
O‘zbekiston MTJ Hindiston bilan o‘yinda nimalarga e’tibor qaratishi kerak?
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi ikkinchi turida Hindiston bilan kuch sinashadi. Birinchi turda Suriya bilan durang o‘ynagan terma jamoamiz tanqidlar ostida qolib ketdi. Bularni yumshatish uchun bugun bizni faqat g‘alaba qoniqtiradi.
Suriyaga qarshi bahsdagi o‘yin va taktika hali ham muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Bu e’tirozlar o‘rinli, albatta. Lekin endi ularga javob berish lozim. O‘yin va natija bilan.
Hozirgi Srechko Katanetsning ikki oy oldingi Katanets bilan farqi bordek. Jahon chempionati saralashidagi Srechko o‘ziga ancha ishongan edi. Hozirgi Katanetsda dadillik etishmayotgandik. Himoyani juda ko‘p o‘ylab yuborishi natijasida aytarli gollik imkoniyat sodir etilmadi. Yaratilgan vaziyatlar ham futbolchilarimizdagi ishonchsizlik ofibatida yo‘qqa chiqarildi. Ammo hozir o‘tgan turdagi xato va kamchiliklarni qidirgandan ko‘ra, bugungi o‘yinga reja haqida o‘ylash to‘g‘riroq bo‘lardi. Chunki bizni Avstraliya bilan uchrashuv oldidan yana bir juda muhim to‘qnashuv kutmoqda.
Bugungi raqibimiz himoyadan o‘yinni boshlashi taxmin qilinmoqda. Garchi Hindiston terma jamoasi bosh murabbiyi uchrashuvdan oldingi matbuot anjumanida biz hujumkor o‘yin namoyish etmoqchimiz degan bo‘lsa-da. Chunki ular kuchli sanalgan terma jamoaga qarshi Suriya qo‘llagan uslubdan foydalanishi mumkin. Shunda ochko olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Buni Hindiston terma jamoasi yaxshi tushunib turibdi.
Bunday uslubga qarshi biz tezkor reaktsiya ko‘rsatishimiz lozim. Ayniqsa, tezkor gol, balki gollar bilan. Ana shunda raqib oldinga tortiladi. Bizda esa bo‘sh hududlar va tezkor qarshi hujumlarga chiqish imkoniyati yuzaga keladi. 70-daqiqagacha qoldirmaslik juda muhim. Chunki bizda keyin qiyinchiliklar yuzaga kelishi aniq. Bosim ko‘tarilib boradi. Ayniqsa, birinchi turdagi Suriya bilan bahsdagi holat ham qo‘shilib havotir oshib boradi.
Shu boisdan ham tezkor hamla juda muhim. Shuni inobatga olib harakat qilish darkor. O‘ylaymizki, terma jamoamiz bugun o‘ziga kerakli bo‘lgan ijobiy natijani qo‘lga kirita oladi. Biz O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ishonamiz.
Bekzod ISAEV
Fikrlar