
Para taekvondo: Osiyo chempionatida 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, jami 6 ta medal qo‘lga kiritildi!
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Vetnamning Xoshimin shahrida para taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
E’tiborlisi, ushbu musobaqada 6 nafar hamyurtimiz sovrindorlar safidan joy oldi. Jumladan, erkaklar o‘rtasida -63 kg vazn toifasida Kudrat Xaydarov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, huddi shu vaznda yana bir vakilimiz – Qudrat Suyunov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, -70 kg vazn toifasida Asil Xusanov va +80 kg vazn toifasida Asad Anvarov bronza medali sohibiga aylandi.
Ayollar o‘rtasida -47 kg vazn toifasida Ziyoda Isoqova kumush medalni terma jamoamiz hisobiga qo‘shtirib qo‘ydi. +65 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Guljanoy Naimova esa doimgidek g‘oliblikni hech kimga bermadi va navbatdagi oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Qayd etish lozimki, qit’aning 21 davlatidan 100 dan ortiq sportchi qatnashgan ushbu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida Erondan so‘ng 2-o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikdan esa Qozog‘iston joy oldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston terma jamoamiz Osiyo chempionatining eng yaxshi jamoasi deb topildi va terma jamoamiz murabbiyi Bobur Qo‘ziev musobaqaning eng yaxshi murabbiyi nomiga loyiq ko‘rildi hamda maxsus kubok bilan taqdirlandi.
Fikrlar