
Nursulton Ro‘ziboev hamda Rinat Faxretdinov jangidagi imkoniyatlar...(Tahlil)
Ma’lumki, 26 oktyabr kuni Abu-Dabi shahri "UFC 308" turniriga mezbonlik qiladi. "Fayt-kard" super ko‘rinish olgan. Biroq, o‘zbekistonlik muxlislar uchun baribir Nursulton Ro‘ziboev hamda Rinat Faxretdinov jangi muhimroq. Shubhasiz, barcha Nursultonni g‘alabasidan umid qilmoqda. Albatta, qiziqarli jang bo‘ladi. Biz ushbu qarama-qarshilik borasida biroz tahliliy mulohazalarimiz o‘rtoqlashishni lozim topdik...
Ha, Nursulton UFCda 4-jangini o‘tkazadi. 2 ta ajoyib g‘alaba va Baklidan uchralgan mag‘lubiyat. Aynan Xoakin Baklidan uchralgan mag‘lubiyat tufayli, biroz hamyurtimizga bo‘lgan ishonchlar susaygani rost. Biroq, ba’zi omillarni inobatga olish kerak. Chunki, Nursulton qisqa muddatda ko‘proq vazn tashlab, to‘liq lagerni o‘tamagan holda mazkur jangga tashrif buyurdi va bu katta tavakkal edi. Tavakkal o‘zini oqlamadi va endi u janglarga aql bilan yondoshayotganligi sir emas. To‘liq lagerni o‘tagan Nursulton esa har qanday raqibga muammo bo‘ladi.
Demak, navbatdagi raqib borasida so‘z yuritadigan bo‘lsak, uning kuchli jihati kurash va greppling ekanligini aytib o‘tishimiz mumkin. Rinat Faxretdinov faoliyati mobaynida 22 ta g‘alaba, bir mag‘lubiyat va bir durang qayd etgan. Birgina mag‘luiyatini 2013 yil Aygun Ahmedovdan qabul qilib olgandi.Durang esa barchangizga ma’lum braziliyalik Elizeu Dos Santos bilan jangda qayd etilgan. Garchi uning kurashi va grepplingi kuchli ekanligi e’tirof etilsa-da, g‘alabalarining ko‘p qismini ya’ni, teng yarmini TKO (texnik nokaut) va KO (nokaut) bilan yakunlagan. 6 bora "sabmishen"lar ishga solingan. Qolgan 5 tasi esa ochkolar hisobida qo‘lga kiritilgan. Demak, ushbu statistika va umuman janglarini kuzatsangiz, uning har ikki qo‘lida ajoyib va kuchli zarbasi borligiga amin bo‘lasiz. Asosan u 1-raqamda harakat qilishni xush ko‘radi. Asosiy zarbani o‘ng qo‘lida yo‘llaydi. "Stoyka"larni tez-tez almashtirib turadi. Zarbalar ko‘tarishi ham yaxshi. Ammo, uning himoyasida ham xatolar ko‘pligini, Dos Santos va Nikolas Dalbilar ko‘rsatib berdi.
Nursultonning ustun jihatlari ham yo‘q emas. Shubhasiz, bo‘y jihatdan va qulochlarining uzunligi borasida anchagina plyus jihatlar bor. Bu gabaritdagi ustunliklar "stoyka"dagi harakatlarda qo‘l kelishi turgan gap. Garchi, ko‘pchilik Nursultonning ushbu jangdagi imkoniyatlariga shubha qilayotgan bo‘lsa-da, ishoning Rinat Faxretdinovning faoliyatidagi eng qiyin raqib hamyurtimiz bo‘ladi, degan fikrdamiz. Agar, "teyk-daun"lardan munosib himoyalana olsa, bu jangda hamyurtimizning imkoniyati oshib ketadi. Nursulton ko‘proq, "front-kik" va "apperkot" zarbalariga e’tibor qaratsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki Faxretdinovning himoyasi "xay-kik" va qo‘ldagi boshqa zarbalar uchun yaxshi qo‘yilgan.
Umuman Nursultondan qanday jang kutishni oldindan bila olmaysiz. U shunchalik rang-barang jang o‘tkazadiki, uni mukammal o‘rganib olish raqiblar uchun qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap. Ha, Faxretdinov kuchli raqib, lekin yurtdoshimiz ushbu bahsda eng sifatli jangni ko‘rsatishiga ishonamiz.
Darvoqe, bu qarama-qarshilikda Nursulton Ro‘ziboev muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi, degan taxminadamiz! Bu borada unga omad tilab qolamiz. Olg‘a Nursulton!
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi.
Fikrlar