
Osiyo kubogi uchun kurashga kirishayotgan O‘zbekiston U-23 haqida qiziqarli faktlar...
15 aprel kuni Qatarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi boshlayo di. Bu turnir aslida 2016 yili yo‘lga qo‘yilgan. Ungacha Osiyo futbol konfederatsiyasi 22 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida qit’a birinchiligini o‘tkazib kelgan.
OFK qaroriga ko‘ra, bu musobaqa Olimpiya o‘yinlari saralash turniriga aylantirildi va ishtirokchilar yoshi ham ko‘tarildi.
23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar qatnashgan 2016 yildagi Osiyo kubogiga ham Qatar mezbonlik qilgan va o‘sha musobaqada hamyurtlarimiz guruhdan chiqa olmagan va tabiiyki, “Rio-2016” olimpiadasiga ham yo‘llanma ololmagan.
Ikki yildan keyin Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi qit’a chempionligini qo‘lga kiritgan.
Sports.uz portali 2024 yili Frantsiyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini o‘taydigan bu galgi Osiyo kubogi oldidan o‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tiboriga tarixiy va qiziqarli faktlarni havola etadi.
Beshta turnir, beshta chempion
Hali bu musobaqada hech bir jamoaga ketma-ket ikki marotaba g‘olib bo‘lish nasib qilmagan. Hozircha, Iroq, Yaponiya, O‘zbekiston, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bir martadan chempion bo‘lgan. Bu galgi chempionatda Timur Kapadze shogirdlaridan hali hech kim uddalay olmagan ish – ikkinchi marta Osiyo kubogini qo‘lga kiritishni kutib qolamiz.
Bizni Saudiya Arabistoni to‘xtatgan edi...
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ikki yil muqaddam Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo kubogida ikkinchi bor chempion bo‘lishga juda yaqin kelgan edi. Biroq futbolchilarimiz finalda saudiyaliklarga 0:2 hisobida yutqazib, bu imkoniyatni qo‘ldan chiqargan.
Saudiya Arabistoni futbolchilari uchinchi urinishda bosh sovringa ega chiqdi. Ular avval finalda Iroq va Janubiy Koreya terma jamoalariga yutqazgan.
Yana Qatarga qaytib...
Osiyoning futbol markaziga aylangan Qatar yana yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligini qabul qilmoqda. Qatar bu turnirga ikki marta mezbonlik qilgan birinchi mamlakat sifatida tarixda qoladi. O‘mon, Xitoy, Tailand va O‘zbekiston bir marotabadan qit’a yoshlarini o‘zida jamlagan.
Doimiy ishtirokchilar
Osiyoning etti mamlakati futbolchilari yoshlar o‘rtasidagi qit’a chempionatida uzluksiz ishtirok etib kelmoqda. Shu paytgacha o‘tkazilgan turnirlarda Avstraliya, Iroq, Yaponiya, Iordaniya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston futbolchilari qatnashgan edi. Bu terma jamoalar 2024 yilgi musobaqada ham g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
O‘zbekiston e’tiborni tortmoqda
O‘zbekiston so‘nggi uchta musobaqada g‘oliblikka da’vogarlik qilgani bilan muxlisu mutaxassislar e’tibori va e’tirofini qozondi. Bu turnirlarda O‘zbek futbolchilari bir martadan to‘rtinchi, ikkinchi va birinchi o‘rinlarni egallagan.
Maqsad – Olimpiada yo‘llanmasi
Osiyo kubogida dastlabki uchta o‘rinni egallagan terma jamoalar Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. To‘rtinchi o‘rin sohibi Afrika qit’a vakili – Gvineya yoshlar terma jamoasi bilan pley-offda to‘qnash keladi.
O‘zbekistonlik futbolchilar Qatardagi dastlabki uchrashuvini 17 aprel kuni Malayziya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Guruhdagi ikkinchi o‘yin 20 aprelda Kuvayt bilan bo‘ladi. Terma jamoamiz vakillari 23 aprelga belgilangan guruhdagi uchinchi uchrashuvda vetnamlik charm to‘p ustalariga qarshi saf tortadi.
Shomurodovga imkon berilmayapti
Hasanboy Do‘smatov “dahshatli” reytingda birinchi!
Madrimovni mashhur bokschi ringga chaqiryapti. U Isroilning chempionlik kamariga ko‘z tikdi
Fikrlar