Nega Messining goli inobatga olindiyu, Aziz Gʻaniyevning super goli hisobga olinmadi?
O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Azizjon G‘anievning Portugaliyaga qarshi bahsda urgan ajoyib goli VAR aralashuvidan keyin bekor qilindi.
Hyuston shahridagi uchrashuvda portugalialiklar tezkor gollar evaziga oldinga chiqib olgandi. Avval Krishtianu Ronalduning mundialdagi hisobini ochgan bo‘lsa, keyinchalik Nuno Mendes jarima zarbasidan so‘ng gol muallifiga aylandi.
Shundan keyin G‘aniev jarima maydonchasi yaqinidan kuchli zarba berib, to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joyladi. Bu vaziyatda Portugaliya darvozaboni Diogu Koshta hech narsa qila olmadi.
Biroq O‘zbekistonning quvonchi uzoq davom etmadi. VAR tizimi gol oldidan qoidabuzarlik bo‘lganini aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, golli hujum boshlanishidan avval Abbosbek Fayzullaev Joau Kanseluga qarshi kurashda avval futbolchining o‘ziga tegib ketgan va shundan keyingina to‘pni olib qo‘ygan.
Bu qaror Argentina va Avstriya o‘rtasidagi bahsda Lionel Messining goli oldidan yuz bergan bahsli vaziyat bilan taqqoslandi. O‘shanda Aleksis Mak Allisterning Xaver Shlagerga qarshi harakati muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Biroq sobiq hakam Mark Klattenburg bu ikki epizod o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
"Messi ishtirok etgan vaziyatda golgacha yana ko‘p narsa sodir bo‘lishi mumkin edi. Bu yerda esa epizod jarima maydonchasi yonida yuz berdi. Zarba ajoyib bo‘lgan, ammo bu aniq fol. Qoidabuzarlik goldan oldin sodir bo‘ldi va Portugaliya himoyasi qayta joylashib olishga ulgurmadi", — dedi Klattenburg.
Sobiq futbolchi va sharhlovchi Ouen Hargrivz ham VAR qarori to‘g‘ri bo‘lganini aytdi.
"Bu fol. U to‘pga emas, futbolchining o‘ziga o‘ynadi. Qaror chiqarish juda oson edi", — dedi Hargrivz.

Fikrlar