak, xorijlik o‘yinchilar o‘rtasidagi raqobat ham yanada kuchayishi turgan gap. Tojikistonlik futbolchi esa «Navbahor»ga kelishi kutilayotgan xorijlik o‘yinchilar borasida shunday dedi:
- Legionerlar bilan bog‘liq gap-so‘zlardan mening ham xabarim bor, albatta. Chunki bu birinchi navbatda rahbariyat va murabbiylar shtabi vakillarining qarori. Klubga asqotadigan legionerlar jalb etilsa, bundan faqat xursand bo‘laman xolos.
Fikrlar