
"Pro ligada oson bo‘lmasligiga ko‘zim etyapti". Rashid G‘ofurov Superligada o‘ynagan qaysi o‘yinchilarni "Navbahor-farm"ga olib kelganini bilasizmi?
O‘tgan yili birinchi liga g‘olibiga aylangan “Navbahor-farm” jamoasi bu yil pro ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Rashid G‘ofurov bosh murabbiyligidagi ushbu jamoa anchadan beri mahalliy tarbiyalanuvchilar bilan ajoyib natijalar qayd etib kelmoqda. Pro ligada ham mahalliy yoshlarning saviyasi yanada oshishi kutilmoqda.
Albatta, pro ligada jiddiy raqiblar bor. Shu bois birinchi ligadan chiqqan “Navbahor-farm” tarkibiga tajribali ijrochilarni ham qo‘shib oldi. Kuni kecha Sports.uz jurnalisti shu masala bo‘yicha bosh murabbiy Rashid G‘ofurov bilan bog‘landi.
- “Navbahor-farm” pro ligaga chiqqani uchun tarkibi yaxshi darajadagi ijrochilar bilan kuchaytirildi. Bu xususida nima degan bo‘lardingiz?
- O‘tgan yilgi tarkibimizning asosiy negizini saqlab qoldik. Boshqa joylarda ijarada o‘ynayotgan mahalliy yigitlarimiz qaytdi. Ular “Navbahor”ning asosiy tarkibiga o‘tishmaydi. Ammo pro ligada jamoamizga foydasini tegishini inobatga olib, taklif qilganmiz. Muhimi, asosiy tarkib negizi saqlab qolingan. Bitta futbolchimizni “So‘g‘diyona”ga ketib qolganini hisobga olmasak, qolgan barcha o‘yinchilarimiz shu erda. Bizga yordam beradigan futbolchilardan Ibrohim G‘anixonov, Islom Rashidxonov, Shoxruh Mahmudxojiev va yana boshqa yigitlar bilan munosib qatnashishga harakat qilamiz. Ularni oldindan yaxshi bilamiz. Jamoamizga moslashib yordam berishadi, degan umiddamiz. Ular Superligani ko‘rgan. Tajribalari bilan jamoamizga asqotishadi.
- Darhaqiqat, ushbu futbolchilar Superligada to‘p surishgan. Ularni pro ligada “Navbahor-farm” uchun to‘p surishga ko‘ndirish qiyin kechmadimi?
- Yo‘q, qiyinchilik tug‘dirgan joyi bo‘lmadi. Namanganlik yigitlar bo‘lishgani uchun boshqa joydan ko‘ra o‘zimizga yordam berishlarini so‘ragandik. Yordam berishdan bosh tortishmadi, rozi bo‘lishdi. Aslida ushbu futbolchilar Superliga darajasidagi o‘yinchilar. Chempionatda ham buni amalda ko‘rishni xohlaymiz.
- Pro ligada jamoa oldiga konkret qanday vazifa qo‘yildi?
- Chempion bo‘lish maqsadi qo‘yilgani yo‘q. Vazifamiz “Navbahor”ga faqat saviyali o‘yinchilarni etkazib berish. Biz shunga intilamiz. Qanaqa o‘rinni egallashimizdan qat’iy nazar asosiy jamoaga munosib futbolchilarni etkazishda foydamiz tegsa bo‘ldi. Bu bizni hech qanaqa o‘ringa kurashmaydi, degani emas. Hamma qatori yaxshi niyat qilamiz, oldinga intilishga harakat qilamiz. O‘tgan yili ham 1-o‘rinni vazifa qilib qo‘yishmagan. Faqat o‘zimiz oxirigacha kurashishga bel bog‘lagandik va yakunda maqsadimizga erishdik. Boya aytganimdek, asosiy tarkibimizga saviyali o‘yinchilarni etkazib berish muhim. Saviyali futbolchilar qachon ko‘rinadi? Yaxshiroq jamoalarni yutib turganda ko‘rinadi. Shuni orqasidan yigitlarga takliflar ham bo‘ladi. Qachonki, “Navbahor”dan ortib qolsa, keyin boshqa klublardan so‘rab qolishi mumkin. Tarkibimizdagi aksariyat o‘yinchilar namanganlik yigitlar.
- Pro liganing darajasini qanday ko‘ryapsiz va asosiy raqiblar haqida nima deya olasiz?
- O‘tgan yildan beri pro liga uchrashuvlarini televizor orqali kuzatdim. O‘shanda ko‘rganlarim asnosida o‘ynasa bo‘ladigan jamoalar deya o‘ylab yurardim. Biz bu yil tayyorgarlik jarayonlarimizni Toshkentda ham olib bordik. O‘shanda pro liga klublari saviyasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdik. Superligadagi 4-5 ta klubdan hech qanaqa qolishadigan joyi yo‘qligini ko‘rdim. Sababi, pro liganing ham saviyasi ancha yuqori. Etakchi jamoalar bilan o‘ynadik, tarkiblarida legionerlari bor. Shunga yarasha oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘yishgan. O‘rtoqlik bahslarida etakchilarga qarshi o‘yin tomonlama yutqazmagan bo‘lsak-da, pro ligada oson bo‘lmasligiga aqlim etdim. “Mash’al”dan tashqari, “Qo‘qon-1912”, “Dinamo”, “Lokomotiv”, “Sho‘rtan” kabi bir qator oldiga aniq maqsad qo‘ygan jamoalar bor. Bunday vazifasi bor klublarda moliyaviy holat ham yaxshi bo‘ladi va tarkib borasida ham yaxshi ijrochilarga ega bo‘ladilar. Shuning uchun pro ligada oson bo‘lmasligiga ko‘zim etyapti. Biz asosan yuqoridagi tajribali futbolchilarni safimizga qo‘shdik. Qolgani asosan o‘tgan yilgi o‘yinchilar. Jamoani pro ligaga olib chiqqan futbolchilarni qo‘yib yuborishimiz ham noto‘g‘ri. Ular 2-3 yil mehnat qilishdi va pro ligada to‘p surishga haqlilar.
- Moliyaviy holat yaxshimi?
- Hozirgacha bo‘lgan muammolarni barchasini hal qilishyapti. Oylik maoshlar o‘tgan yilgiga nisbatan ko‘tarilgan. Toshkentda yig‘in tashkil qildik. Noliydigan joyimiz yo‘q, e’tibor yaxshi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar