"Ozgina "kaltak" edik, boshqa takliflar "Qizilqum"ni tark etishimga arzimasdi". "Al-Garafa" ustozi Stramachchoni To‘xtaxo‘jaev bilan qanday hazil qildi? Futbolchimiz Qatarga ketish tafsilotlarini aytdi

  • 27 iyul, 2022, 12:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sports.uz sayti orqali kuni kecha Islom To‘xtaxo‘jaevning “Al-Garafa” klubi bilan shartnoma imzolagani to‘g‘risida xabar bergandik. Qatarliklar ushbu transferni tasdiqladi. Islom esa yangi jamoasiga o‘tganidan keyin dastlabki fikrlarini bizning saytimiz uchun bildirdi.

Tecno

- Islom avvalo, yana legionerga aylanganingiz bilan muborakbod etaman. Qanday qilib “Al-Garafa”ning qiziqishini uyg‘ota oldingiz?

- Rahmat. “Al-Garafa” jamoasiga tajribali o‘yinchi kerak bo‘lgan ekan. Ko‘plab futbolchilar orasida meni ma’qul ko‘rishib, taklif bilan chiqishdi. Muzokaralar 10 kuncha davom etib, oxiri kelishuvga erishdik.

- Rosti, 33 yoshingizda Qatar Yulduzlar ligasidek kuchli chempionatga ketishingizni kutmagandik. U erda tezkor o‘yinchilar bor, qiynalib qolmaysizmi?

- O‘zimni hali ancha yosh his qilyapman. Doim o‘ynab yurgan futbolni o‘ynashda davom etaman. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

tuxtaxujaev1

- Bosh murabbiy italiyalik Andrea Stramachchonini bilamiz. U bilan ilk suhbatingiz qanday o‘tdi va sizga nimalar dedi?

- Birinchi suhbatdayoq bildimki, ajoyib inson ekan. Bilsangiz, “Inter” muxlisiman. U “Inter”da bosh murabbiy bo‘lib ishlaganila muxlislik qilganman. Shuning uchun u bilan ishlash men uchun juda qiziq.

- Stramachchoni bilan suhbatda "Inter"ga muxlislik qilganingiz haqida aytdingizmi?

- Albatta aytdim. U ham juda yosh bo‘lganini eslab rasmlarini ko‘rsatdi. Murabbiylik qiyin kasb ekanini aytib, qarib qoldim deb hazil qilib qo‘ydi.

- Agar “Al-Garafa”dan taklif bo‘lmaganida “Qizilqum”da qolarmidingiz yoki baribir u erdan ketmoqchi edingizmi?

- Albatta, “Qizilqum”da qolardim.

tuxtaxujaev3

- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz?

- Har doimgidek 20-raqamni.

- Bu taklifni qabul qilishingizda tabiiyki, yuqori maosh ham o‘z so‘zini aytmasdan qolmadi. Yoki bu taklifni qabul qilishingizda puldan ham muhim sabab bo‘ldimi?

- Birinchi navbatda jamoaning maqsadi o‘ziga xos obro‘si rol o‘ynadi. Albatta, tan olaman, moliyaviy tomonlama ham xohlaymizmi-yo‘qmi, rol o‘ynaydi.

- Qatarda legionerlarimiz uchtaga etdi. Sizdan tashqari, Sardor Rashidov bilan Baxtiyor Qosimov ham bor. Birdaniga o‘zbek futbolchilariga qiziqish ortganiga nima sabab deb o‘ylaysiz? Shuningdek, u erdagi hamyurtlarimiz bilan aloqadamisiz, ko‘rishdingizmi?

- Qatarda bizning futbolchilarga doim qiziqish bor. Buning ortida terma jamoamizning va klublarimizning o‘rni bor. Yigitlar bilan albatta aloqada bo‘lamiz, Xudo xohlasa.

- Siz ilk bor bu klubdan qiziqish borligini kimdan eshitdingiz? Aslida legionerga aylanish rejangizda bormidi? Yo hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi?

- Sanjar Shoahmedovning akasi Sarvar aka juda katta mehnat qildi. Unga alohida rahmat aytmoqchiman. Har xil davlatlardan takliflar bor edi. Lekin ular “Qizilqum”ni tark etishimga arzimasdi.

tuxtaxujaev

- Qiziq, Sarvar Shoahmedovni qanday aloqasi bor? Yoki u sizga agent sifatida ko‘maklashdimi?

- Hammasi Sarvar orqali bo‘ldi. Bu erda ba’zi klublar bilan aloqa o‘rnatgan.

- Odatda, biror futbolchi yangi klubga o‘tsa, qandaydir o‘ziga yarasha an’analar bilan kutib olishadi yoki mashg‘ulotda nimadir qilishadi? Bu borada sizni qanday qarshi olishdi? Siz bilan nima ro‘y berdi?

- Klub xodimlari va futbolchilar juda ham iliq kutib olishdi. Hozirgi kunda modaga aylangan “koridor”da ozgina “kaltak” edik, Braximi bilan birgalikda.

- Braximi bilan tanishuv qanday bo‘ldi?

- Yaxshi kutib oldi. Ajoyib insonligi bilinib turibdi.

- Klubni maqsadi qanday?

- Har doimgidek, yuqori o‘rinlar uchun kurashish. Shu o‘rinda “Qizilqum”dagilarga rahmat aytaman. Ularga omad tilayman. Sizlardan faqat duo qilib turishlaringizni istayman. Yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishlik nasib qilsin.

Islom To‘xtaxo‘jaev "Al-Garafa" klubi bilan shartnoma tuzdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!