
Odil Abdumajidov legionerga aylanadimi yoki Superligamizda qoladimi? Futbolchi nima deydi?
O‘tgan mavsumni “Olimpik” tarkibida o‘tkazgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zosi Odil Abdumajidov 2024 yilda faoliyatini yana boshqa klubda davom ettirishi kutilmoqda.
Hozircha u biror klubda emas, ammo bu vaqtinchalik va tez orada Abdumajidovni yangi klubda ko‘rsak ajab emas. Futbolchi “Olimpik” tarkibida 2023 yilgi mavsumda 29 uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi.
Sports.uz jurnalisti Odilning keyingi rejalari bilan qiziqib ko‘rdi.
- Ikki yil avval legioner sifatida “Ordabasi”da edingiz, o‘tgan yili esa “Olimpik”da to‘p surdingiz. 2023 yilda “Ordabasi” chempion bo‘ldi. Qaroringiz to‘g‘ri chiqqaniga amin bo‘ldingizmi yoki...
- Albatta, tanlovim to‘g‘ri chiqdi, degan umiddaman. “Olimpik”da ko‘p narsa o‘rgandim. O‘ylashimcha, har tomonlama tajriba o‘rganib, o‘sdim deb o‘ylayman.
- “Olimpik”ni tark etdingiz. Bunday qarorga kelishingizni asosiy sababi nimada? Bu to‘satdan bo‘ldimi yo avvalroq rejalashtirib qo‘yganmidingiz?
- Bu jamoaga ijara asosida borgandim. Amaldagi shartnomam esa “Metallurg” bilan va 2024 yilda tugaydi. “Olimpik”ni tark etdim, deyishim noto‘g‘ri. Chunki bu olimpiya terma jamoamiz negizi hisoblanadi.
- Siz o‘ynayotgan pozitsiyada O‘zbekistondagi eng kuchlisi deb kimni ko‘rsata olasiz?
- Oldingi paytda Anzur Ismoilovni aytardim. Hozirgi o‘ynayotganlar orasida eng zo‘ri Abduqodir Husanov deb o‘ylayman. U bekorga “Lans”da o‘ynamayapti.
- Odiljon, yangi mavsumni qaysi klubda boshlash haqida bir qarorga keldingizmi? Bilishimcha, variantlaringiz bor...
- Hali bir qarorga kelganim yo‘q. Yangi jamoam tez kunlarda aniq bo‘lib qoladi. Hozir muzokaralar jarayoni davom etyapti.
- Yana xorida to‘p surmoqchimisiz yoki yurtimizda qolish haqida o‘ylayapsizmi?
- Yashirmayman, xorijdan 2-3 ta takliflar bor. Ularni ko‘rib chiqyapmiz. Agar har tomonlama qoniqtirsa chetda to‘p surishim mumkin. Aks holda yana o‘zimizda o‘ynayman.
- Xorijda aynan qaysi mamlakatlardan qiziqishlar bor va muzokaralar hozir qaysi bosqichda?
- Ayrim davlatlardan bo‘lyapti. Nomini aytmay turganim ma’qul. Yaqin kunlarda o‘xshab qolsa xabar topasizlar.
- Hozirda sport formangizni ushlab turish uchun qaerda shug‘ullanyapsiz?
- O‘zim shug‘ullanib turibman. Xudo xohlasa, bir necha kun ichida yangi klubim aniq bo‘lib qoladi. O‘shanda jamoamga qo‘shilaman.
- “Metallurg”ga qaytmaysizmi? Ular qaytarish harakatida emasmi?
- Qaytishim ham mumkin. Chunki aytganimdek, shartnomam bor. Hali bir qarorga kelmadik. Hammasini ko‘rib chiqyapmiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar