
O‘zbekistonni chorak finalga olib chiqqan Fayzullaevga qanday baho berilyapti?
Abbosbek Fayzullaev Osiyo kubogi doirasida samarali o‘yin namoyish qilmoqda. 20 yoshli futbolchining Tailand darvozasiga urgan super goli terma jamoasizni chorak finalga olib chiqdi.
Bugungi kunda Fayzullaev O‘zbekiston terma jamoasining etakchisiga aylanib bormoqda. Iste’dodli futbolchi jarohat olgani tufayli Osiyo kubogida ishtirok eta olmayotgan Eldor Shomurodovning yo‘qligini bildirmaslikka harakat qilmoqda. Abbos Hindiston va Tailand terma jamoalariga qarshi o‘tgan bellashuvlarda buni mahorat bilan uddaladi hamda bu bahslarda o‘z hisobiga bittadan gol yozdirib qo‘ydi.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga xorijlik futbolchi, mahalliy va rossiyalik mutaxassislarning Abbosbek Fayzullaev haqidagi fikrlarini havola etadi.
Milan Gayich, TsSKAning serbiyalik legioneri:
— TsSKAdagi faoliyatimda Abbosbek Fayzullaev bilan birga o‘ynay boshlaginimdan keyin tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Chap qanotda o‘zimni ancha qulay his qila boshladim. Abbos bilan o‘yinimiz yaxshi qovushdi va chap qanotda samarali tandem tashkil qila oldik.
— Abbosbek Fayzullaev hozir Osiyo kubogida porlayapti va Evropa darajasidagi yulduz bo‘la oladimi?
— Ha, uning kelajagi borligiga aminman. Lekin Abbos hali juda yosh, unga vaqt kerak. Yosh o‘yinchilarda o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Haqiqiy yulduzga aylanish uchun ko‘p va uzoq muddat ishlash, ko‘p narsani qurbon berish kerak. Shunda Evropaning top-futbolchilari qatoriga qo‘shilish mumkin.
Agar Fayzullaev hozirgidek shug‘ullanib, yuqori darajada o‘ynashni davom ettirsa, haqiqiy yulduzga aylanadi.
Dmitriy An, murabbiy:
— Tailandga kechgan uchrashuvning oxiri qiyin bo‘ldi, lekin terma jamoa kerakli natijani qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston uchun juda muhim g‘alaba. Abbosbekni maqtayman, o‘yini menga juda yoqdi. Bosh murabbiy ko‘rsatmasini qanchalik bajardi bilmaymanu, lekin juda muhim g‘alaba to‘pini kiritdi. Men unga tabrik yozib yubordim.
Vyacheslav Chanov, TsSKAning sobiq futbolchisi, murabbiy:
— Abbosbek Fayzullaev nafaqat TsSKAning, balki O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham etakchi o‘yinchisiga aylanib bo‘ldi.
Abbosbek “armiyachilar” klubida o‘tkazgan vaqti davomida g‘oliblik ruhini juda yaxshi his qildi. Unda o‘ziga ishonch va sportchilarga xos shijoat kuchaydi.
Ja’far Irismetov, O‘zbekiston terma jamoasi sobiq hujumchisi:
— Fayzullaev yaxshi harakat qildi va gol urdi. Gol urgani va yaxshi o‘ynaganiga qaramay, ozgina o‘ziga xoslik etishmadi. Bu yigitga katta umid bildirilyapti. O‘z darajasida o‘ynadi-yu, baribir nimadir etishmagandek bo‘ldi, balki salgina toliqib qolgandip. Biz undan ko‘prog‘ini kutyapmiz.
O‘ylashimcha, keyingi uchrashuvgacha to‘liq tiklanib oladi va yanada zo‘r o‘ynaydi. Jamoa yutdimi, demak hamma yaxshi harakat qildi. O‘zbekiston keyingi bahsda yutsa, u yog‘i yarim final. G‘alaba kutamiz.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi chorak finalda musobaqa mezboni – Qatar futbolchilari bilan kuch sinashadi. Ushbu bahs 3 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi.
Supergol urgan Fayzullaevning narxi 20 baravar oshadi!
Fikrlar