“Paxtakor”ga oson, “Navbahor” va “Neftchi”ga qiyinroq! Chempionlik uchun kurashayotganlar qolgan 8 turda kimlar bilan o‘ynaydi? (Batafsil)
Ayni damda Superligada oltin medallar uchun kurash olib borayotgan jamoalar uchun muhim palla boshlanmoqda. Sezib turganingizdek, gap “Paxtakor”, “Navbahor”, “Neftchi” va “Nasaf” kvarteti haqida bormoqda. Xo‘sh, bu to‘rtlikni Superligada qanday o‘yinlar kutib turibdi? Chempionlik uchun imkoniyatlari qanday?
“Paxtakor”

“Sherlar”ni taqvimda kuchli to‘rtlikda borayotganlar orasida faqat “Nasaf” bilan o‘yin kutib turibdi. Jamoa OChL guruh bosqichida ishtirok etishini inobatga olsak, zaxira o‘rindig‘i tor bo‘lgan “Paxtakor”ga oson bo‘lmasligi aniq. Hozir jamoaning jismoniy holatini a’lo darajada, deb bo‘lmaydi. Ayrim o‘yinlarda bu omil ko‘zga tashlanib qolmoqda. Shunga qaramay, "sherlar" hozirda Superliga g‘olibligi uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Turnir jadvalida eng yaqin ta’qibchisidan 7 ochko ilgarilab ketgani yakunda poygada g‘olib chiqish imkoniyatini oshiradi. Shunga qaramay, hozirdan quvonishga erta. Yuqoridagi ikki omil – zich taqvim va jismoniy holat hal qiluvchi turlarda pand berib qo‘yishi hech gap emas.
“Neftchi”

Farg‘onaliklar “Paxtakor”dan farqli o‘laroq, kuchli to‘rtlikda borayotgan ikki jamoa bilan to‘qnash keladi. E’tiborli tomoni, Superliganing so‘nggi turida “yo‘lbarslar” “Navbahor” mehmoni bo‘ladi. Agar ikki jamoa ham chempionlik imkoniyatini saqlab qolgan holda 26-turga etib kelsa, bu ichki birinchilik tarixidagi eng katta to‘qnashuvga aylanishi hech gap emas.
Shuningdek, “Nasaf” bilan bo‘ladigan Qarshidagi bahs ham jamoaning chempionlik yo‘lidagi burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Farg‘onaliklarni kutib turgan 8 o‘yinning 3 tasi (“Turon”, “Qizilqum”, “Buxoro”) chempionat autsayderlari bilan. Bu asosiy raqiblar og‘ir o‘yin o‘tkazayotgan bir paytda, g‘alaba qozonish imkoniyatini oshiradi. Bundan tashqari, yaqin uch oy ichida farg‘onaliklar bor e’tiborini ichki birinchilikka qaratadi. Qolgan 3 jamoa esa 90 kun ichida 14 va undan ko‘proq o‘yinda maydonga chiqishiga to‘g‘ri keladi. Mavsum oxiri bo‘lgani bois charchoq va jarohatlar faktori rol o‘ynashi ham hech gap emas. Shu bois, “Neftchi” chempionlik uchun oxirigacha kurash olib boradi. Unda etarlicha imkon bor.
"Nasaf"

Berdiev shogirdlari O‘zbekiston kubogi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, tig‘iz taqvimdagi o‘yinlar seriyasini boshlab beradigan jamoalarimizdan biri. “Nasaf”ni Superligadagi qolgan 8 o‘yining 3 tasi asosiy chempionlik poygasidagi asosiy raqobatchilari bilan! “Paxtakor”, “Neftchi” va “Navbahor” bilan o‘yinlar oson kechmasligi aniq.
Qo‘shimchasiga, 26 turda “ajdarlar” OKMK mehmoni bo‘ladi. Yuqoridagi nomi zikr qilingan jamoalardan farqli o‘laroq, “Nasaf” qolgan 8 o‘yining barchasida katta kuch bilan harakat qilishga majbur.
“Navbahor”

“So‘g‘diyona”dan qabul qilingan alamli mag‘lubiyat jamoaning chempionlik poygasidagi imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgani rost. “Lochinlar” “Al-Vakra”ga qarshi juda og‘ir o‘tgan 120 daqiqa davomida katta kuch yo‘qotgani sezilib qoldi. “So‘g‘diyona” esa intensiv futbol evaziga g‘alabani raqibdan yulqib oldi. Keyin Namanganda OKMK bilan nursiz durangga imzo chekildi. Ketma-ket boy berilgan ochkolar sababli jamoa muxlislar bosimi ostida qolgani rost. Taqvim ham oson emas. “Bunyodkor” va “Surxon”ga qarshi haqiqiy jang kutib turgan bo‘lsa, “Andijon” bilan o‘yin “yonib ketishi” aniq. Qo‘shimchasiga, “Navbahor”ni chempionlik uchun kurashayotgan kvartetdagi ikki jamoa bilan o‘yinlar kutib turibdi. 22-turda “Nasaf” Namanganda mehmon bo‘lsa, chempionatni yakunlab beruvchi 26-turda “Neftchi” “Markaziy”ga keladi.
OKMK

OKMK mavsum startini juda yomon o‘tkazganiga qaramay, finish arafasida o‘yin tempiga tushib oldi. OChL yo‘llanmasi qo‘lga kiribgina qolmay, jamoa O‘zbekiston kubogidagi ishtirokini ham davom ettirmoqda. Pro Ligada ishlari u qadar yurishmayotgan “Xorazm”ni chorak finalda raqib ekanligini hisobga olsak, “konchilar” bir oyog‘i bilan kubok yarim finalida deyish mumkin. Hozirda, Olmaliq klubi turnir jadvalida 29 ochko bilan 5 pog‘onada bormoqda. To‘g‘ri, chempionlik uchun kurashda imkoniyatlar juda kam, ammo bu medallar uchun kurashdan OKMK chiqdi degani emas. Qosimov “bandasi” yaqin 3 oy ichida 15 tadan ko‘proq o‘yinda maydonga tushishi talab etiladi. “Konchilar” mavsum oxiriga qadar “Paxtakor” va “Nasaf” bilan to‘qnash kelishini hisobga olsak,bu o‘yinlardagi g‘alabalar jamoani poygaga qaytarishi hech gap emas.
Sizningcha, joriy mavsumda chempionlik uchun asosiy da’vogar kim? O‘z fikrlaringizni izohlarda qoldiring!



Fikrlar