«Portu» Ximenes bo‘yicha «Milan» bilan muzokaralarni to‘xtatdi

  • 20.08.2026 15:58
  • Abdukarim Atayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Portu» klubi «Milan» bilan hujumchi Santyago Ximenes transferi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarni vaqtincha to‘xtatdi. Goal nashri O Jogo manbasiga tayanib xabar berishicha, tomonlar bitimning moliyaviy shartlari va shakli borasida kelisha olmagan.

 

25 yoshli forvard o‘tgan mavsumda jarohati tufayli bir qator o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan. U maydonga tushgan 18 uchrashuvda 1 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi.

«Portu» meksikalik futbolchini bepul ijaraga olishni taklif qilgan, shartnomaga esa 15 million yevro evaziga sotib olish imkonini nazarda tutuvchi band kiritilgan. Ushbu band ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda majburiy kuchga ega bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

 

«Milan» bu taklifni ma’qullamadi. Italiya klubi futbolchini to‘lovli ijara asosida olib, keyinchalik uni 20–25 million yevro atrofidagi summaga sotib olish huquqini saqlab qolish tarafdori. Bu variant «rossoneri»ga Ximenesni «Feyenoord»dan taxminan 32 million yevro evaziga sotib olganidan keyingi moliyaviy yo‘qotishlarni qisman qoplash imkonini beradi.

 

Muzokaralar samarasiz yakunlangach, «Portu» hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun boshqa nomzodlarni ko‘rib chiqishga kirishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!