
Paralimpiya o‘yinlari tarixini bilasizmi? U aslida harbiylar uchun o‘ylab topilgan
1948 yil Angliyaning Stok-Mandevil reabilitatsiya gospitali vrachi Lyudvig Guttman Ikkinchi jahon urushida orqa miyasidan jarohat olib qaytgan ingliz jangchilarini sport musobaqalarida ishtirok etish uchun to‘plagan. U nogiron bo‘lib qolganlarning hayotini yaxshilash uchun sportdan foydalanish tarafdori edi. Shu bois Guttman “imkoniyat cheklangan sportchilarning otasi” deb ham ataladi.
Zamonaviy Paralimpiya o‘yinlarining prototipiga aylangan ilk musobaqa 1948 yilda “Stok Mandevil nogironlar aravachasi o‘yinlari” deb nomlangan va u Londonda o‘tkazilgan XIV yozgi Olimpiada o‘yinlari bilan bir vaqtiga to‘g‘ri kelib qolgan.
Shundan so‘ng Guttman o‘z oldiga imkoniyati cheklangan sportchilar uchun ham Olimpiada o‘yinlari tashkil etish masalasini asosiy maqsad qilib qo‘ydi. Ta’kidlash kerakki, “Stok Mandevil nogironlar aravachasi o‘yinlari” 1948 yildan boshlab har yili o‘tkazilib kelindi. 1952 yilga kelib esa ushbu musobaqada Gollandiyadan ham sportchilar ishtirok etishdi va u shundan so‘ng xalqaro musobaqa nomini oldi. Shu yili turnirda 130 nafar sportchi qatnashdi.
1960 yil Rimda o‘tkazilgan IX “Stok Mandevil nogironlar aravachasi o‘yinlari”dan boshlab esa urush fahriylaridan tashqari boshqa nogiron sportchilar ham ishtirok eta boshladi. Shu bois aynan Italiya poytaxtidagi musobaqa tarixdagi ilk Paralimpiya o‘yinlari sifatida qayd etilgan.
Rimdagi yozgi Paralimpiya o‘yinlarida jami 23 ta davlatdan 400 ga yaqin sportchi ishtirok etgan. Shu vaqtdan boshlab dunyoda Paralimpiya harakati rivojlana boshlagan.
1976 yil Shvetsiyaning Ernshyoldsvik shahrida ilk qishki Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazildi. Unda nafaqat aravachadagi, balki, boshqa toifadagi nogiron sportchilar ham qatnashishdi. Shu yilning o‘zida Torontoda bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida rekord darajada sportchilar ishtirok etdi. 40 ta mamlakatdan 1600 nafarga yaqin sportchi qatnashgan ushbu Paralimpiya o‘yinlarida ko‘r va ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan, paraplegiya, umurtqa pog‘onasida jiddiy nogironligi bor hamda boshqa jismoniy kasalliklarga uchragan sportchilar o‘zaro bahs olib borishgan.
Shunday qilib, dastlab nogironlarni davolash va reabilitatsiya qilishga qaratilgan musobaqa yuqori darajadagi sport tadbiriga aylandi. 1989 yilga kelib esa Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) tashkil etildi.
Paralimpiya o‘yinlaridagi yana bir tarixiy burilish 1988 yilda Seul Olimpiadasida sodir bo‘ldi. Aniqrog‘i, shu yildan boshlab Paralimpiya o‘yinlari sog‘lom sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlarida foydalanilgan sport inshootlarida o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Bu 1992 yildan boshlab qishki Olimpiada o‘yinlarida ham qo‘llanila boshlandi.
2001 yilga kelib esa Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi o‘rtasida bitm imzolandi. Unga ko‘ra 2008 yildan boshlab Paralimpiya o‘yinlari ham xuddi Olimpiada bo‘ladigan yilda o‘tkazilishi va unda ham xuddi Olimpiada o‘yinlari kabi birdek imkoniyatlardan foydalanilishi belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga Paralimpiya o‘yinlari ham Olimpiya o‘yinlari bilan bitta tashkiliy qo‘mita tomonidan tashkil etiladi va bir hil manbaalardan moliyalashtiriladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Paralimpiya assotsiatsiyasi 2007 yilda tashkil etilgan. Ushbu tashkilot borasidagi to‘liq ma’lumotni quyidagi havola orqali bilib olishingiz mumkin.
Fikrlar