O‘zbekistondan yana bir jahon chempioni – superbokschi etishib chiqmoqda!

  • 18 iyun, 2024, 22:59
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

Professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempionligiga erisha olgan Ruslan Chagaev o‘zbek boks maktabining yangi avlodi vakillari – Bahodir Jalolov va Shahram G‘iyosob haqida fikr bildirdi.

- Bahodir Jalolov — jahon boks olamining etakchilaridan biri, eng quyi bosqichdan ko‘tarilib, ayni paytda eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. U yaqinda  bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lishiga umid qilaman. Nazarimda, Bahodir Parijdagi musobaqada eng kamida kuchli uchlikda bo‘ladi.

Shahram G‘iyosov – o‘zbek boksining yana bir yulduzi, jahon chempionligiga da’vogarlik qilmoqda. Uning professional boksda jahonning etakchi boskichisiga aylanishiga imkoniyati etarli, deb o‘ylayman. Buning uchun bir qadam qoldi va O‘zbekistonda yana bir jahon chempioni paydo bo‘ladi, - dedi Ruslan Chagaev.

O‘zbekiston professional boks tarixida Artur Grigoryan, Ruslan Chagaev, Murodjon Ahmadaliev, Isroil Madrimov kabi charm qo‘lqop ustalari jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgan.

Havaskorlar boksida Osiyo va jahon chempioni, Olimpiya o‘yinchilari vitse-chempioni Shahram G‘iyosov professional boksda ham jahon chempionligi kamariga da’vogarlik qilmoqda.

30 yoshli bokschimiz profringda hozirga qadar 15 ta jang o‘tkazib, ularning barchasini o‘z foydasiga hal qilgan. Raqiblaridan to‘qqiztasini muddatidan oldin taslim etgan.

Yaqinda O‘zbekiston professional boks assotsiatsiyasi matbuot xizmati Shahram G‘iyosov IBF chempionlik kamari uchun ringga chiqishi mumkinligi, taniqli promouter Eddi Xirn ushbu jangni tashkil etish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlab yuborganini ma’lum qilgandi.

Bahodir Jalolov esa, havaskor va professional boksni teng olib bormoqda. Havaskorlar o‘rtasida barcha nufuzli turnirlarning g‘olibiga aylangan.

29 yoshli bokschimiz ikki karra jahon, uch karra qit’a chempioni hisoblanadi. Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.

Parij Olimpiadasida ham eng og‘ir vazn toifasida chempionlik uchun kurash olib borishi kutilmoqda.

Bahodir Jalolov professional ringda hozirgacha 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
18/06/2024 05:18
Олға!! "Ўзбегим Йўлбарслари"!