
O‘zbekistonlik ikki futbolchi "Red Bull"ga tavsiya qilingandi, ammo...
O‘zbekiston milliy terma jamoasining kechagi o‘yinoldi mashg‘ulotlarida delegatsiya rahbari Odil Ahmedovga “Sent-Luis Siti” MLS klubining ismi yozilgan futbolka sovg‘a qilindi. Bu haqda Alisher Nikimbaev telegramdagi sahifasida ma’lum qildi.
Futbolkani klub sport direktori Lutts Pfaninshtil taqdim etdi, u barcha oltita konfederatsiyada milliy chempionatlarda o‘ynagan yagona futbolchi sifatida tanilgan. Qolaversa, Luttsning o‘zi ham Germaniyadan bo‘lib, so‘nggi 20 yil davomida ZDF telekanalida jahon chempionatining yakuniy turnirlarida mutaxassis bo‘lganini ta’kidlash joiz.
Luttsning O‘zbekiston bilan bevosita aloqasi bor: uning rafiqasi Amaliya hamyurtimiz. Qolaversa, Lutts futbolimizni yaxshi biladi va ko‘plab mutaxassislar bilan tanish. Aynan u Akram Komilov va Jamshid Boltaboevni 2013 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin "Red Bull"ga tavsiya qilgandi. Ammo faqat “Bunyodkor” Komilovni ko‘rik uchun qo‘yib yuborgan, “Paxtakor” esa Boltaboev uchun etti xonali pul so‘ragan va muzokaralar shu bilan yakunlangan.
O‘zbekiston terma jamoasi “Sent-Luis Siti” bazasida mashg‘ulot o‘tkazdi va bugungi uchrashuv klubning uy arenasida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar