"Nimaga kutmadim? Kutganman" - o‘yin qahramoni Mamatkazin "Olimpik"ni qanday mag‘lub etilgani haqida nima deydi?

  • 4 aprel, 2023, 11:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi 3 aprel kuni Toshkentdagi Jar stadionida mezbon – “Olimpik” klubiga qarshi bahs olib bordi.

Tecno

Rostini aytganda, mehmonlarning ketma-ket ikkita mag‘lubiyatidan so‘ng ko‘pchilik “Olimpik”ning imkoniyatini yuqori baholagandi. Ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi.

“Andijon” sardori va etakchisi Ildar Mamatkazin tomonidan uchrashuv boshida urilgan yagona gol “Olimpik”ni mag‘lub etilishi uchun etarli bo‘ldi.

Mamatkazin esa bellashuvni juda faol o‘tkazdi va shuning uchun u uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga ham aylandi. “Olimpik” chempionatdagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

Biz esa o‘yin qahramoni – Ildarga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.

- Avvalo, barcha “Andijon” muxlislarini va butun jamoani g‘alaba bilan tabriklayman, - deya gap boshladi, Ildar - Ha, uchrashuvdan avval og‘ir o‘yin kutib turganini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Bu uchrashuvni yutmasak bo‘lmasdi. Ishqibozlarimiz ham, rahbarlarimiz ham bizdan faqat g‘alaba kutishgan. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Endi bu g‘alabani unutib keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- O‘yin boshida tezkor gol urdingiz. Uchrashuvning shunday boshlanishini o‘ylaganmidingiz?

- Bu – futbol. Iloji boricha har bir standartdan foydalanish kerak. Nimaga kutmadim? Kutganman. To‘g‘ri uzatma bo‘lsa, bizning jamoa albatta standartdan ham foydalanadi.

mamatkazin

- Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandingiz...

- To‘g‘risini aytganda, o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi men bo‘lmadim, butun jamoa bo‘ldi. Zaxiradagilardan tortib maydonda to‘p surgan barcha futbolchilargacha harakat qildi.

- “Olimpik”ning o‘yini sizda qanaqa taassurot qoldirdi?

- “Olimpik” jamoasining shunday o‘yinini kutgandim. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Reja bo‘yicha ikkinchi jamoa sifatida qarshi hujumlardan payt poylagan holda o‘ynadik.

- Ikkita mag‘lubiyatdan so‘ng jamoa o‘ziga keldi. Tiklanish qiyin kechmadimi?

- Rostini aytganda, ikkita mag‘lubiyatga uchrar ekansiz, albatta ruhiy tomondan ta’sir qiladi. O‘ziga ishonch yo‘qoladi. Ammo Xudoga shukr, biz barchamiz o‘zimizni qo‘lga ola bildik. Ko‘p narsa o‘zimizga bog‘liq. Maydonda yaxshi harakat qildik va shunga yarasha yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.

- O‘tgan safar “Surxon”ga toza gol urgandingiz, ammo hakamlarning xatosi tufayli hisobga olinmagan. Mana, bu safar ham gol urdingiz. Asosiy vazifangiz himoyada raqib hujumlarini qaytarish albatta yoki hujumlarda gol urish ham vazifalaringizdan birimi?

- Himoyachi bo‘lganim uchun birinchi navbatda darvozamiz daxlsizligini saqlashda o‘z joyimizda mustahkam bo‘lishimiz lozim. Standart vaziyatlarda hujumlarga qo‘shilib turamiz. Hujumda ham o‘z vazifamni bajardim.

mamatkazin2

- Yog‘ib turgan yomg‘ir jiddiy ta’sir ko‘rsatmadimi?

- Yo‘q, aksincha. Futbolga mos juda yaxshi ob-havo bo‘ldi. Salqin, futbol o‘ynaydigan holat edi. Yomg‘irli havoda futbol o‘ynash bizga ham, raqibga ham ma’qul keldi.

- Oldinda “Andijon”ni vodiy derbisi – “Neftchi”ga qarshi jiddiy uchrashuv kutyapti...

- Azaldan bunday derbilar bo‘lib kelgan. Jangovar o‘yin bo‘ladi. Derbiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Hamma muxlislarini bo‘lajak uchrashuvga taklif qilib qolaman va bizga ishonishlarini, qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman.  

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!