"Ota-onasi Hojimat Erkinovga juda yaxshi tarbiya bergan, u o‘ta tezkor, O‘zbekistondan taklif bo‘lsa muhokama qilamiz". Rossiyalik Aleksandr Borodyuk SPORTS.UZ uchun intervyu berdi

  • 21 dekabr, 2022, 18:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiyalik ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri Aleksandr Borodyuk ham o‘zbek muxlislariga yaxshi tanish. Ayniqsa, yoshi ulug‘ ishqibozlar u haqida ko‘proq ma’lumotlarga egalar. O‘z vaqtida Gus Xiddink hamda Dik Advokat bilan Rossiya terma jamoasida birga ishlagan.

Tecno

Uning oxirgi ish joyi Moskvaning “Torpedo” klubi edi. Jamoani quyi diviziondan premer-ligaga olib chiqqani yodingizda bo‘lsa kerak. Mavsum avvalida o‘z jamoasiga “Paxtakor”dan Hojimat Erkinovni transfer qilishgandi va bunda Borodyukning ham hissasi bor edi.

Biroq Aleksandr Genrixovich natijalar ijobiy ko‘rinish olmagach, iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. O‘zbek futbolidan ham yaxshi xabardor bo‘lgan murabbiy hozircha biror klubda ish boshlagani yo‘q. Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Borodyuk bilan aloqaga chiqdi.

- Aleksandr Genrixovich, jahon chempionatining finali mana shunday kechishi mumkinligini kutganmidingiz? Sizda qanday taassurotlar qoldi?

- Ha, bu juda munosib final bo‘ldi. Ikkala jamoa o‘zining eng yaxshi jihatlarini namoyish etdi. Final juda ajoyib ruhda o‘tdi.

borodyuk9

- Argentina terma jamoasining chempion bo‘lishi mumkinligini kutganmidingiz?

- Finalda kim yutishi mumkinligini oldindan taxmin qilish o‘ta qiyin ish. Ikkala jamoa o‘zining yaxshi jihatlarini ko‘rsatib, qoyilmaqom futbol namoyish etdi. Bundan faqat futbol yutadi xolos. Shuning uchun ham uni hamma yaxshi ko‘radi.

- Go‘yoki, Rossiya futbolining Osiyo Konfederatsiyasiga o‘tishi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Bunday masalaga qanday qaraysiz?

- Bularning bari mish-mishlar xolos. Izohlaydigan biror narsa yo‘q. Hammasi mish-mish. Bu borada masalani izohlash niyatida emasman.

borodyuk5

- Yaqinda Rossiya terma jamoasi O‘zbekistonga qarshi o‘ynadi. O‘sha uchrashuvdan sizda qanday taassurotlar qoldi? Bu o‘yindan ko‘proq kim yutdi?

- Avvalo, ikkala futbol federatsiyasining o‘zaro uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgani bu juda yaxshi holat. O‘z navbatida o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuv yaxshi o‘tdi. Uni tomosha qilish uchun muxlislar tashrif buyurishdi. Yana shuni aniq ayta olamanki, bundan faqat futbol yutdi. Mana shunday maqomdagi uchrashuvlar kerak. Tashkiliy tomondan ham hammasi yaxshi o‘tib, uchrashuvni ko‘plab tomoshabinlar bevosita stadionda kuzatishdi. Bundan esa yana takrorlayman, faqat futbol yutadi.

- “Torpedo” futbol klubini birinchi ligadan premer-ligaga olib chiqdingiz. Ammo jamoaning natijalari kutilgan narsani bermadi. Shu bois mavsum startidagi omadsizliklardan keyin “Torpedo”dan ketishga majbur bo‘ldingiz.

- Keling, bu mavzuda gaplashmay qo‘ya qolaylik. Istamayman.

borodyuk2

- Yaxshi. Unda ayting-chi, hamyurtimiz Hojimat Erkinovning potentsialini qanday baholaysiz? U Rossiya futbolida o‘z so‘zini ayta olishi mumkinmi?

- Birinchidan, u juda ham iqtidorli yigit. Ikkinchidan, o‘ta tarbiyali, insoniy jihatdan olib qaraganda ham. Otan-onasi Hojimatga juda yaxshi tarbiya berganlari shundoq sezilib turadi. Men unga rus futbolida o‘zining bor potentsialini namoyish etishini tilab qolaman. Vaholanki, unda juda yaxshi imkoniyat bor. Erkinov o‘ta tezkor, texnik jihatdan ham yaxshi futbolchidir. Eng asosiysi, u qobiliyatli. Mehnat bilan iqtidor birgalikda jamlansa o‘yinchidan ko‘p narsa kutsa bo‘ladi. Erkinovda mahorat ham, mehnatsevarlik ham bor. Unga faqat eng yaxshi tilaklarni bildirib qolaman.

- Agar sir bo‘lmasa, sizda takliflar bormi? Mabodo, mana shunday taklif O‘zbekistondan kelib tushsa, qabul qilasizmi?

- Agar taklif bo‘lsa, uni muhokama qilamiz. Yana takrorlayman, taklif kelsa, shu masalada gaplashaveramiz.

borodyuk7

- Demak, siz bunga tayyorsiz?!

- Albatta, bunga tayyorman. Murabbiy doim ishlamog‘i kerak.

- O‘zbekistonda siz uchun eng sevimli o‘yinchingiz kim?

- Men eng sevimli demagan bo‘lardim. Ammo Mirjalol Qosimovni hurmat qilaman. Biz birgalikda Samaraning “Krilya Sovetov” klubida o‘ynaganmiz. U futbolchi sifatida ajoyib ijrochi va o‘ta yaxshi insondir. Men Mirjalolga faqat eng yaxshi tilaklarimni va doim salomat bo‘lishini istab qolaman.

borodyuk8

- Qosimovning bugungi kunda AGMK klubini boshqarayotganidan xabaringiz bormi?

- Ha, buni bilaman va unga klub bilan birgalikda yaxshi natijalar qayd etishida, O‘zbekiston chempionatini yutishini istagan bo‘lardim.

- Oxirgi savol: O‘zbekistonda yaqin do‘stlaringiz bormi va bizning chempionatni kuzatib borasizmi?

- Chempionatingiz juda qiziqarli. Shu sababdan ham gohida terma jamoangiz qanday o‘ynayotganligini tomosha qilib turaman. Ilgari futbolchilik davrimda “Paxtakor”ga qarshi ko‘p bor maydonga tushganman. O‘sha jamoada tanish-bilishlar orttirib, ko‘pchiligi bilan do‘stlashib qolganman. Jamoangizda juda yaxshi, ajoyib futbolchilar to‘p surganlar. Endilikda o‘sha sobiq futbolchilarga faqat yaxshi tilaklarni bildirib qolaman!

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
21/12/2022 19:42
Хожимат эркиновга омад тилайман умрига рискига оллох барака берсин
&
Socceruzb
21/12/2022 22:57
Шуҳратбек Жўраев илтимос, сал ақлни ишлатинг, Россиялик мутахассислар ҳеч қачон Ўзбекистон чемпионатини кузатмайди. Уларни бунга вақтиям истагиям йўқ.