
Noodatiy raqamlardagi futbolchilar
Biz odatda, darvozabonlarni 1 raqamida, hujumchilarni 9 yoki 10 raqamlarda ko‘rib, o‘rganib qolganmiz.
Hozir esa e’tiboringizga noodatiy raqamlarda maydonga tushadigan futbolchilarni namoyish etamiz.
Janluiji Buffon
Jamoasi: “Yuventus”
Raqami: 77
Yoshi: 41
Ro‘yxatimizdagi eng buyuk futbolchi aynan Buffon hisoblanadi. To‘g‘ri, u hozir asosiy tarkibda kam maydonga tushyapti. 41 yoshli futbolchi raqobatda engishi qiyin masala.
Buffon “PSJ”dan qaytib keldi sobiq jamoasiga. Voytsex Щensny Buffonga o‘zining birinchi raqamini qaytib olishini, Kellini esa sardorlik bog‘ichi uniki ekanligini aytdi. Buffon esa barchasini rad etdi. Bu erga kimdandir nimanidir tortib olish uchun emas, jamoasi yanada kuchli bo‘lishiga yordam berish uchun kelganini aytdi. Natijada, hozir u 77 raqam ostida harakat qilyapti.
Arkadiush Milik
Jamoasi: “Napoli”
Raqami: 99
Yoshi: 25
Milik 2016 yil “Napoli”ga o‘tganida ko‘pchilik “Yuventus”ga o‘tib ketgan Gonsalo Iguainning to‘qqizinchi raqamini yoki terma jamoasidagi raqami 7 ni so‘rasa kerak deb o‘ylashgandi. Ammo u futbolkasiga ikkita 9 raqamini tushirdi. O‘zining ilk ikki mavsumida Arkadiush yorqin o‘yinlarini namoyish eta olmadi, ko‘plab jarohatlar oldi. 2018/19 yilgi mavsumda esa 35 o‘yinda 17 ta gol urib o‘z jamoasi bombardiriga aylandi. Aynan 99 raqam Milikka omadsizlik olib kelyapti deganlar ham bor. Lekin unday emas. U o‘z faoliyatini boshlagan “Gernik”da ham 99 raqam ostida maydonga tushardi.
Yosip Ilichich
Jamoasi: “Atalanta”
Raqami: 72
Yoshi: 31
Sloveniyalik futbolchi 2010 yilda Italiyaga kelgan edi. “Maribor”da o‘ynab yurgan vaqtlarda 27 raqam uniki edi. “Palermo”ga kelgach esa, bu raqam band bo‘lgani bois 72 raqamni tanlaydi. “Palermo”dagi ikkinchi va uchinchi mavsumlarida 27 raqamda to‘p surgan bo‘lsa-da, “Fiorentina”ga o‘tgach, yana 72 raqamni tanlaydi.
2017 yildan buyon “Atalanta” sharafini himoya qilyapti. Italiyada uning raqamiga e’tibor qilmay qo‘yishdi. Eng muhimi u o‘z o‘yinini kuchaytirib, jamoasiga yordam bersa bo‘lgani.
Genrix Mxitaryan
Jamoasi: “Roma”
Raqami: 77
Yoshi: 30
Futbolchi “Roma”da ijara asosida harakat qilyapti. Genrix 7 raqamni olishi kutilgan edi, ammo u raqamda Lorentso Pellegrini to‘p surgani bois, Mxitaryan ikkita 7 raqami tushirilgan futbolkani tanladi.
Mxitaryan faoliyatini boshlagan vaqtda 35 raqam ostida to‘p surardi. “Pyunik” uning ilk jamoasi edi. Keyin esa 22 raqamni tanladi. “Metallurg”, “Shaxtyor”da ham 22 raqam ostida harakat qilgan. “Borussiya”da esa 10 raqamda, “MYu”da yana 22 raqamda to‘p surdi.
Stiven N’zonzi
Jamoasi: “Galatasaray”
Raqami: 92
Yoshi: 31
O‘tgan yozda “Roma”dan “Galatasaray”ga ijara asosida o‘tgan Stiven noodatiy raqam – 92 ni tanladi. O‘zining 42 raqami unga omad keltirmagan, bir paytlar to‘p surgan 15 raqami band bo‘lgani bois 92 raqamni tanladi.
Uning faoliyatini katta qismi 15 raqam bilan bog‘liq. “Amen”, “Blekbern Rovers”, “Stok Siti” va “Sevilya”da shu raqam ostida to‘p surgan. “Roma”da esa 42 raqamni tanlagandi. Ammo Italiyadagi faoliyati omadsiz o‘tdi. “Galatasaray”da esa umuman boshqa raqamni tanlashni xohladi.
Janluiji Donnarumma
Jamoasi: “Milan”
Raqami: 99
Yoshi: 20
“Milan”ning yoshlar jamoasida turli raqamlarda, birinchi, yigirma ikkinchi, to‘qson to‘qqizinchida to‘p surishga ulgurgan. Eng oxirgisi u uchun doimiy bo‘lib qoldi. “Milan”ning asosiy jamoasida mana 5 yildirki, 99 raqamda to‘p surib kelyapti. O‘zining 20 yoshida A seriyadagi o‘yinlari soni 150 ga yaqinlashib qoldi. U o‘zining raqamini 1 ga o‘zgaritish haqida o‘ylab ham ko‘rmayapti.
Trent Aleksander-Arnold
Jamoasi: “Liverpul”
Raqami: 66
Yoshi: 21
Hozirgi kundagi “Liverpul”ning yosh va eng muhim futbolchilaridan biri Trent Aleksander. U ham noodatiy raqamda to‘p suradi. Futbolkasida tushirilgan 66 raqam unga mahoratini maydonda ko‘rsatishga xalaqit bermaydi.
Yoshlar futbolida Trent Aleksander juda ko‘p raqamlarda to‘p surgan: o‘n beshinchi, o‘n sakkizinchi, ikkinchi, o‘n ettinchi. Lekin hamma uni 66 raqamda ko‘rishga o‘rganib qolgan.
Fikrlar