O‘FAda ayollar futboliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qanday masalalar ko‘rildi?

  • 14 oktabr, 2021, 06:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kun tartibiga ko‘ra, yig‘ilish avvalida tadbir ishtirokchilariga qo‘mitaning yangi raisi, uning o‘rinbosarlari va tarkibi tanishtirildi. Shundan keyin 2021 yilda ayollar futbolida amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Xotin-qizlarimiz o‘rtasida futbolni ommaviyligini oshirish, ushbu sport turi bilan shug‘ullanayotgan qizlarga zamonaviy imkoniyatlar asosida sharoitlar yaratib berish, ularni turli toifalardagi xalqaro musobaqalarga tayyorlash borasida suhbatlashildi.

ayollar1

Yig‘ilishda barcha jamoalarning oldiga aniq maqsadlar qo‘yildi. Xususan, Parijda o‘tkaziladigan 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlariga chiqish va keyingi jahon chempionatlarida qatnashish, barcha yosh toifasidagi jamoalarning nufuzli xalqaro turnirlarda ishtirok etishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, U15, U17, U20 ayollar terma jamoasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

ayollar2

Shuningdek, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ayollar futbolini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish borasida qo‘mita a’zolari va yig‘ilganlar bilan fikr almashdi. Ushbu yo‘nalishga malakali mutaxassislar, shifokorlar va sport psixologlarini jalb qilish orqali oldinda turgan OFK va FIFA musobaqalariga yangicha ruhda tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidladi.

Keyingi yildan boshlab klublar oldiga ayollar futboli uchun qancha mablag‘ ajratilishini taqdim etish vazifasi yuklatilishi ma’lum qilindi. Futbolchilik faoliyatini yakunlagan ayollarga O‘FA qoshidagi futbol mutaxassislarini tayyorlash markazining 7 ta yo‘nalishlaridan birida o‘qish imkoni taqdim etiladi. Bundan tashqari, bir qator mutaxassislarni O‘FA hisobidan pro litsenziyasiga o‘qitish taklifi ilgari surildi.

ayollar3

O‘z o‘rnida murabbiylar so‘z olib, sohadagi echimini kutib turgan masalalarni muhokama qildilar. Tadbirda ishtirok etgan terma jamoa vakilalari bugungi kunda futbolchilar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar avvalgidan katta farq qilayotgani, bu ayniqsa, o‘quv yig‘ini payti sezilganini ta’kidladilar. Jamoa sardori Saida Galimova buning uchun barcha futbolchilar nomidan O‘FAga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

O‘FA matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!