
"Paxtakor" Boyan Matich bilan xayrlashdi
Yangi mavsum oldidan “Paxtakor” safida ham o‘zgarishlar yuz beradi. Shu sababdan jamoani tark etadigan va yangi qo‘shiladigan o‘yinchilar bo‘lishi tabiiy.
Yodingizda bo‘lsa, “sherlar” safiga ikkinchi davra oldidan serbiyalik hujumchi Boyan Matich taklif qilingandi. O‘shanda u bilan mavsum oxiriga qadar shartnoma imzolangan. Agar legioner o‘zini ko‘rsatsa, kelishuv uzaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Yaqinda Sports.uz saytiga bergan intervyusida kelasi yili ham "Paxtakor"da to‘p surish niyati borligini va imkoniyat berilsa, ishonchni oqlamoqchiligi haqida gapirgandi.
Ammo 22 dekabr kuni 30 yoshni qarshilaydigan serbiyalik o‘yinchi Superligada “Paxtakor” tarkibida 12 ta uchrashuvda maydonga tushib raqiblar darvozasiga 2 marta gol urdi. Hujumchining bunday natijasi klub rahbariyatini qoniqtirmadi.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, “Paxtakor” Matich borasida bir qarorga keldi va klub u bilan xayrlashishni lozim topdi. Shunday qilib, Boyan “sherlar” jamoasini tark etgan ilk futbolchiga aylandi.
Fikrlar