
"Oltin butsa". Levandovski Ronaldu va Messining o‘n yillik gegemonligini sindirmoqda
“Bavariya”ning eng zo‘r hujumchisi Robert Levandovski 29-tur uchrashuvida “Fortuna” darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, joriy mavsumdagi gollari sonini 29 taga etkazdi. Bu ko‘rsatkichni qayd etish uchun polshalik forvad 27 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Bundan tashqari, Bundesliga ishtirokchilari orasida Levandovski gol urmagan jamoa qolmadi.
“Fortuna” darvozasidan joy olgan mazkur ikki gol Levandovskini kuchli beshlik mamlakatlari chempionatlari to‘purarlari bahsida birinchi o‘ringa olib chiqdi. Shu orqali Robert Evropa milliy ligalarida gol urish bo‘yicha eng ko‘p ochko jamg‘argan futbolchiga beriladigan “Oltin butsa”ga asosiy da’vogarga aylandi.
“Oltin butsa” sovrini UEFAga a’zo mamlakatlarning bir mavsumdagi eng zo‘r to‘purariga beriladi. G‘olib kiritilgan gollar sonini chempionat koeffitsentiga ko‘paytirish orqali aniqlanadi. 1997 yildan buyon amal qilayotgan ushbu qoidaga ko‘ra, kuchli beshlik chempionatlarida har bir kiritilgan gol uchun ikki ochko taqdim qilinadi. Chempionatlar reytingida 6-o‘rindan 21-pog‘onagacha joylashgan ligalarda har bir gol 1,5 ochko keltiradi. Qolgan chempionatlarda bir gol bir ochko beriladi. Yakunda eng ko‘p ochko jamg‘argan to‘purarga “Oltin butsa” sovrini topshiriladi.
2010 yildan buyon bu sovrin faqat uch futbolchi – Lionel Messi, Luis Suares va Krishtianu Ronalduga nasib qilmoqda.
Joriy mavsumda ham Messi va Ronaldu bosh sovringa da’vogarlar qatoridan joy olgan. Lekin Messi ham, Ronaldu ham bu yil Levandovskidan ancha ortda qolib ketdi.
“Oltin butsa” reytingi bilan tanishing:
- Robert Levandovski («Bavariya») — 29 golov (58 ochko)
- Chiro Immobile («Latsio») — 27 (54)
- Timo Verner («RB Leyptsig») — 24 (48)
- Erling Xoland («Borussiya») — 26 (44)
- Krishtianu Ronaldu («Yuventus») — 21 (42)
- Lionel Messi («Barselona») — 19 (38)
- Djeymi Vardi («Lester Siti») — 19 (38)
- Kilian Mbappe («Pari Sen-Jermen») — 18 (36)
- Vissam Ben-Yedder («Monako») — 18 (36)
- Romelu Lukaku («Inter») — 17 (34)
Fikrlar