Olise uchun kurashga yangi grand qo‘shildi
Myunxenning «Bavariya» jamoasida yorqin oʻyini bilan nom qozongan vinger Maykl Olisega Londonning «Arsenal» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqida Fichajes nashri xabar berdi.
Manba maʼlumotiga koʻra, «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta fransuz futbolchisini oʻz jamoasida koʻrishni istamoqda. Uning rejalariga koʻra, agar transfer amalga oshsa, Olise «Arsenal» hujumida markaziy oʻrin tutadigan asosiy figuraga aylanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 24 yoshli vinger oʻyini «Real», «PSJ» va «Liverpul» skautlari ham kuzatishni davom ettirmoqda.
Xabarda taʼkidlanishicha, «Bavariya» Olise bilan shartnomani uzaytirish va uning maoshini sezilarli darajada oshirish niyatida. Biroq tomonlar kelishuvga erisha olmasa, 2027 yil yozida «Arsenal» futbolchini qoʻlga kiritish boʻyicha faol harakat boshlashi mumkin.
Joriy mavsumda Olise barcha musobaqalar doirasida toʻqqiz oʻyinda maydonga tushib, sakkizta gol urdi va toʻrtta golli uzatma muallifi boʻldi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 180 million yevro atrofida baholamoqda.

Fikrlar