
Odil Ahmedov O‘zMUda o‘z futbol akademiyasini ochdi
Bugun mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkil etish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimiz sportchilarining Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e’tibori va sport salohiyati yanada oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, talaba-yoshlar o‘rtasida «Univertsiada» sport o‘yinlari ommalashib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.
2020 yil 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolangan edi. Mazkur hujjatga asosan, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilab berildi.
Mamlakat rahbarining Farmoniga labbay deya javob bergan O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan endilikda futbol muxlislari tilida «O‘zbek Maradonasi» nomini olgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning futbol akademiyasi o‘z faoliyatini boshlaydi.
Bugun universitet hayotida boshlanayotgan yangi tarixiy qadamni tashlash va unga rasmiy maqom berish maqsadida O‘zbekiston Milliy universitetiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyatining mudiri Bahodirjon Onorboev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Yusuf Absoatov, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Azizbek Haydarovlar tashrif buyurishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir bayramona tus oldi. Mehmonlarni universitetning turli fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar: sport turlari bo‘yicha 11 nafar jahon chempionlari, 100ga yaqin Osiyo va xalqaro musobaqalar g‘oliblari kutib olishdi.
Chinakam sport bayramiga aylanib ketgan tadbir «Sportchi va yoshlar» ochiq muloqoti ham qizg‘in bahs-munozara, taklif va mulohazalarga boy bo‘ldi.
Anglashuv memorandumi oldidan so‘zga chiqqan sportchi - "Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida universitetimiz tarbiyalanuvchilari bo‘lishini istayman. Bu har qanday puldan ham qimmat turadi. Asosiysi, biz qobiliyatli o‘yinchilarga diqqatni qaratmoqchimiz. Bilasizmi, yosh futbolchilar uchun asosiysi – bu bor kuch-g‘ayratini ayamaydigan ustoz. Afsuski, hozir bunday ustozlar kam. Bugungi kunda ko‘plab trenerlar bolalarga to‘p berib qo‘yib, shu bilan pul ishlamoqda. Shuning uchun ham biz akademiyaga tajribali chet ellik mutaxassislarni taklif qilmoqchimiz. Chet ellik mutaxassislar o‘z tajribalarini yoshlar bilan baham ko‘rishadi. Bundan tashqari, bizning ham yosh mutaxassislarimiz boshqa mamlakatlarga borib tajriba orttirishlari mumkin. Menimcha, shunday yo‘l bilan kerakli natijaga erishish mumkin", — dedi Odil Ahmedov.
Fikrlar