
O‘zbekiston MTJ nega kuchli jamoalar emas, balki Malayziya va Iordaniya bilan o‘ynaydi? - Srechko Katanetsdan javob
Xabaringiz bor, ayni kunlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iordaniyada yig‘in tashkil qilmoqda. O‘quv-mashg‘ulotlar davomida vakillarimiz 9 oktyabr kuni Malayziya, 12 oktyabrda esa Iordaniya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Bosh murabbiy Srechko Katanets O‘FA matbuot xizmatiga o‘rtoqlik bahslaridagi raqiblar va tarkib tanlanishi borasidagi fikrlarini ma’lum qildi.
- Malayziya va Iordaniya terma jamoalari hozirgi kunda O‘FAda mavjud bo‘lgan variantlar orasidan tanlab olindi. Hech qanday bir alohida sabab yo‘q. Biz aynan ushbu ikki jamoaga qarshi maydonga tushamiz, deb talab qo‘ymaganmiz. Ayni paytda o‘rtoqlik uchrashuvlariga raqiblarni topish ancha mushkul. Bundan tashqari bunday rejalar olti oy yoki bir yil avval amalga oshirilishi kerak.
Men yaqindagina lavozimimga tayinlandim, O‘FAda ham raqiblarni qidirish bo‘yicha ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shu bois bu raqiblar mavjud variantlar orasidan tanlandi.
Bosh murabbiy uchun vaqt doim kamdek tuyuladi. Ayniqsa, bizda barcha futbolchilarni kuzatishga bir oygina vaqt bo‘ldi. Yangi futbolchilarni yig‘inga jalb etganmiz. Shu ikki o‘yinda iloji boricha barchaga o‘yin amaliyotini berishga urinamiz. Keyingi yig‘inlarda balki yana boshqa yangi o‘yinchilarni chaqirarmiz. Ko‘p narsa futbolchilarning o‘ziga bog‘liq. Agarda ular berilgan imkoniyatlardan yaxshi foydalansa, albatta, keyingi yig‘inlarga ham jalb etiladi. Lekin xato qilganlarga ham imkoniyat berish lozim, keyingi safar o‘zini ko‘rsatishi mumkin. Iloji boricha ko‘p futbolchilarni terma jamoada sinab ko‘rmoqchimiz, - dedi Srechko Katanets.
Fikrlar