Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi etib saylandi
Xabaringiz bor, Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XIV xalqaro turnir bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur turnirda jahonning besh qit’asidagi 48ta davlatdan eng sara polvonlar g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.
Bugun kunning ikkinchi yarmida Termiz shahrida O‘zbekiston kurash federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi tashkil etildi. Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash kerak, ayni paytda mazkur sport tashkiloti raisi lavozimi vakant edi. Konferentsiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomzodi mamlakat kurash federatsiyasi raisligiga tavsiya qilindi.
Saylovda federatsiya raisligiga boshqa nomzod ko‘rsatilmadi va natijada Nig‘matilla Yo‘ldoshev bir ovozdan O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi etib saylandi. Bu haqda kurash federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.



Fikrlar