
O‘runov o‘yinga tayyor va Koreyaga yo‘l oladi!
“Spartak” klubi bilan shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, Rossiya premer-ligasining boshqa vakili “Ural” safiga ko‘chib o‘tgan Oston O‘runov yangi jamoasida ilk mashg‘ulotini o‘tkazdi.
O‘zbekistonlik legioner “Ural”dagi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
- Taassurotlarim a’lo. To‘g‘risi, men hali bu erda hech kimni tanimayman. Lekin jamoaning ichki muhiti ajoyib ekani bilinib turibdi. “Ural” barqaror jamoa.
Ekaterinburgning stadioni yaxshi, muxlislari zo‘r.
Lekin hozir jamoaog‘ir vaziyatda. Lekin hammasini o‘nglay olishimizga umid qilaman.
Bir yarim oy mobaynida individual tarzda shug‘ullandim. “Torpedo” bilan o‘yinga bir haftadan kamroq vaqt qoldi. O‘yingacha tayyor bo‘laman, - dedi Oston O‘runov.
“Ural” rahbariyati o‘zbekistonlik legioner bilan 2024 yilning 30 iyuniga qadar shartnoma imzoladi. Kelajakda bu hamkorlik yanada uzaytirilishi mumkin.
Hozircha, ekaterinburgliklar sakkizinchi turdan so‘ng, bir ochko bilan so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan. “Ural” navbatdagi uchrashuvni 11 sentyabr kuni o‘z maydonida o‘tkazadi. Raqib liga debyutanti “Torpedo”. Moskvaning bu klubi ham sakkizta uchrashuvda bir ochko to‘plab, autsayderlar qatorida bormoqda.
Ayni paytda premer-ligada hali g‘alaba nashidasini surmagan uchta jamoa – “Fakel”, “Ural” va “Torpedo” qoldi.
“Ural” va “Torpedo” o‘zaro to‘qnash keladigan bahsda Oston O‘runov yangi mavsum va yangi jamoasidagi debyut uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda. Bu uchrashuv Rossiyadagi o‘zbek derbisi hisoblanadi. Chunki moskvaliklar safida yana bir legionerimiz – Hojimat Erkinov faoliyat olib bormoqda.
21 yoshli Oston O‘runov O‘zbekiston milliy terma jamoasidan ham chaqiruv oldi. Srechko Katanets shogirlari navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 19 – 28 sentyabr kunlari Janubiy Koreyada o‘tkazadi. Ushbu yig‘in doirasida ikkita xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etiladi.
Bu gal kuchli raqiblar tanlandi. Har ikki terma jamoa joriy yil oxirida Qatarda bo‘ladigan jahon chempionati ishtirokchilaridan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi birinchi o‘rtoqlik bahsini 23 sentyabr kuni Afrika qit’asi vakili Kamerunga qarshi o‘tkazadi.
27 sentyabrda futbolchilarimizga umuman boshqa futbol namoyish qiladigan olis o‘lka – Kosta-Rika terma jamoasi raqiblik qiladi.
Oston O‘runovni “Paxtakor” klubi tarbiyalangan. Professional futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllangan. Keyinchalik Toshkentning “Lokomotiv” klubida to‘p tepdi va aynan “temiryo‘lchilar” safida Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. Legioner sifatida “Ufa” va “Spartak” jamoalarida o‘ynadi.
O‘runov klublar maqyosida jami 111 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va beshta assist rasmiylashtirgan. Bu futbolchi maydon markazi, har ikki qanot va hujumchi ortida o‘ynay oladigan universal ijrochi hisoblanadi.
Oston 2019 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasidan joy olib kelmoqda. Hozircha, 21 yoshli futbolchimiz ettita uchrashuvda bitta to‘p kiritgan.
Fikrlar