O‘zbekiston boks terma jamoasi yulduzli tarkibi Rossiyada “Gubernator Kubogi”da ishtirokini boshladi (Musobaqa oldidan prevyu)

  • 20 aprel, 2021, 14:58
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Hozirda yurtimizda boks sport turiga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga oshib bormoqda. Shu vaqtga qadar O‘zbekiston jahonda har doim yuqori pog‘onalar uchun kurashadigan kuchli bokschilarni etishtirib chiqarmoqda. Ana shunday yulduzli tarkibga ega bo‘lgan terma jamoa har yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladigan "A" klassdagi “Gubernator Kubogi” musobaqasida ishtirok etib kelmoqda.

Tecno

Musobaqa tarixidan

“Gubernator Kubogi” 2009 yildan boshlab, 10 ta vazn toidasida (-49 kg, -52 kg, -56 kg, -60 kg, -64 kg, -69 kg, -75 kg, -81 kg, -91 kg, +91 kg) o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu yillar davomi turnirda Olimpiya o‘yinlari chempionlari Hasanboy Do‘smatov va Evgeniy Tishenko, Olimpiada sovrindorlari Vitaliy Dunaytsev, Mixail Aloyan, bronza medal egasi va 3 karra jahon chempioni Lazaro Alvares, jahon va Evropa chempioni Muslim Gajimagomedov, Evropa chempioni Dmitriy Asanov kabi bokschilar muntazam qatnashib kelgan.

Shuningdek, jahon boks olamida o‘z nomiga ega bo‘lgan Aleksandr Povetkin, Denis Lebedov, Roy Jons kabi yulduzlar musobaqa mehmoni sifatida tashrif buyurgan.

IMG_3779

O‘tgan yili dunyo bo‘ylab avj olgan koranavirus pandemiyasi sabab, ushbu musobaqa ham o‘tkazilmadi. Mana yana bir yillik tanaffusdan so‘ng, joriy yilning 19-24 aprel kunlarida Sankt-Peterburg shahridagi “Sibur Arena ” mazkur yirik turnirni o‘zida qabul qiladi. Musobaqaga hamyurtlartlarimiz bilan bir qatorda Kuba, Qozog‘iston, Hindiston, Shotlandiya, Tailand, Niderlandiya, Marokash kabi 15 dan ortiq davlatdan eng kuchli bokschilar medallar uchun bahs olib boradi.

Vakillarimizning ushbu musobaqada qayd etgan natijalari.

O‘tgan yillar mobaynida o‘zbekistonliklar yuqori darajada ishtirok etib, eng kuchlilar safida e’tirof etilgan. Xususan, 2010 yilda terma jamoasimiz ilk bora qatnashishiga qaramasdan, -52 kgda Jasurbek Latipov, -60kgda Bobur Aytboev va -91kg vaznda Mirzohid Abdullaev bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana 3 nafar bokschimiz  - Orzubek Shoyimov (-56 kg), Qobiljon Bobojonov (-64 kg), Shuhrat Abdullaev (-75 kg) finalda imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlangan.

2017 yilga kelib, Isroil Madrimov (-75 kg) va Shunqor Abdurasulov (-60 kg) oltin, Sanjar Tursunov (-91 kg) esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

2018 yilgi janglar o‘ta shiddatli va esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 10 vazndan 9 tasida yarim finalga qadar etib borgan. Yarim final janglarida Jasurbek Latipov (-52 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg), Sanjar Tursunov (-91 kg) raqiblar to‘sig‘idan o‘ta olmagan. Final janglarida bokschilarimiz asosan mezbon bokschilarga qarshi to‘qnash keldi. -49 kg vazn toifasida Rio Olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov Bator Sagaluevga (2:3 hisobida) alamli tarzda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, -56 kgda ikki o‘zbek bokschilari Mirazizbek Mirzaxalilov va Shahobiddin Zoirov o‘zaro to‘qnash kelgandi. Shiddatli kechgan bahsda Mirzaxalilov Olimpiya o‘yinlari chempioni Zoirov ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozongan. -60 kgda Albert Batirgaziev esa Shunqor Abdurasulovni 4:1 hisobida taslim qildi.

-75 kgda finalga qadar etib kelgan Isroil Madrimov Gleb Bakshiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi 5:0. -81 kg final jangida Bektemir Meliqo‘ziev Georgiy Kushitashvilini, +91 kg vaznda Bahodir Jalolov Vladislav Muravinni mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shunday qilib, 4 oltin 3 kumush bilan O‘zbekiston jamoasi umumjamoa hisobida Rossiyadan so‘ng ikkinchi bo‘ldi.

2019 yilda medallar soni garchi kam bo‘lgan bo‘lsa-da, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edik. Finalga qadar etib kelgan 3 nafar bokschimiz Abdumalik Halakov (-56 kg), Iqboljon Xoldorov (-69 kg), Kozimbek Mardonov (-81 kg) g‘alaba qozongan va ushbu natija umumjamoa hisobida birinchilikni olib kelgan edi.

photo_2021-04-20_14-40-40

Bu galgi tarkib qanday ko‘rinish oldi?

Bu safar musobaqada ishtirok etish uchun O‘zbekiston eng kuchli charm qo‘lqob ustalari bilan jo‘nab ketdi desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Ular bilan tanishing:

-49 kg: Nodirjon Mirzahmedov – Osiyo chempioni (2019 yil).

                  Nodir

 

-52 kg: Shahobiddin Zoirov – 2 karra Osiyo chempionati (2013, 2015 yillar) va Osiyo o‘yinlari (2014 yil) kumush medalchisi, jahon chempioni (2019 yil), Olimpiada chempioni (2016 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritgan. “Gubernator Kubogi” 2018 yil kumush medal sohibi.

                   Zoirov

 

-56 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – Osiyo o‘yinlari chempioni (2018 yil), Osiyo va Jahon chempioni (2019 yil), Tokio Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. “Gubernator Kubogi” 2018 yil oltin medal sohibi. 

                   Miraziz

 

-60 kg: Abdumalik Halakov – yoshlar o‘rtasida Osiyo, jahon va Olimpiada chempioni (barchasi 2018 yilda). “Gubernator Kubogi” 2019 yil oltin medal sohibi.

                     Malik

 

-64 kg: Elnur Abduraimov – Osiyo chempioni (2017 yil), jahon chempionati bronza medali sohibi (2015 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

                     elnur

 

-69 kg: Bobousmon Boturov – Osiyo o‘yinlari (2018 yil) va Osiyo chempioni (2019 yil), jahon chempionati bronza medali egasi (2019 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

                     bobo

 

-75 kg: Fanat Qahramonov – jahon chempionati qatnashchisi (2019 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

                    Fanat

 

-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov – jahon chempionati kumush medalchisi (2019 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

                     Dilshod

 

-91 kg: Sanjar Tursunov – Osiyo chempionati kumush (2019 yil), jahon chempionati bronza medali sohibi (2017 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. “Gubernator Kubogi” 2017 yil kumush, 2018 yil bronza medal sohibi.

                  Sancho

 

+91kg: Bahodir Jalolov – Osiyo va jahon chempioni (2019 yil). Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. “Gubernator Kubogi” 2018 yil oltin medal sohibi.

                     Jalolov

Eslatib o‘tamiz, kechagi kungi bahslarda -56, 64 va 75 kg vaznli bokschilar o‘z janglarini o‘tkazdi. Dastavval, -56 kgda Mirazizbek Mirzaxalilov hindistonlik bokschidan ustun kelgan bo‘lsa, kunning eng so‘nggi to‘qnashuvida -75 kg vazn toifasida Fanat Qahramonov Belarus vakili Vitaliy Bondarenkoga imkoniyatni boy berib, o‘z ishtirokini yakunladi.

Kelgusi janglarda yurtdoshlarimizga omad tilab qolamiz!

Jalol Axmedov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!