
Nazorat bahsi: "Neftchi" Qirgulida "Norin"ni mag‘lub etdi
13 iyul kuni Farg‘onaning "Neftchi" jamoasi o‘z maydonida Birinchi liga vakili "Norin"ni qabul qildi. Qirgulida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida farg‘onaliklar 3:1 natijasida g‘alabaga erishishdi.
Tohir Kopadze: Farg‘onaga futbolni qaytarmoqchiman (video)
Vadim Abramov davralar oralig‘idagi yig‘inning ilk qismiga bir qator yangi futbolchilarni taklif qilgan va ularni sinovdan o‘tkazmoqda. "Norin"ga qarshi bellashuvda Vadim Karlenovich ikki xil tarkibni maydonga tushirdi. Birinchi bo‘limda nisbatan tajribali o‘yinchilar maydonga tushirilgan bo‘lsa navbatdagi bo‘limda ko‘rikda bo‘lib turgan va bir qator yosh futbolchilarga imkoniyat berildi.
Dastlabki bo‘limda hisob ochilmadi. Biroq ilk taymda "Neftchi"da hisobni ochish uchun qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Yarim himoya chizig‘ida faol o‘yin ko‘rsatgan Mansur Saidov uchrashuv davomida Mo‘ydin Mamazulunov, Baxtiyor Yoqubov va Rizo Ayvazovlarni juda qulay vaziyatlarga chiqib borishiga imkoniyat yaratib berdi. Shuningdek, qanotda harakatlangan tajribali Jasur Hasanov o‘z uslubida raqib zonasiga bir-necha marotaba xavfli reydlarni amalga oshirdi. Yoshlar jamoasidan asosiy tarkibga jalb qilingan Abror Ismoilov ham mazkur bahsda o‘z hisobiga gol yozib qo‘yishi mumkin edi. Lekin uning ochiq darvozaga bergan zarbasi ancha yuqorilab ketdi
Ikkinchi bo‘limda asosiy gollar kiritildi. Taym boshida mehmonlar jarima to‘pidan Abdumavlon Abdujalilov darvozasini aniq nishonga olishdi. Shundan so‘ng javob to‘plari boshlandi. Dastlab Otabek Haydarov qanotdan tashlab berilgan uzatmani darvozaga joylab qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan yana bir hujumchi Alisher Shog‘ulomov ham o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ydi. Uchinchi to‘p esa avtogol sifatida kiritildi. Temur Hakimov qanotdan katta tezlikda oldinga o‘tdi va to‘pni jarima maydonchasiga tashladi. Bu vaziyatda raqib himoyachisi to‘pni chiqarib yuborish chog‘ida juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Yakuniy hisob 3:1, "Neftchi" nazorat bahsida muvaffaqiyat qozondi.
Eslatib o‘tamiz, "Neftchi" 15 iyul kuni Qirgulida yana bir o‘rtoqlik bahsida ishtirok etadi. Shu kuni "Iqtilol" jamoasi "Neftchi"ga raqiblik qiladi.
Fikrlar