“Oltin butsa-2021”. "Top-10"dan kimlar o‘rin oldi?

  • 25 may, 2021, 15:10
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Dunyo futboli, ayniqsa, Evropa mavsumni yuqori notada o‘tkazgan futbolchi va murabbiylarni taqdirlashni xush ko‘radi. Futbol olami vakillari yutishi mumkin bo‘lgan juda ko‘plab individual sovrinlar bor. Ammo ularning barchasi ham katta ahamiyat kasb etmaydi. Ba’zilarini qo‘lga kiritishni esa futbolchilar bolaligidayoq orzu qila boshlaydi. Evropada mavsumning eng yaxshi to‘purarlariga taqdim etiluvchi “Oltin butsa” sovrini ham yuqori darajali mukofotlar qatoriga kiradi. Uni qo‘lga kiritish uchun hujumchilar top-chempionatlarda iloji boricha ko‘proq gollar urishga intiladi. 

Bugungi kunga kelib, Evropaning deyarli barcha chempionatlarida mavsum yakunlanib ulgurdi va mana endi to‘purarlar poygasi yakunlari haqida so‘z yuritishimiz mumkin. Keling, "top-10"lik bilan tanishib chiqamiz. 

10. Xarri Keyn (“Tottenxem”) - 23 ta gol (46 ochko) 

Ha, Premer-liganing joriy mavsumdagi to‘purari 10-o‘rinda va biz Xarridan keyin APL haqida gapirmaymiz. “Shporlar” etakchisi jamoasidan farqli ravishda juda omadli mavsumni o‘tkazdi va o‘z sovrinlar peshtaxtasini “APL-2020/2021” “Oltin butsa”si bilan to‘ldirib qo‘ydi. 

Uning ushbu yozda boshqa jamoaga o‘tishi haqidagi gapso‘zlar bot-bot takrorlanmoqda. Shuningdek, futbolchining o‘zi ham hech bir chiqishida bu tipdagi savollarga javob bermayapti. “Tottenxem”ga hurmatni saqlagan holda shuni aytishimiz kerakki, eng kuchga to‘lgan vaqtida Keyn sovrinlar yutish uchun omadini boshqa grand jamoa safida sinab ko‘rishi normal holat. Deniel Levining klubdan ketishini kutgan taqdirda, Keynning sariq sochlari oqara boshlashi mumkin.

4451

9. Karim Benzema (“Real”) - 23 ta gol (46 ochko)

“Real”ning ushbu mavsumdagi so‘zsiz eng yaxshi futbolchisi. Karimni joriy mavsumda yana bir karra o‘zimiz uchun kashf etdik, deb aytsak bo‘ladi. Ha, uning etakchilik qobiliyati jamoasiga titul olib berish uchun etmadi. Ammo deyarli barcha musobaqalarda “Qirollik klubi” o‘z statusiga dog‘ tushirmaydigan holatda mavsumni yakunladi. 

Frantsiya terma jamoasining yana Benzemaning elektron pochtasini qidirib qolgani ham shundan. O‘zi Gretsiyaning “Olimpiakos”ida yurgan Valbuena masalasini deb, frantsuzlar bu kabi futbolchining xizmatlaridan ortiq voz kecha olmas edilar.

1312113270

8. Xerard Moreno (“Vilyarreal”) - 23 ta gol (46 ochko)

Sizga ham mana shu futbolchi David Vilyani eslatadimi? Ularning hujumchilik xarakterlarida o‘xshashlik sezaman. Ha, ikkisi ham butun dunyoni o‘ziga qarata oladigan darajadagi katta yulduz emas, ammo maydonda qarshingizda turar ekan, undan xavf kutmaslik xato bo‘ladi. 

Ispaniya terma jamoasining asosiy hujumchilaridan biri “Evro-2020”da ham o‘zini ko‘rsatsa, ehtimol, uni kelgusi mavsumning o‘zidayoq boshqa bir grand klub safida ko‘rarmiz. Unga qiziquvchilar ko‘pligini bilasiz-ku?!

1568626796_827839_1568626858_noticia_normal

7. Romelu Lukaku (“Inter”) - 24 ta gol (48 ochko)

Belgiyalik gigant uchun u qadar maqtanarli vaziyat emas, to‘g‘ri. Ammo u jamoasi bilan, vanihoyat, Skudettoni yutdi. “Yuventus”ning chempionlik seriyasiga barham berdi. U kerakli 24 ta golni urdi. Birozdan so‘ng, 29 ta gol urib, 4-o‘rinda qolib ketgan bir buyuk futbolchi haqida gaplashamiz. Undan ko‘ra, Romelu kattaroq narsaga erishdi, nazarimda. 

FC-Internazionale--v-SS-Lazio---Serie-A-7cd42f3b9c262ed8255186cedb51877a

6. Kilian Mbappe (PSJ) - 26 ta gol (52 ochko) 

Frantsiya chempionati boy berildi, EChL yarim finali to‘xtash joyiga aylandi, mamlakat kubogi esa shunchaki ovunchoq rolida. Kilian mavsum davomida barqaror futbol ko‘rsatgan yagona futbolchi bo‘lgandek ko‘rindi. Maurisio Pochettino yarim mavsum ichida ko‘p narsalarni o‘zgartira olmadi. 

Mbappega tushayotgan takliflar haqida gapirib, boshqa bir maqolani ham to‘ldirish mumkin. Balki, u ham Parijdagi sarguzashtlarini tugatish maqsadidadir…

https___therealchamps.com_wp-content_uploads_getty-images_2018_08_1230171123-850x560

5. Erling Xoland (“Borussiya” Dortmund) - 27 ta gol (54 ochko)

Xolandni ovutishi mumkin bo‘lgan yagona narsa - uning Mbappedan oldingi o‘rinda mavsumni tugatgani bo‘lsa kerak. Kubokda g‘alaba qozonildi, to‘g‘ri, ammo Bundesligada bronza medallar bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. 

Norvegiyalikni qo‘lga kiritish uchun katta klublar jiddiy ishga kirishgan. Taxminimizcha, u kelgusi mavsumni qaerda o‘tkazishini Evropa chempionatidan keyin hal qiladi. 

bvb_wob_2021_haaland_190

4. Andre Silva (“Ayntraxt”) - 28 ta gol (56 ochko) 

Portugaliyalik sayyoh ushbu mavsumda o‘z faoliyatidagi eng sermahsul yilni o‘tkazdi. Cho‘kayotgan frankfurtliklarning qutilib qolishida Andre urgan gollar muhim rol o‘ynadi. Mavsum avvalida ancha qiyin ahvolda qolib ketgan jamoa qishki transferlar oynasida faol bo‘ldi va kerakli futbolchilarni olib keldi. Natijada, ular 5-o‘rinda ligani yakunlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Ularda EChL yo‘llanmasini yutish imkoniyati ham bor edi. Biroz omad etishmadi. 

Silva esa takliflarga qaramasdan, Frankfurtdagi baxtli hayotini davom ettirishi kerak. Grand klublarda yana omadi chopmay qolishi mumkin. 

gettyimages-1232221855-594x594-1

3. Krishtianu Ronaldu (“Yuventus”) - 29 ta gol (58 ochko)

Ronaldu uchun ushbu mavsum o‘ta omadsiz kechdi. Omadsiz mavsumda ham 29 ta gol uribdi-ku, deysizmi?! Bu Krish uchun hech qanday quvonarli holat emas. Ha, u "top-5" chempionatlarning 3 tasida to‘purarlikni qo‘lga kiritgan birinchi futbolchiga aylandi. Ammo klubi bilan 4-o‘rinda qolib ketdi. UEFA Chempionlar Ligasini “Portu”ga uchralgan mag‘lubiyat sababli juda erta tark etdi. Kubokdagi g‘alaba esa bularga to‘liq malham bo‘la oladigan xursandchilik emas. Individual sovrinlar uchun ham portugaliyalik tirik afsonada imkoniyat hozircha yo‘q!

1232269483

2. Lionel Messi (“Barselona”) - 30 ta gol (60 ochko)

Mavsum avvalidagi mashmashalar va ketish kayfiyati sabab o‘yinida pastlash kuzatilgan Leo shu holda ham raqiblari darvozasiga 30 ta golni qalashtirib tashlabdi. Uning Ronaldu bilan omadsizliklari ham yonma-yon yuradi. Bugun bizga shiddatli qarama-qarshilikka to‘la dekada va hatto undan ham ko‘prog‘ini taqdim etgan ushbu ikki yigit endi futbol qariyalari qatoriga qo‘shilmoqdalar. Vaqt oliy hakam: yaqindagina “Xetafe” darvozasiga barchani aldab o‘tib gol urgan 19 yoshli bolakayni bugun futboldan kuzatib qo‘yishga tayyorlanmoqdamiz. 

 

1316000036

1. Robert Levandovski (“Bavariya”) - 41 ta gol (82 ochko)

Robert joriy mavsumda ham to‘purarlik bobida hech kimga imkon qoldirmadi. U jarohatlar sabab bir qator o‘yinlarni o‘tkazib yuborganiga qaramay, yakunda raqiblaridan katta ustunlik bilan o‘zib ketdi. Bundesliga darajasi haqidagi gaplarni bir chetga surib qo‘yaversangiz ham bo‘ladi. Sababi, qolganlar kabi polshalikda 38 ta turda maydonga tushish imkoniyati mavjud emas. 

Ushbu mavsumda unga munosib raqobatchining topilmagani ham to‘purarlikni Robert qo‘lga kiritishida asosiy sabab bo‘ldi. Qolgan yulduzlar o‘z muammolari bilan o‘ralashib yurgan bir paytda u kerakli gollar va ochkolarni yig‘ib qo‘ygandi. 

lewandowski-fcb

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!