Qasos o‘tida yongan «matraschilar» - o‘ta qiyin vaziyatga tushib qolgan «nemis mashinasi»ga qarshi!

  • 1 dekabr, 2020, 18:07
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bugun oqshom butun dunyo muxlislari intiqlik bilan kutayotgan Evropa Chempionlar Ligasi turniri qaytadi. Deyarli barcha Evropa futboli ishqibozlari uchun tun bedorlikda o‘tadi, sababi, qizg‘in o‘yinlar, kutilmagan natijalar va hayajonli kechalar bugun ham davom etishi shubhasiz. Bizni seshanba oqshomida bir qancha qiziq o‘yinlar kutib turibdi. Hozir ulardan ikkitasi haqida gaplashamiz.

Bugun Madridda «Atletiko» Myunxenning «Bavariya»sini mehmon qiladi. Markaziy uchrashuv, ko‘p tomonlama qarama-qarshiliklar mavjud - shu tufayli, o‘yin shiddatli kechishi taxmin qilinmoqda. Yangi mavsumning ilk turida ushbu jamoalarning "Alyants Arena"dagi bahsida nemislar ispanlarni yirik - 4:0 hisobida yanchib tashlashgani yodingizda bo‘lsa kerak. Bugun mehmonlarda qasos olish uchun o‘ta qulay imkoniyat bor, balki bunaqasi boshqa bo‘lmas. Shu sababli, ular bor imkoniyatini ishga solishi aniq. Demak, boshladik!

photo_2020-12-01_17-57-20

«Atletiko»

Diego Simeonening «Atletiko»si bu mavsum qolgan mavsumlardagiga qaraganda xalqaro arenada biroz qiynalib qolmoqda. Yangi mavsumda ichki chempionat doirasida ishonchli natijalarga erishib, turnir jadvalida etakchilikni ushlab turgan madridliklar EChL doirasida bunday ko‘rsatkichlarni qayd eta olmayapti. Ilk turda Myunxenda qabul qilib olingan qaqshatqich zarbadan so‘ng, jamoa ikkinchi turda «Vanda Metropolitano»da «Red Bull Zaltsburg»ni engib, ancha o‘ziga kelib oldi. Keyingi 2 turda esa, o‘ta qiyin o‘tgan «Lokomotiv» Moskvaga qarshi bahslarda umumiy hisobda 2 ochko olishga erishdi. Ya’ni, Moskva klubi har ikkala bahsda ham «Atletiko»ga yutkazmadi. Umumiy hisobda, 5 ochko to‘plagan holda guruhda 2-o‘rinni egallab turgan madridliklarda vaziyat hozir ancha qiyinlashgan. Ular nimchorak final yo‘llanmasini naqd qilishlari uchun, bugun kamida amaldagi chempionni engishi hamda «Red Bull Zaltsburg»ning «Lokomotiv»ga engilmasligini niyat qilib turishlari lozim.

Garchi, Simeone jamoasi EChLda yaxshi o‘yin namoyish eta olmayotgan bo‘lsa-da, ichki chempionat doirasidagi ketma-ket 6 bahsda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. «Selta», «Betis», «Osasuna», «Kadis», «Barselona» hamda «Valensiya»ga qarshi bahslarda g‘alaba qozongan madridliklar bugungi o‘yinga yaxshi kayfiyatda tashrif buyuradi. Ular bugun Myunxen jamoasidagi ko‘plab yo‘qotishlardan unumli foydalangan holda maksimum ochko olishga harakat qilishi kutilmoqda. Jamoada bir qancha asosiy tarkib o‘yinchilari borasida yo‘qotishlar mavjud bo‘lib, ular ham o‘yinga o‘z ta’sirini ko‘rsatish ehtimoli yo‘q emas. Klubga bugun Luis Suares, Duglas Kosta, Shime Vrsalko, Lukas Torreyra hamda Manuel Sanches yordam bera olmaydi. Lekin baribir, uy effekti hamda g‘alabali seriyalar ta’sir o‘tkazib, klub muvaffaqiyatga erishish ehtimoli ham yo‘q emas. Nima bo‘lgan taqdirda ham, «Bavariya»ning EChLdagi rekord g‘alabali seriyasiga nuqta qo‘ya olgan jamoa tarixda qolishi aniq.

Taxminiy tarkiblar: Oblak; Tripper, Savich, Ximenes, Lodi; Lorente, Koke, Saul, Karrasko; Felish, Korrea.

photo_2020-12-01_18-01-25

«Bavariya»

Xo‘sh, myunxenliklarda vaziyat qanday? «Bavariya» o‘tgan mavsumda qanday natijalarni qayd etgani barchamizga ma’lum. Uni qayta-qayta eslab, «nemis mashinasi»ning qoyilmaqom tarzda ishlaganini aytaverishdan charchaganlar ham topiladi. Xalqaro trebl qayd etgan klubga o‘tgan mavsumda rosmana ma’noda teng keluvchi raqib topilmagan edi. Yangi mavsumda esa Flik shogirdlari Chempionlar ligasining dastlabki 4 turida maksimum 12 ochkoni qo‘lga kiritdi va bu mavsum ham chempionlik uchun asosiy da’vogar klub hisoblanadi. Ammo bu yilgi karantin tufayli yuzaga kelgan tig‘iz taqvim natijasida jamoada yangi mavsumda katta va kichik yo‘qotishlar yuzaga keldi hamda birmuncha qiyin vaziyatga tushib qoldi. Myunxenliklarning yuragi bo‘lmish Kimmixning va qanot himoyasidagi ishonchli o‘yinlari bilan asosiy tarkibdan muqim o‘rin egallagan Devisning uzoq muddatga safdan chiqqani, Martines, Buna Sarr, Tolisso va Mark Rokaning kichik jarohatlari hamda shanba kungi «Leyptsig»ga qarshi muhim o‘yin uchun Levandovski, Noyer va Goretskaga dam berilishi oqibatida «Bavariya» bugun har doimgi tarkibida o‘ynay olmaydi. Bundan tashqari, Lyuka Ernandes va Jerom Boatengning ham maydonga tushishi so‘roq ostida. Zaxirasi ham uncha-muncha jamoalardan kuchliroq bo‘lgan klubda, o‘ylashimizcha, bu borada muammolar bo‘lmaydi. Sababi, kuchli yarim himoyachilarining ko‘pligi jihatidan klub istalgan Evropa jamoasi bilan bahslasha oladi. Bundan tashqari, klub nimchorak final yo‘llanmasini muddatidan avval hal qilib bo‘lganligi bois, ularda bugun ortiqcha bosim ham yo‘q. Germaniya chempioni hozir faqat o‘z muxlislari hamda EChLdagi g‘alabali seriyani davom ettirish uchungina o‘ynaydi.

Taxminiy tarkiblar: Nyubel; Alaba, Zyule, Ernandes, Pavar; Gnabri, Myuller, Koman, Sane, Kosta; Shupo-Moting.

photo_2020-12-01_17-57-47

Bosh murabbiylar

Diego Simeone: “Biz «Bavariya» bilan o‘ynaymiz. Hozirda ular dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri. To‘g‘ri, ularda muammolar bo‘lishi mumkin, biroq bu darajaga ta’sir qilmaydi. Bizda ham ayrim muammolar mavjud, lekin shunday bo‘lsa ham, biz bugun yutishga majburmiz va bunga harakat qilamiz”.

photo_2020-12-01_18-03-12

Hansi Flik: «Biz o‘yinni intizorlik bilan kutmoqdamiz. Ular Ispaniyaning ayni damdagi eng kuchli jamoalaridan biri. Jadvalda 2-o‘rinda borishmoqda. Simeone? U juda zo‘r murabbiy. Har doim o‘z jamoasining o‘sishi uchun borini beradi va bunga erisha oladi. Ular bilan o‘ynash yoqimli».

photo_2020-12-01_17-57-54

Xulosa o‘rnida

«Bavariya»ga qarshi ilk o‘yinda «Atletiko» deyarli hech narsa qila olmagan edi, shu sababli bugun ham, bizningcha, ulardan juda ko‘p narsa kutish noo‘rin bo‘ladi. Flik har bir o‘yinga jiddiy e’tibor berishini hamda kuchli taktik ekanligini hisobga olgan holda ular bugun asosiy o‘yinchilarsiz ham kamida durang natijaga erishishini taxmin qilmoqdamiz. Simeone jamoasinig asosiy to‘purar hujumchilari o‘ynay olmasligi bois, ularda ham gol urish bilan bog‘liq muammolar mavjud. Fikrimizcha, golli durang qayd etilish ehtimoli katta. Albatta, bu shunchaki taxmin, barchasini maydondagi vaziyat hal qiladi. Birga kuzatamiz.

Abdulla Mannonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!