
O‘yin qahramoniga aylangan Qahramonov yoxud golini kimga bag‘ishladi? 2-o‘rinni egallagan "So‘g‘diyona"ga qanday bonus beriladi?
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi bu yilgi mavsumni kutilganidan yaxshiroq natija bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, hammasi oxirgi turda va so‘nggi soniyalarda hal etilgani esa medallar uchun kurashdagi intrigani saqlab turdi.
Jizzaxliklar Olmaliqda AGMKga qarshi bahsda oltinga teng g‘alabaga erishdi. Mezbonlar ham ikkinchi o‘rin uchun kurashayotgandi. Biroq “So‘g‘diyona”ga omad kulib boqdi.
Oxirgi daqiqada hakam tomonidan belgilangan penaltini Javohir Qahramonov golga aylantirib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi va shu tariqa “So‘g‘diyona” klubi 29 yildan keyin ikkinchi bor kumush medalga sazovor bo‘ldi.
“So‘g‘diyona”ning AGMKga qarshi unutilmas o‘yinidan keyin qahramonga aylangan Qahramonov Sports.uz saytiga o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “So‘g‘diyona” uchun tarixiy o‘yin bo‘ldi. Uchrashuv bitta golgacha kechishi taxmin qilingandi va shunday ham bo‘ldi. Bahs borasida nimalarni ayta olasiz?
- Bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. AGMKni ham yaxshi jamoa ekanini bilardik. Faqat uch kun oldin ular Kubok yarim finalida o‘ynagani uchun charchashganini ham sezib turgandik. 60-70-daqiqadan keyin gol urish rejamizda bor edi. O‘z maqsadimizga erishdik. Albatta, omadga ham bog‘liq. AGMK ham shuncha imkoniyatlardan foydalana olmadi. Xudoga shukr, biz oxirida gol urdik.
- Uchrashuvdan avval Ulug‘bek Baqoevning sizlarga bergan ko‘rsatmasi qanday bo‘lgandi? G‘alaba yaqqol omad tufayli qo‘lga kiritildimi yoki...
- Omadga ham bog‘liq bo‘lganini boya aytdim. Albatta, murabbiy ham bizni bu o‘yinga yaxshi tayyorlay oldi. Sabr qilinglar, chidanglar, oxirigacha kurashinglar, Xudo xohlasa gol uramiz, deb bizni ishontirdi va ruhimizni ko‘tardi. Hammasi mehnatimiz tufayli bo‘ldi.
- Hal qiluvchi vaziyatda penaltidan gol urdingiz. 11 metrlik jarima zarbasini bajarishdan avval sizda bosim kattamidi? Agar gol ura olmasangiz “So‘g‘diyona” ikkinchi o‘rindan quruq qolardi. Aslida ham penaltini o‘zingiz bajarishingiz oldindan ma’lum edimi?
- Bugun qizimni tug‘ilgan kuni edi. Maydonga gol uraman deb tushgandim. Penaltiga keladigan bo‘lsak, menda ishonch paydo bo‘ldi. Murabbiyga men tepaman deb aytdim. Ustozimiz, “bo‘ldi, ishonsang o‘zing tepaver” dedi. Urgan golimni qizimni tug‘ilgan kuniga bag‘ishlayman.
- “So‘g‘diyona” oxirgi turdagina ikkinchi o‘rinni naqd qildi. Ayting-chi, kumush medal uchun rahbariyat tarafidan sizlarga qanday bonuslar va’da qilingan?
- Bonusga keladigan bo‘lsak, xo‘jayin bonus bor deb aytgan. Menimcha, yangi yildan avval banket bo‘ladi. O‘shanda qanaqa bonusligini bilamiz. Hozircha bilmaymiz.
- Mavsum boshida “So‘g‘diyona”ning yakunda ikkinchi o‘rinni egallashiga qay tariqa ishongandinglar? O‘zi klub oldiga qo‘yilgan vazifa qanday edi?
- Mavsum boshida kuchli uchtalikka kirish vazifasi qo‘yilgandi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, formamizni orqasida ham medallarni rasmi bor. Kuchli uchtalikka kirishni niyat qilgandik. Xudoga shukr, biz ikkinchi o‘rinni oldik.
- Chempionat tugadi, shartomangiz ham oxirlab qolyapti. Keyingi rejangiz qanday? “So‘g‘diyona”da qolmoqchimisiz yoki muhitni o‘zgartirasizmi?
- Buni hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Mana, mavsumni tugatib oldik. Endi oilam bilan dam olaman. Yangi yildan keyin hal qilaman. Hozircha barchasi 50x50.
- “So‘g‘diyona”da Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu siz uchun ham orzu edi va bunga yaqin turibsiz...
- Ha, to‘g‘ri. Bu hammaning orzusi bo‘lsa kerak. Agar klubda qolsak, nufuzli musobaqada ham munosib qatnashishga va guruh bosqichiga chiqishga harakat qilamiz. Hammasi Xudodan.
Fikrlar