O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev bilan intervyu

Assotsiatsiya matbuot xizmati shu va boshqa masalalar yuzasidan tashkilot raisi Muxtorxon Tashxodjaev bilan suhbat uyushtirdi.

2020_2

-Mutorxon Maxsudovich, Tokio Paralimpiya o‘yinlari 2021 yilga qoldirildi. Dastlab shu haqdagi fikringizni bildirib o‘tsangiz.

-Albatta, koronavirus pandemiyasi butun Er yuzini tashvishga solmoqda. Bunday og‘ir vaziyatda Paralimpiya o‘yinlarining qoldirilishi eng to‘g‘ri qaror bo‘ldi deb hisoblayman. Boisi, tashkilotchilar nafaqat sportchilarni, balki, o‘yinlarni tomosha qilish uchun butun dunyodan keladigan minglab insonlarning ham salomatligi o‘ylashlari kerak.

-Paralimpiya o‘yinlarining qoldirilgani paralimpiya sportchilarining tayyorgarlik rejalarini qanchalik o‘zgartirib yubordi?

-Musobaqaning qoldirilishi bir tomondan sportchilarimizning rejalarini o‘zgartirib tashladi desak ham bo‘ladi. Chunki, har bir sportchi Paralimpiya o‘yinlariga to‘rt yil davomida tayyorgarlik ko‘rib, o‘sha paytga mo‘ljallab o‘z sport formasini eng yuqori darajaga olib chiqadi. Ammo, ikkinchi tomondan o‘yinlarning kelasi yilga qoldirilgani sportchilar uchun o‘z xatolari ustida ishlab, yanada kuchliroq tayyorgarlik ko‘rish uchun qo‘shimcha vaqt beradi. Qolaversa, endi psixologlarimiz ham ko‘zlangan natijaga erishish uchun sportchilar bilan yanada ko‘proq ish olib borishadi.

2_2

Aytishim kerakki, Paralimpiya o‘yinlarining qoldirilgani barchamizni birdek xotirjam qildi. Bilasiz, ayni damda mamlakatimizda karantin joriy etilgan. Shu bois barcha o‘quv-yig‘inlari bekor qilindi va sportchilar uylariga jo‘natib yuborildi. Ular hozir uy sharoitida shug‘ullanishmoqda. Lekin, barcha sport turida ham uyda to‘laqonli shug‘ullanishning imkoni yo‘q. Masalan, suzish, engil atletika va yana bir qator sport turlari uchun maxsus sharoit bo‘lishi kerak. Sportchi bir kun mashg‘ulotlarni qoldirsa, uning natijalari pastlab boraveradi. Agar, Paralimpiya o‘yinlari qoldirilmagan taqdirda, ko‘plab mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborgan sportchilarimiz musobaqada munosib ishtirok eta olmasliklari mumkin edi.

Har bir narsada bir hikmat bor deb bejizga aytishmaydi. O‘ylaymanki, Paralimpiya o‘yinlarining qoldirilishi ham yaxshilikka xizmat qiladi.

3

-Riodagi musobaqalarda O‘zbekistondan 31 nafar paralimpiyachi ishtirok etgan va yakunda 32 ta medalga sazovor bo‘lgan edi. Tokiodagi Paralimpiya o‘yinlaridan qanday natijalar kutilyapti?

-Tokioda biz yanada yuqori natijalarni ko‘zlab turibmiz. Nasib qilsa, litsenziyalar soni bo‘yicha ham, medallar bo‘yicha ham Riodagi natijalarni yaxshilaymiz. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, assotsiatsiya yildan-yilga sport turlari sonini oshirib bormoqda. Braziliyadagi o‘yinlarda sportchilarimiz jami 5 ta sport turi bo‘yicha  ishtirok etishgan bo‘lishsa, kelgusi yil bo‘ladigan musobaqada 7-8 ta sport turidan qatnashish niyatidamiz. Paralimpiya o‘yinlariga yangi qo‘shilgan Para taekvondo bo‘yicha ham sportchimiz Guljanoy Naimova Tokio-2020ga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Qolaversa, Para akademik eshkak eshish bo‘yicha ham litsenziyalarga ega bo‘lish imkoniyatimiz bor.

4

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev sportchilarimizning Tokioda munosib ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida barcha sharoitlarni muxayyo qilganini alohida e’tirof etish lozim. Mablag‘ deysizmi, dori vositalarimi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimi, qo‘yingki barchasi a’lo darajada tashkillashtirilmoqda. Sportchilarning salomatligi, ularning jismoniy va ruhiy holatini doimiy nazorat qilish maqsadida assotsiatsiyamizga qo‘shimcha vrach, massajist, psixolog, dietolog shtatlari ajratildi. Endi faqatgina sportchilardan Prezidentimizning ushbu g‘amxo‘rliklariga labbay deb javob qaytarish qoldi xolos. O‘ylaymanki, ular ham bularning barchasini juda yaxshi his qilgan holda Tokiodan medallar shodasi bilan qaytishni ko‘zlashmoqda.

-Viloyatlarda Paralimpiya sportini rivojlantirish masalasi qanday echim topmoqda?

-Yuqorida aytib o‘tganimdek, Paralimpiya assotsiatsiyasi yildan-yilga sport turlari sonini yanada oshirib borishni maqsad qilgan. Shu paytgacha bizda Paralimpiya o‘yinlariga kiritilgan faqatgina 7-8 ta sport turi rivojlangan edi xolos. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ko‘magida 2020 yilda sport turlari sonini 20 taga etkazamiz. Golbol, futbol, ot sporti, stol tennisi, velosport, qilichbozlik, triatlon, badminton, kamondan otish hamda tog‘ chang‘isi kabi yangi sport turlari bo‘yicha murabbiylar ishga qabul qilindi va ular faoliyatini boshlashdi. Tabiiyki, bu sport turlarini rivojlantirish uchun yurtimizdagi imkoniyati cheklangan yoshlarni sportga jalb etib, ularni o‘z iqtidorlariga qarab sport turlariga yo‘naltirishimiz lozim. Ularni sportga qiziqtirish maqsadida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar tahsil olayotgan ta’lim muassasalariga borib, u erda mashhur sportchilarimiz ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va turli musobaqalar tashkil etib kelyapmiz. O‘ylaymanki, tez orada yurtimizda Paralimpiya sportiga qiziquvchilar soni yanada ortadi.

5

Hozirgi kunda respublikamizning barcha viloyatlarida bizning vakillarimiz Paralimpiya sportini targ‘ib qilib, unga qiziqish bildirgan yoshlarni saralab olishmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi Prezidentimizning qishki sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha imzolagan qarorlariga binoan mamlakatimizda qishki sport turlarini yanada ommalashtirish va 2022 Xitoyda bo‘lib o‘tadigan qishki Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishni rejalashtirayotganini ham aytib o‘tishim lozim.

-Paralimpiya assotsiatsiyasi xalqaro tashkilotlar bilan qanday ish olib bormoqda?

-Assotsiatsiyamizning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan biri xalqaro aloqalarni rivojlantirish va bu orqali yurtimiz dovrug‘ini yanada keng yoyishdan iborat. Ta’kidlash lozimki, tashkilotimiz o‘tgan davr mobaynida bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Xalqaro ko‘zi ojizlar sporti assotsiatsiyasi (IBSA) hamda Xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan hamkorlikda 2019 yilning 23-24 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida Xalqaro gran-pri o‘tkazdik. Kelajakda mamlakatimizda bu kabi yirik musobaqalarni doimiy ravishda tashkil etishni maqsad qilganmiz.

6

Bundan tashqari, rivojlangan xalqaro paralimpiya assotsiatsiyalari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Buning natijasida, sportchilarimiz boshqa davlat sportchilari bilan birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishmoqda. Masalan, yaqinda qozog‘istonlik parakanoechilar Toshkent viloyatidagi Tuyabo‘g‘iz suv omborida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishdi. Bundan tashqari, Bo‘stonliqda qozog‘istonlik parataekvondochilar bilan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etildi. Bunday misollarni juda ko‘p keltirishim mumkin.

7_3

-Assotsiatsiya sportchilari shug‘ullanishlari uchun yana qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida infrotuzilmada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi. Shu haqda ham gapirib bersangiz.

-O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va “Qizilqumtsement” aktsiyadorlik jamiyati ko‘magida assotsiatsiya xududida joylashgan bino va inshootlar qayta rekonstruktsiya qilinmoqda. Jumladan, sportchilarning yanada qulay holatda tibbiy xizmatlardan hamda massaj xizmatlaridan foydalanishlari uchun zamonaviy xonalar, yotoqxona, oshxona hamda yuvinish joylari qayta ta’mirlanib, yanada chiroyli holatga keltirilmoqda.

8

So‘zim yakunida Paralimpiya sportchilariga har qachongidan ham katta e’tibor qaratayotganliklari uchun Muhtaram Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik shu paytgacha bo‘lmagan edi. Ishontirib aytishim mumkinki, Yangi O‘zbekistonni qurishda paralimpiyachilar ham o‘zlarining munosib hissalarini albatta qo‘shishadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!