
Poytaxtimizda “Xumo Arena” muz saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi (FOTO)
Bugun poytaxtimizda qad rostlagan “Humo Arsena” muz saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.
Majmuaning tantanali ochilish marosimi sport muxlislarining yodida uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘ldi. Marosimida bosh g‘oya san’at va sportni birgalikda uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ochilish marosimi sportchi va san’atkorlar hamkorligida tayyorlangan shou dastur bilan davom etdi. Muz maydoni sathida 3D mepping texnologiyasi asosida Humo qushi, bu erda o‘tkaziladigan sport turlari tasviri namoyish etildi. Sportchi yoshlar hamda bolalar ko‘rgazmali chiqishlar qildi. O‘zbekistonning yosh sportchilari va mashhur xokkeychilar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Humo Arena” zamonaviy muz saroyining foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston sporti tarixida yangi bosqichni boshlab beradi.
Qayd etish kerakki, ko‘p tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyi dunyoga mashhur o‘ndan ortiq xorijiy firma va kompaniya bilan hamkorlikda qurildi.
Majmuaning kontseptual loyihasi Janubiy Koreyaning “Heerim Architects & Planners” kompaniyasi, tom qismining loyihasi Avstriyaning “Oberhofer Stahlbau” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Umuman, inshootni qurish va jihozlashda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Frantsiya, Finlyandiya, Rossiya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnika va texnologiyalardan foydalanilgan.
Inshoot ikki qismdan iborat bo‘lib, unda asosiy va mashq muz arenalari joy olgan. Umumiy maydoni 82 ming 250 kvadrat metrdan iborat 6 qavatli inshootning eng baland nuqtasi 40 metrni tashkil etadi.
Mobil o‘rindiqlar bilan jihozlangan saroyda xokkey o‘yinlarini 12 ming 500, boshqa sport musobaqalarini 14 ming, turli kontsert va dam olish dasturlarini 10 ming tomoshabin kuzatadi. Dam olish maskani va ijtimoiy markaz sifatida barpo etilgan muz saroyida turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin. Xususan, arenada xalqaro xokkey o‘yinlari, kyorling, figurali uchish, short-trek bo‘yicha musobaqalar, basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo, qilichbozlik bahslarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, majmuada umumxalq bayramlari, kontsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish uchun barcha sharoit muhayyo.
Majmuada muhandislik tarmoqlari, yong‘inni o‘chirish, sovutish tizimlari, yoritish, ventilyatsiya, isitish qurilmalari to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, tejamkor texnologiyalar asosida ishlaydi.
Saroy yonida 1 ming 500 avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh qurilgan.
MDH mamlakatlarining birortasida ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyining muqobili yo‘q, u jahon yulduzlari reyderi talablariga deyarli to‘liq javob beradi.
Qisqacha aytganda, ushbu inshoot O‘zbekiston xalqi farovonligi, taraqqiyot va rivojlanish yo‘lida yangi sahifa ochilgani ramzidir.
Marosimda Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel, dunyoga mashhur sportchi va san’atkorlar ishtirok etdi.
Fikrlar