O'zbekistonlik yosh taekvondochidan tarixiy g'alaba!
Xitoyning Nankin shahrida taekvondo bo‘yicha nufuzli “2026 Taekwondo Grand Slam Youth League Final” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yirik xalqaro musobaqada O‘zbekiston nomidan tarixda ilk bor yosh sportchi Rustamov Imron ishtirok etib, mamlakatimiz taekvondosi tarixida muhim natijani qayd etdi.
Rustamov Imron — MUHAMMADZIYO TAEKWONDO ACADEMY tarbiyalanuvchisi. Sportchi musobaqaga akademiya asoschisi va bosh murabbiyi Axror Asrorov boshchiligida tashrif buyurdi. Imronning tayyorgarligida kichik ustozlar Marifov Zubayr, Mirzaev Sardor va Tashbaev G‘ofurjon ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Musobaqaning dastlabki jangida Imron Vyetnam vakili bilan bahs olib borib, raqibini 10:6 hisobida mag‘lub etdi.
Ikkinchi jangda esa Koreya vakiliga qarshi tatamiga chiqib, keskin kechgan bahsda 7:5 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija unga final yo‘llanmasini taqdim etdi.
FINAL — TARIXIY G‘ALABA
Hal qiluvchi final bahsida Rustamov Imron mezbon Xitoyning tajribali sportchisiga qarshi maydonga tushdi.
Murosasiz va yuqori darajadagi kurashga boy kechgan final jangida Imron o‘zining texnik mahorati, jangovar ruhi va katta irodasini namoyish etib, tajribali raqibi ustidan g‘alaba qozondi.
Shu tariqa Rustamov Imron “2026 Taekwondo Grand Slam Youth League Final” musobaqasida 1-o‘rinni egallab, oltin medal sohibi va musobaqa chempioniga aylandi.
Ushbu g‘alabaning ahamiyati shundaki, Imron mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston tarixida ilk bor ishtirok etgan yosh sportchi sifatida nafaqat mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro maydonda munosib himoya qildi, balki eng yuqori pog‘onani zabt etdi.
Bu natija MUHAMMADZIYO TAEKWONDO ACADEMY jamoasi uchun ham katta yutuqdir. Mazkur tarixiy g‘alaba sportchining tinimsiz mehnati, murabbiylarning fidokorona faoliyati va izchil tayyorgarlik jarayonining samarasidir.
Rustamov Imronning ushbu tarixiy g‘alabasi O‘zbekiston taekvondosining xalqaro maydondagi salohiyati tobora yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Fikrlar