
Nihoyat, Marko Stanoevichning mavsumni qaysi klubda boshlashi aniq bo‘ldi!
“Nasaf” klubidagi vaziyat barchaning e’tiborini o‘ziga qaratmoqda. Oldingi yillardagidek, bu yilgi qishki yig‘in chog‘ida ham jamoada bir qator muammolar yuzaga kelgan. Bu esa o‘z o‘rnida, tarkibga ham ta’sir qilishi turgan gap. Lekin “Nasaf” imkoni qadar etakchilarini saqlab qolishga harakat qilyapti.
Yaqinda serbiyalik Marko Stanoevich “Nasaf” mashg‘ulotlariga qo‘shilgandi. Baribir shunda ham uning Qarshida qolishi so‘roq ostida turgandi. Chunki uni o‘z safida ko‘rishni istayotgan jamoalar bor edi. Legionerga talab yuqori bo‘lgani sababli, uning qanday yo‘l tutishi ham qiziqtirayotgandi. Biroq “Nasaf” yakunda u bilan bog‘liq masalani ijobiy hal qildi. Bu xususida futbolchi sports.uz muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.
- Marko, siz yana “Nasaf” klubining mashg‘ulotlariga qo‘shildingiz. Qarshida ekaningizni hisobga olsak, yangi mavsumni yana ushbu jamoada boshlaysizmi?
- Ha, men Qarshiga etib kelganman va “Nasaf”ga qo‘shildim. Jamoam bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘ryapman.
- Bundan chiqdi, “Nasaf” bilan shartnoma tuzdingizmi?
- Ha, shartnomaga qo‘l qo‘ydim. Yangi mavsumni yana “Nasaf” tarkibida o‘tkazaman.
- Shuningdek, sizni AGMK klubga o‘tishingiz haqida ham eshitgandik. Bu rostmidi?
- To‘g‘ri, inkor qilmayman, menga takliflar bo‘ldi. Ammo men yana “Nasaf”da qolishni afzal ko‘rdim.
- Ayni paytda klubdagi ichki muhit qanday?
- Bu erdagi ichki muhit har doimgidek yaxshi, nolishga hojat yo‘q.
- Klubda moliyaviy muammolar borligi aytilayotgandi. Demak, bu holat sizni klubda qolishingizga xalaqit qilmabdida-a?
- O‘tgan yili ham jamoamizda moliyaviy muammolar bor edi. Shuning uchun ham hozir bu to‘g‘risida o‘ylamayapman. Faqat yaxshilikni o‘ylab “Nasaf”da qolishga qaror qildim.
- Siz ancha vaqt uyda bo‘ldingiz va “Nasaf”ga qaytishingiz ham cho‘zilib ketgandi...
- Men uyda bo‘lgan chog‘imda takliflarni ko‘rib chiqdim. Hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rdim. Yakunda boya aytganimdek, yana “Nasaf”da qolishni xohladim.
- Klubni bir qator etakchi o‘yinchilar tark etyapti. Ularning o‘rnini to‘ldirish muammo bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?
- Hozircha ikkita o‘yinchi jamoamizni tark etdi. Lekin, menimcha, ko‘p futbolchilar “Nasaf”da qolishadi. Bu yil ham o‘tgan yilgi natijani takrorlashga harakat qilamiz.
- Ammo bu oson bo‘lmasa kerak. Umuman olganda, jamoaning oldiga aniq vazifa qo‘yildimi?
- Hali bilmayman, rahbarlar qanday vazifa qo‘yishini. Lekin murabbiyimiz hech qachon bizni bo‘shashishimizga yo‘l qo‘ymaydi. Maqsadimiz shundayki, har bir o‘yinni g‘alaba bilan tugatishga harakat qilamiz.
Fikrlar