Peresning yangi taktikasi yohud superyulduz bo‘lishi kutilayotgan “Real”ning 7 futbolchisi

  • 6 fevral, 2020, 19:56
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN
“Real”ning transfer siyosati har doim butun dunyoni hayratda qoldirib kelgan. Qirollik klubi chempion jamoani shakllanirgunga qadar milliardlarni sarflashga ulgurdi. Zidanning kelishi esa hammasini o‘zgartirib yubordi.
 
Zidan qo‘l ostidagilardan unumli foydalangan holda, jamoaga boshqa futbolchilarni jalb etishni xohlamadi. Zizu bu jamoa bilan uch marta Chempionlar ligasini qo‘lga kiritishni uddaladi. 
Lekin Florentino Peres oxirgi yillarda o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, yosh va qimmat futbolchilarni sotib ola boshladi. Peres haligacha Neymar transferidagi xatolikni kechira olmaydi. Braziliyalik futbolchi deyarli Madridda edi, ammo oxirgi soatlarda Kataloniya jamoasiga o‘tib ketgan edi. Shundan buyon Madrid prezidenti yosh va istedodli futbolchilar bilan muzokaralarda ehtiyotkor bo‘lib harakat qiladi. 
Oxirgi bir necha yilda “Real” 7 ta iste’dodli futbolchi uchun 138 mln evro sarfladi. Ularning har biri Madrid jamoasining yangi qahramoni bo‘la olishi mumkin. 
 
1. Marko Asensio
Transfermarktdagi narxi 40 mln evro; “Real”ga 3.5 mln evaziga o‘tgan. 
Asensio
Ispaniyaning yangi yulduzi bo‘lishga erishgan Asensio 2014 yilda 19 yoshida “Real” safiga kelib qo‘shilgan. 2015 yil yoz oyida esa rahbariyat uni “Espanol” jamoasiga ijaraga berib yuboradi. Marko Kataloniya jamoasida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va jamoaning asosiy etakchilaridan biriga aylandi. “Espanol” safida 30 o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 13 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. 
Kelasi yil yozda esa Zidan futbolchining iqtidorini sezgan holda, uni jamoada olib qoldi. Unga har doim asosiy tarkibda tushishi uchun imkon yaratib berdi. “Real”ning ketma-ket 3 marta Chempionlar ligasini qo‘lga kiritishiga ham Asensioning hissasi qo‘shilgan. Futbolchining narxi 90 mln evroga chiqdi, “Liverpul” esa Asensio uchun 140 mln berishga tayyor edi. Hozirgi kunda Marko jarohatini tuzatish bilan band. Zidan esa uning qaytishini kutyapti.
 
2. Takefusa Kubo
Transfermarktdagi bahosi – 15 mln evro; “Real”ga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan.
Bu futbolchining qo‘yib yuborilishi “Barselona” rahbariyatining yaqqol xatosi edi. 2011 yildan 2015 yilgacha Kubo “La Masiya” (“Barselona” akademiyasi) safida mashg‘ulotlar olib borgan. Lekin  jamoa 18 yoshli futbolchilar bilan bog‘liq transfer mashmashalari tufayli Vataniga qaytib ketishga majbur bo‘ladi. 2019 yil yozida esa “Real” rahbariyati Kubo transferini e’lon qiladi. Keyin esa futbolchini “Kastilya”ga yubormasdan, “Malorka” jamoasiga ijaraga berib yuboradi. Jamoa quyi ligaga tushib ketmaslik uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, yaponiyalik futbolchiga muntazam o‘yin amaliyoti berdi va Kubo har safar bu ishonchni oqladi. Takefusa 18 ta o‘yinda maydonga tushdi va bitta gol a 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu yosh iqtidor egasining faoliyatida oldinga qo‘yilgan katta qadam edi. Kelayotgan yozda Madridga qaytib, raqobat kuchli bo‘lsa-da, asosiy tarkib uchun kurashishi mumkin. 
 
3. Vinisius Junior
Transermartkdagi bahosi – 50 mln evro; “Real”ga 45 mln evro evaziga kelib qo‘shilgan. 
Vinisius Junior
Braziliyalik yosh iqtidor egasini qo‘lga kiritish uchun Peres maksimum darajada harakat qildi. “Real” rahbariyati 18 yoshli Vinisiusni sotishi uchun “Flamengo”ni ko‘ndirib olishi qiyin kechdi. 2018 yil yoz oyida esa Junior 45 mln evro evaziga Qirollik klubi safiga o‘tgani e’lon qilindi. 
“Real” o‘shanda Vinisius uchun harakat qilgan “Manchester Yunayted” va “Barselona” ustidan ham g‘alaba qozongan edi. O‘tgan mavsumda futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushdi va jamoa safida debyut qilgan 2000 yilda tug‘ilgan futbolchilar ichida eng birinchisi bo‘ldi. “Real” safida o‘tkazgan 1,5 mavsumi davomida Vinisius 31 ta o‘yinda maydonga tushdi va 3 ta gol urishga erishdi, 2 marta jamoadoshlarining gol urishiga yordamlashdi. Yosh Vinisius hozirda Peresning eng katta umidi hisoblanadi. U bir paytlar jamoaga kelib qo‘shilmagan Neymardek harakat qilishi kerak. 
 
4. Rodrigo Goes
Transfermarktdagi bahosi – 50 mln evro; “Real”ga 45 mln evro evaziga kelib qo‘shilgan. 
Yana bir braziliyalik yosh iqtidor egasi “Real” safiga qimmat summaga kelib qo‘shildi. Rodrigo “Santos” safida to‘p surar edi. O‘sha paytlardanoq Evropa grandlari e’tiboriga tusha boshladi. “Man Siti”, “Man Yunayted”, “Milan” va “Bavariya” skautlari futbolchini xarid qilish uchun kelishardi. Faqatgina “Qaymoqranglilar”gina ideal shartnoma taklif qilishdi. 17 yoshli futbolchi uchun 45 mln evro to‘lashdi va 2018 yilda Rodrigo “Real” safiga kelib qo‘shildi. O‘tgan yilning noyabr oyida Rodrigo Chempionlar ligasida debyut qilgan XXI asrda tug‘ilgan ilk futbolchiga aylandi. “Galatasaray”ga qarshi o‘yinda urgan 3 ta goli Zidan va Peres unga sarflagan pullari bekorga emasligini isbotladi.
 
5. Martin Edegor
Transfermarktdagi bahosi – 50 mln evro; “Real”ga 3 mln evro evaziga kelib qo‘shilgan.
Edegor
Norvegiyalik futbolchi 2015 yilda Madrid jamoasiga kelib qo‘shilgan edi. O‘shanda 16 yoshda bo‘lgan Martin Norvegiya chempionatining “Stremsgodset” jamoasi safida to‘p surardi. Evropaning deyarli barcha grandlari futbolchi uchun kurashayotgan bir pallada, “Real” Edegorga 6 yillik shartnoma taklif qildi va har yili 2,5 mln evro ishlab olish imkoniyatini yaratdi. Hozirda Martin “Real Sosedad” safida to‘p suryapti va istalgan vaqt Madridga qaytib, jamoani kuchaytirishi mumkin. 
 
6. Reyner
Transfermarktdagi bahosi – 25 mln evro; “Real” ga 30 mln evro evaziga kelib qo‘shilgan.
Navbatdagi braziliyalik iqtidor. “Real” futbolchi uchun “Flamengo”ga 30 mln evro to‘ladi. 19 yanvarda esa Reyner 18 yoshga to‘ldi. Qirollik klubi yana bir bor yosh va iste’dodli futbolchilar uchun millionlarni ayamasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Reyner 17 yoshida Braziliya klubida maydonga tushgan va yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan: 14 o‘yin, 6 ta gol va 2 ta golli uzatma. Eng asosiysi, uning o‘yini. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, u to‘p bilan yaxshi muomala qiladi, sheriklarini seza oladi va liderlik qobiliyati ham mavjud. Uning pozitsiyasi hujumkor yarim himoyachi. Zidanning ishonchiga kirishi uchun yaxshigina ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Chunki bu pozitsiyada jahon darajasidagi futbolchilar to‘p suradi. Yoki La Liganing biror jamoasida ijaraga o‘tishga rozi bo‘lishi kerak. 
 
7. Andrey Lunin
Transfermarktdagi bahosi – 3 mln evro; “Real” ga 8,5 mln evaziga kelib qo‘shilgan.
2018 yilda ukrainalik golkiper “Real” bilan shartnoma imzoladi. Lunin uchun “Roma”, “Napoli”, “Lester” va hattoki, “Yuventus” ham kurash olib borayotgan edi. Ammo futbolchi Madrid jamoasi safiga o‘tishni ma’qul ko‘rdi. Tarkibida Keylor, Kurtua kabi darvozabonlar bo‘lgan jamoada Andreyga joy topilmadi va “Leganes”ga ijaraga o‘tishga rozi bo‘ldi. Lekin u erda ham bor-yo‘g‘i 5 marta maydonga tushdi. Yozda esa o‘yin amaliyoti kerakligi uchun “Valyadolid”ni tanladi. Lekin u erda esa biror marta maydonga tushmadi.
Yangi yildan so‘ng esa, Andrey “Real Ovedo” bilan shartnoma imzoladi. Yangi jamoasida 3 marta maydonga tushgan Lunin yanvar oyida jamoaning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Dior Akhunoff
06/02/2020 21:45
Ha bu 7likni realni kelajagi deb qarayman. Bular safiga Hakimi ni ham qoshish kerak!