
O‘zbek klublari Superliga yangi mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rdi? (2-qism)
Maqolamizning birinchi qismida Superliga o‘tgan mavsumida kuchli to‘rtlikdan o‘rin olgan jamoalar haqida fikr yuritgan edik. Ulardan ba’zilarini bu safar ham bosh sovrin uchun asosiy da’vogarlar qatorida tilga olgan bo‘lsak, ayrimlarini hozirgi o‘rnini saqlab qolishga ham qiynalishini taxmin qildik. Bugun suhbatimiz markazida bo‘lishi kutilayotgan klublarni esa, na medallar taqdim etadigan va na quyi divizionga tushib ketadigan hududda ko‘rmadik. Hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, ular Superliganing haqiqiy o‘rtamiyona jamoalari. Biroq ular orasida bu mavsum o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan, yuqoridagi fikrni istisno qilishi mumkin bo‘lgan klublar ham yo‘q emas. Bu haqda esa maqola davomida bafurja fikr yuritamiz. Demak, so‘zni “Qo‘qon-1912”dan boshlaymiz.
“Qo‘qon-1912”
Ortda qolgan mavsumni 5-pog‘onada yakunlagan Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi qo‘qonliklar bu safar ham o‘rtamiyonalikni o‘z bo‘yniga olgandek ko‘rinmoqda. Sababi, jamoaning hozirgi tarkibini medallar uchun kurashish uchun etarli, deyish mushkul. Shu bilan bir qatorda, jamoa oldida Pro ligaga tushib ketish xavfi yo‘q. Quvondik Ro‘ziev, Botirali Ergashev kabi asosiy tarkib vakillarini qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgan klub, ular o‘rniga Asadbek Sobirjonov, Eldor Adhamov, Andrey Sidorov kabi mahalliy futbolchilarni olib keldi. Shuningdek, serbiyalik Slavko Lukich bilan ham shartnoma imzolagan Ashurmatov jamoasi istalgan grand uchun muammo tug‘dirishga qodir.
Bosh murabbiy ichki birinchilikdagi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri. Bu ham katta ustunlik berishi tabiiy. “Nasaf”, “Bunyodkor” kabi “Qo‘qon-1912” ham mavsumoldi yig‘inlarini O‘zbekistonda o‘tkazdi. Aslida, maqsadlari va byudjeti katta bo‘lmagan jamoa xorij yig‘ini uchun ulkan mablag‘ sarflashi ham mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, nazarimizda. Chet el klublari bilan nazorat uchrashuvlari o‘rniga qo‘qonliklar “Hokim kubogi”da ishtirok etdi. Ushbu turnir yarim finaliga qadar etib kelgan vodiyliklar penaltilar seriyasida “Istiqlol”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
“So‘g‘diyona”
Jizzaxliklarda ham deyarli shunday holatga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Garchi so‘nggi yillarda ancha o‘sishga erishgan bo‘lsa-da, Baqoev jamoasi hamon grandlarga raqobat tug‘dirishga qiynalyapti. Katta transferlarsiz bunga erishish mushkul. Klub yana Norxonov, Hasanov, Shayqulov kabi etakchilarga bog‘lanib qolishi ehtimoli yuqori. Boz ustiga, “So‘g‘diyona”da Superliga yulduzlarini etishtirib bergan akademiya ham yo‘q. Shunga qaramay, imkon qadar raqobat tug‘dirishga urinyotgan jizzaxliklar yaxshi "uy jamoasi" sanaladi. Mavsumoldi yig‘inlarini o‘tkazish uchun xorijga borishiga ehtiyoj tug‘ilmagan Baqoev jamoasidan o‘tgan mavsumdagi natijani kutish adolatdan bo‘lardi, nazarimizda.
“Metallurg”
Barcha o‘rtamiyona klublar singari “Metallurg” ham mavsumoldi yig‘inlarini O‘zbekistonning o‘zida o‘tkazdi. Transfer oynasida berilgan imkoniyatdan unumli foydalangan jamoa o‘z tarkibini bir necha tajribali futbolchilar bilan to‘ldirdi. Yarim mavsum legioner sifatida harakat qilib kelgan Akbar Ismatullaev, ichki chempionatda o‘zining yaxshi o‘yinlari bilan tanish bo‘lgan Ivan Nagaev kabi futbolchilar bekobodliklar safini to‘ldirdi. Shuningdek, Shahzod Nurmatov “Shaxtyor” Soligorskka ketgan Ubaydullaev o‘rnini bosish uchun AGMKdan olib kelindi. Bu mavsumda ham Shipilov shogirdlari Superliganing o‘rta pog‘onalarini band etishi kutilmoqda. Ular ko‘rsatayotgan o‘yin mazmunli va shiddatli to‘qnashuvlar tuhfa etishga qodir. Ichki chempionatga shuning o‘zi ham etarli, aslida. Biz ham kamtargina “Metallurg”dan chempionlik kutmasligimiz ayni haqiqat.
“Lokomotiv”
Bugun so‘z yuritmoqchi bo‘lgan klublarimiz orasida bu mavsum Superliga chempionligi uchun da’vogar borligini yuqorida ta’kidlagandik. Sezganingizdek, bu “Lokomotiv”. Yangi mavsumda eng katta syurpriz bo‘lishi kutilayotgan “temiryo‘lchilar” e’tirof etsa arzigulik ishlarni amalga oshirdi. Avvalo, xorijdan mutaxassis taklif etilishi va uning atrofida yaxshi darajali futbolchilardan iborat jamoa shakllantirilishi so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Timur Kapadze bilan ichki tartibni yo‘lga qo‘ya olgan jamoa yangi murabbiy qo‘l ostida yanada yuqoriroqqa parvoz qilishi mumkin. Sidiqov, Qobilov, Rashidxonov, Qodirqulov kabi saviyalik futbolchilar Superliganing istalgan klubini kuchaytirishga qodirligini hisobga olsak, yangi mavsum intrigasi juda yuqori bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Qo‘shimchasiga, eski tarkibda ham bir necha Superliga yulduzlari harakat qilardi. Ispaniyalik legioner transferini ham esdan chiqarmaslik lozim. Yarim himoyani mustahkamlash uchun jamoaga olib kelingan Bardanka ham jamoani kuchaytirishi katta ehtimol. Umumal olganda, “Loko” tarkibidagi ispanlar yurtimizga shunchaki vaqt o‘tkazish va pul orttirish uchungina kelmaganiga ishonamiz.
“Navbahor”
“Lochinlar” ham xuddi “temiryo‘lchilar” singari xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi. Tashkiliy jihatdan Superliganing eng oldi jamoalaridan biri hisoblanadigan “Navbahor” o‘tgan mavsum muxlislarini ancha ranjitdi. Albatta, bunday sharoitlarga ega klubdan 9-o‘rindan yaxshirog‘i talab qilinadi. Bir necha kun avval, o‘z taqdimot marosimini o‘tkazgan namanganliklar Quvondiq Ro‘ziev, Bahrom Abdurahimov singari Superligada o‘z nomiga ega futbolchilchilarni o‘z safiga qo‘shib olganligini rasman ma’lum qildi. Shuningdek, Nikola Tasich, Marko Putinchanin ismli legionerlar ham endi “Navbahor” libosida maydonga tushadi. Hasanov boshqaruvidagi “lochinlar” Superligada medallar uchun kurashishga qodir, nazarimizda. Buning uchun nafaqat Namanganda, balki mehmondagi uchrashuvlarda ham o‘z kuchini ko‘rsata olish talab etiladi.
Yuqorida nomi tilga olingan klublar superligamizning o‘tgan mavsumdagi o‘rtamiyona jamoalari sanaladi. Maqolamizning keyingi sonlarida ba’zi o‘rtamiyona va Superligada jon saqlab qolish uchun kurash olib boruvchi klublar haqida so‘z yuritishga harakat qilamiz. SPORTS.uz saytini kuzatishda davom eting!
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar