
O‘zbekiston terma jamoasi posbonlari o‘z klublarida qanday harakat qilmoqda! (Birinchi qism)
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets jahon chempionati 2-saralash bosqichi doirasidagi Turkmaniston va Eronga qarshi uchrashuvlarda qatnashadigan futbolchilarning nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qaydnoma 20 nafar futbolchi va 3 darvozabondan iborat.
Sports.uz portali siz aziz muxlislarni o‘ylagan holda futbolchilarimizning klubidagi faoliyati haqida ma’lumot beradi.
Darvozabonlar.
O‘tkir Yusupov
O‘tkir Yusupov 2019 yildan buyon Namanganning "Navbahor" jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Katanets deyarli barcha uchrashuvlarda uning xizmatidan foydalanib kelyapti. 33 yoshli posbon joriy mavsumda "lochinlar" bilan chempionlik uchun kurashmoqda. Yusupov "Navbahor"ning Superligadagi barcha 9 ta o‘yinida qatnashib, 8 ta gol o‘tkazgan. "Lokomotiv", "Neftchi" va "Olimpik"ka qarshi bahslarda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Shu kunga qadar O‘tkir terma jamoamiz safida 29 ta bellashuvda ishtirok etgan. Uning "Transfermarkt" portalidagi narxi 700 ming evroni tashkil qiladi.
Botirali Ergashev.
Botirali Ergashev 2024 yilgi mavsumni Farg‘onaning "Neftchi" klubida boshladi. Chempionlik uchun kurashayotgan "yo‘lbarslar" safida Botirali unchalik ko‘p o‘yin amaliyotga ega bo‘lmayapti. 28 yoshli darvozabon joriy mavsumda Superligada 2 ta, O‘zbekiston Kubogida 2 ta o‘yin o‘tkazdi. Ushbu 4 uchrashuvda 2 gol o‘tkazgan Ergashev qolgan 2 bahsda "quruq" o‘yin o‘tkazgan. Botiralining "Transfermarkt"dagi narxi 250 ming evroga baholanmoqda.
Abduvohid Ne’matov.
Abduvohid Ne’matov 2024 yilgi mavsumni qolgan darvozabonlarga nisbatan ertaroq boshlagan edi. 23 yoshli posbon mavsumni "Al-Ayn"ga qarshi ikki uchrashuvni boshladi. Dastlabki uchrashuvni darvozasidan gol olib chiqmagan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda bira to‘la ikki gol o‘tkazib yubordi. Abduvohid "Nasaf" bilan birgalikda Superliga chempionligi uchun kurash olib bormoqda.
Golkiper Superliganing barcha 8 ta bahslarida maydonga tushib, 8 marotaba gol o‘tkazib yuborgan. Ikki uchrashuvda esa darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Jizzaxlik darvozabon jamoasining Superkubok qo‘lga kiritishiga ham juda katta hissa qo‘shdi. Penaltilar seriyasida 3 marotaba raqiblarning zarbasini qaytarishdan tashqari, jamoa uchun muhim bo‘lgan golni "panenka" uslubida darvozaga kiritdi.
Shuningdek, Abduvohid Olimpiya terma jamoasi bilan ham Osiyo Kubogida ishtirok etdi va Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yordam berdi. Darvozabon finalgacha 4 uchrashuvda maydonga tushib, barchasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan bo‘lsa, finalda 1 ta gol o‘tkazib yubordi. Musobaqaning "eng yaxshi darvozaboni" deb topilganini ham ta’kidlab o‘tishimiz joiz.
Ma’lumot uchun, Ne’matovning narxi 700 ming evroga teng.
Fikrlar