
Nihoyat, Fayzullaev muxlislar va mutaxassislarga murojaat yo‘lladi
Abbosbek Fayzullaev yakunlangan 2023 yilda O‘zbekiston va Rossiya futbolining haqiqiy qahramonlaridan bo‘ldi.
Yangi yil arafasida o‘zbek legioneri yana bir individual sovrin sohibiga aylandi. Futbol muxlislari va mutaxassislari mavsumning birinchi qismida TsSKA futbolchilari orasida eng zo‘rini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada Abbosbek Fayzullaev katta ustunlik bilan birinchi o‘rinni egalladi.
So‘rovnomadagi ovozlar hisob-kitobiga ko‘ra, 20 yoshli hujumkor futbolchimiz TsSKAning uzoq yillik sardori Igor Akinfeev va tajribali hujumchi Fyodor Chalovni ortda qoldirdi.
Abbosbek Fayzullaev ushbu xushxabardan so‘ng, muxlisu mutaxassislarga murojaat yo‘lladi.
- Assalomu alaykum. Menga ovoz berganlarning hammasiga katta rahmat. Bu juda yoqimli bo‘ldi. Bundan keyin ham o‘z o‘yinlarim bilan sizlarni xursand qilish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.
Barchangizni yangi yil bilan qutlayman, do‘stlar, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Abbosbek Fayzullaev TsSKAga ko‘chib o‘tganidan beri Rossya Premer-ligasi va mamlakat kubogida 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi.
O‘zbek futbolchisining yuqori saviyadagi o‘yinlari hamon mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda.
Vaziyatdan foydalanib, Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga rossiyalik ekspertlarning Abbos haqidagi fikrlarini havola qilishni davom ettiradi.
Maksim Demenko, “Spartak” va “Krasnodar” sobiq futbolchisi:
Mavsumning kashfiyoti sifatida kimni e’tirof etish kerak? Agar klublar haqida gapirsak, bu “Krasnodar”. Chunki jamoa birinchi o‘rinda ketyapti va mavsum oxirida chempion bo‘lishi mumkin. Futbolchilarga to‘xtalsak, men Abbosbek Fayzullaevni tanlagan bo‘lardim.
Bu yigit qisqa fursatda TsSKAning etakchi o‘yinchisiga aylandi, u katta salohiyatga ega ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yosh futbolchi menga juda yoqdi, u jamoaga juda tez moslashib oldi va nimalarga qodirligini ko‘rsatyapti.
Maksim Bokov, TsSKA sobiq futbolchisi:
Fayzullaev – chempionatning eng zo‘r o‘yinchisi. Boshida Abbos ko‘rinishi bilan hech kimni hayron qoldirgani yo‘q, lekin keyin aqlli o‘yinlari bilan hammani hayratga soldi. Uni tez orada Evropaga olib ketishadimi yoki yo‘q, buni bilmayman, lekin Fayzullaev TsSKAga katta foyda keltirishi aniq.
Fayzullaev “armiyachilar” klubida haqiqiy futbolchi bo‘lib etishadi. Agar u hozirgi darajadagi o‘yinini namoyish qilishda davom etsa, katta klublar unga e’tibor qaratadi.
Aleksandr Alaev, Rossiya Premer-ligasi rahbari:
Mavsumning asosiy kashfiyotlari Fayzullaev, Saltikov va Sevikyan bo‘ldi.
Aleksandr Grishin, TsSKA sobiq futbolchisi:
Yaxshi futbolchilar ko‘p. Har bir jamoada o‘z etakchilari bor. Eng zo‘rlari sifatida Fayzullaev, Kordoba, Tyukavin va Kasserrani tilga olish mumkin. Bular o‘z jamoasiga natija qilib berayotgan asosiy figuralar hisoblanadi.
Dmitriy Xamuxa, murabbiy:
2023 yilda Fayzullaev juda yaxshi taassurot qoldirdi. U aql bilan o‘ynaydi, texnikasi ham joyida.
Evgeniy Aldonin, TsSKA sobiq futbolchisi:
2023 yilning eng asosiy kashfiyoti Abbosbek Fayzullaev bo‘ldi. U o‘z harakatlari bilan hammani xursand qilyapti, jamoada asosiy rolda o‘zi, xavfli vaziyatlar yaratyapti, gol ham uryapti. Selektsiya nuqtai nazaridan TsSKA juda yaxshi ishladi.
Shomurodov yo‘q, O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng xavfli futbolchisi kim?
Fikrlar