
"O‘zbekistonga qaytganimizdan so‘ng hammani yutishni boshlaymiz, deb o‘ylagandim" - "So‘g‘diyona" bilan xayrlashgan murabbiy qiziqarli gaplarni aytdi
“So‘g‘diyona” klubida murabbiy almashganidan keyin natijalar ancha yaxshilanib ketdi. Avvalgi murabbiy Yorqin Nazarov paytida ham jamoaning o‘yini chakki emasdi. Biroq g‘alaba bo‘lmayotgani uning iste’fosiga sabab bo‘ldi.
O‘rniga kelgan Ivan Boshkovich esa ketma-ket g‘alabalar qozonyapti. Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Yorqin Nazarov bilan suhbatlashdi. Mutaxassis iste’fosi haqida gap bilan boshladi.
- “So‘g‘diyona”dagi faoliyatimga kelsak, yomon tarafi u erda kam ishlaganim bo‘ldi, etarli imkoniyat berilmadi, 4 ta tur ishladim. Yaxshi tarafi, bu menga maktab bo‘ldi. O‘zim uchun nimaga bunday bo‘lgani to‘g‘risida xulosalar chiqaraman. Bu ham bir tajriba.
- Sizning boshchiligingizda jamoa g‘alaba qozona olmadi. Nima uchun bunday bo‘ldi?
- Omadsiz bo‘lganimi? Turkiyadadagi yig‘inimizdan qaytib kelganimizdan keyin chempionatda hammani yutamiz, yaxshi boshlaymiz deb o‘ylagandim. Agar kimdir Turkiyadagi o‘yinlarimizni ko‘rgan bo‘lsa bilishadiki, futbolchilarimiz u erda yaxshi jamoalarga qarshi juda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishdi. Masalan, ikkita raqibimiz UEFA Kubogida o‘ynagan. Ana shunday klublarga qarshi jamoamiz ajoyib harakat qilgandi. Shu bois men O‘zbekistonga qaytganimizdan so‘ng hammani yutishni boshlaymiz deb, o‘ylagandim. Lekin buning teskarisi bo‘lib qoldi. Sabablariga kelsak, oxirgisi omadimiz kelmagani bilan bog‘liq, menimcha. Bizda tarkibning katta qismi o‘zgargan. 12-13 ta futbolchi ketgan va o‘rniga shuncha o‘yinchi olgandik. O‘ylaymanki, 4 ta tur bizga kamlik qildi. Shu bois natija bo‘lmadi. Buning ustiga chempionatni “Neftchi”, “Navbahor”, “Olimpik” kabi klublarga qarshi o‘tkazdik. Meni yig‘gan jamoam noto‘g‘ri bo‘lmaganining isbotini hozirgi murabbiy ko‘rsatib beryapti. Futbolchilarni qiynalib qaysidir jamoalardan olgandik. Tarkibni men yig‘ganman. Hammasini o‘zimni uslubim va o‘yinimga moslashtirib taklif qilganman. Keyin yaxshi legionerlarni olib kelmabdi, degan gap-so‘zlar bo‘ldi. Endi qarang, olib kelgan legionerlarimdan biri Zenan Zaymovich! Hozir 6 ta gol bilan to‘purarlar orasida bormoqda. Yomon futbolchi bo‘lganida hozir 6 ta gol urmasdi. Uni olib kelganimda menga bu o‘yinchi 10 ta gol ura oladimi, deb aytishgandi. Bu albatta 10 ta gol urishini aytgandim. U xotirjamlik bilan 10 ta gol ura oladi. Yana biri Tarik Isich. Ikkala futbolchini ham bo‘yi 190 dan baland. Meni o‘rtog‘im ushbu legionerlarni tavsiya qilgandi. Ular yaxshi saviyadagi futbolchilar ekani haqida aytgan. Boshida o‘zbek futboliga moslashishi qiyinroq bo‘ldi, omadimiz ham kelmadi. Shunda ular unchalik ko‘zga ko‘rinishmadi. Endi ikkalasi ham asosiy tarkibda o‘ynashyapti. Yana biri serbiyalik, jarohatidan endi qutuldi. Rossiya U-20 terma jamoasida o‘ynagan. Mendan keyingi murabbiy kechagina intervyu bergan ekan, menga ishlash oson bo‘lyapti, deb. Shuning uchun jamoa yaxshi yig‘ilgan. Shu sababli u murabbiyga ishlash oson bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Hozir jamoa “ochilib”, o‘ziga kelib qoldi. Bu yog‘iga “So‘g‘diyona”ga faqat omad tilayman.
- Ivan Boshkovich ish boshlagach, unga natija ko‘rsatish uchun vaqt kerak bo‘lmayapti va ketma-ket 4 ta uchrashuvdan beri yutyapti. “So‘g‘diyona” g‘alaba qozonishni boshlaganiga tarkib to‘g‘ri yig‘ilganidan tashqari yana qanday sabablari bor, deb o‘ylaysiz?
- U ham o‘zining hissasini qo‘shib, ko‘rsatmalarini berayotgan bo‘lsa kerak. Natija ko‘rsatayotgani va vaqt kerak bo‘lmaganining sababi o‘sha gap: tayyor yaxshi yig‘ilgan tarkibni oldi. “Qizilqum”ni menimcha Joze Mourino olsa ham juda qiyin bo‘ladi. Chunki u erda futbolchilar yaxshi tanlanmagan. Boshkovichda esa tayyor jamoa bor. O‘zi ham qandaydir o‘zgarishlar kirgizdi. Biz ishlayotgan paytda natija beradigan vaqti kelib qolgandi. Ammo bizga ishni davom ettirish nasib qilmabdi. Rahbariyat baraka topsin, barcha sharoitlarni qilib berdi. Gap-so‘z yo‘q. Biroq oldinlari “So‘g‘diyona” 2-o‘rinni olib yurgani uchun rahbariyat hovliqib qoldi. Yuta olmayotganimizdan shoshtirib qo‘yishdi. Balki shuning uchun mashg‘ulotlarda boshqa narsalarni talab qilib qolgan bo‘lishimiz mumkin. Yangi murabbiy esa jamoaning endi omadi kelib, yutadigan paytda keldi. Albatta, o‘zi ham nimadir o‘zgarish qildirdi. “Bunyodkor”da 7-8 yil ishlagan bo‘lsam, Boshkovich ham u erda bizdan keyin 2-3 yil ishladi, bizni maktabdan chiqqan.
- Murabbiylik bo‘yicha keyingi rejangiz qanday?
- Biroz dam oldim. “Bunyodkor”dan keyin “Sho‘rtan”da ish boshladim. U erda natija qildik. Shundan so‘ng “Bunyodkor”da Vadim Abramovga yordamchi bo‘lib ishladim. 3-o‘rinni oldik. Keyin birinchi ligada “Bunyodkor”da faoliyat olib bordim. So‘ngra “Andijon”da mehnat qildim. Muxlislar oldida qanaqadir yaxshi taassurot qoldirib ketdik. “Surxon”da tushib ketayotgan jamoani qoldirdik. “So‘g‘diyona”da vaziyat mana bunday bo‘lib qolgani, to‘g‘risi, menga “udar” bo‘ldi. Lekin bu hayot ekan, murabbiylik faoliyati shunaqa ekan. Bu tajriba. Shu sababli dam olish uchun biroz vaqt kerak edi. Xudoga shukr, o‘zimga kelib oldim. Birinchi davra tugashiga 4 ta tur qoldi. Ko‘ramiz. Yaqqol taklif tushdi, deb ayta olmayman. Ammo pro liga bilan Superligadan qiziqishlar bo‘lib turibdi. Shuningdek, menga Hindiston bilan Bangladeshdan ham variantlar yo‘q emas.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
Сани касрингга 4 та турни очколари хавога учиб кетди.
Сугдиёнада сан уйлаганчалик яхши жамоа тупланмаган.
Хаммаси кариялар.
И.Бошкович ёшлар жамоасидан 4-5 та футболчиларни асосий жамоага киритиб, захирани шакллантираяпти.
Сан туплаган жамоада 8 та кариядан бошка хеч ким йук. Захира футболчилари хам бир нав эди.
Жамоани И.Бошкович одам килди, сан эмас.
Сан Бангладешга кетавер. Ишга омад.