O‘zbekiston kubogi finalini qabul qilishga da’vogarlar soni 10 taga etdi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston kubogi yangi mavsum final uchrashuvi mezbonin aniqlash jarayoni boshlangan. Avvalroq, AGMK, "Bunyodkor", "Paxtakor", "Lokomotiv" va "Surxon" futbol klublari O‘zbekiston kubogi-2021 finaliga mezbonlik qilish bo‘yicha ariza topshirgani haqida xabar bergan edik.
O‘zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaevning ma’lum qilishicha, final uchrashuviga mezbonlik qilish istagini kechikib bo‘lsa-da, yana besh klub bildirdi: "Nasaf", "Sho‘rtan", "Qizilqum", "Turon" va "Navbahor". Demak, da’vogarlar soni endilikda 10 tani tashkil qiladi.
"Arizalar 14 martga qadar qabul qilinishi belgilangandi. Shunday bo‘lsa-da, biz kechikkan klublar arizasini ham qabul qilamiz. Zero, ayrim klublar rahbarlarining beparvoligi, o‘sha hudud muxlislarini ehtimoliy finaldan mosuvo qilmasligi kerak, degan xulosaga keldik", - deb yozdi Imomxo‘jaev.
Endilikda ariza topshirgan 10 ta stadion ichidan reglament talablariga javob bera oladiganlari tanlab olinadi va ular 18 mart kuni bo‘lib o‘tadigan qur’a marosimiga da’vogar sifatida kiritiladi.

Fikrlar
Chunki bu yerdagi futbol atmosferasi a'lo darajada!