
Qatar yashil maydonlaridagi ilk "otishma" yoxud Eron AQShga qarshi!
SPORTS.uz Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishni davom ettiradi. Bugun guruh bosqichidan o‘rin egallagan eng muhim bahsni muhokama qilamiz. Uning tarixi, g‘alabaning darajasi va yashil maydonga ko‘chgan ziddiyat haqida! Futbol ishqibozlari mutolaasi uchun tavsiya etiladi.
Osiyo qit’asidagi ikkinchi mundialning guruh bosqichi uchun tashlangan qur’adan so‘ng deyarli barchaning e’tiborini bir uchrashuv o‘ziga qaratdi. Bu Braziliya yoki Argentina singari grandlar ishtirokidagi bahs emas, ammo bo‘lajak o‘yinning toshi juda og‘ir. Shu kunga qadar bunday to‘qnashuvni tarix bir marotaba ko‘rgan...
Keskinlik sababi nima?
Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy qarashlarga borib taqaladi. 1979 yilda Eronda hokimiyat almashinuvi sodir bo‘ldi. O‘sha davrdagi davlat rahbari Muhammad Rizo Pexlavi noilojlikdan Amerika Qo‘shma Shtatlariga qochib ketadi. Mamlakatda tuzilgan yangi hokimiyat esa, AQShdan Pexlavini ortga qaytarishini talab qildi. Okean ortidagilar forslarning talabini qanoatlantirmagach, Erondagi AQSh elchixonasi forslar tomonidan "ishg‘ol qilinadi". Qo‘shma Shtatlarning 52 fuqarosi Eron Islom Respublikasi tomonidan asirga olinadi. Deyarli 2 yil davom etgan muzokaralardan so‘ng 1981 yilda Eron mahbuslarni ozod etadi. Bu voqealar haqida suratga olingan "Argo Operatsiyasi" filmi qariyb 30 yildan beri barchani hayratga solib kelmoqda.
AQSh ko‘p o‘tmay, Eron Islom Respublikasi bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatdi. Yillar o‘tgani sari bu munosabatlar yanada yomonlashib bordi. 1998 yilda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati chog‘ida munosabatlar o‘zining eng avj pallasiga chiqqan edi. Frantsiyada o‘tkazilgan mundial siyosiy maydondagi eng azaliy raqiblarning ilk dueli uchun imkon yaratdi. Germaniya, Yugoslaviya, AQSh va Eron bir guruhdan joy egalladi. Bu paytga kelib, FIFA reytingida AQSh 11-pog‘onani, Eron esa 42-o‘rinni band qilgan edi. Bir qarashda, qit’adoshlarimiz yaqqol autsayder obrazida. Yakunda shunday ham bo‘ldi, Eron guruhda qolib ketdi, ammo bu mundial ular uchun mamlakat tarixidagi eng ulkan g‘alaba bilan tarixda abadiy qoldi.
Asrga tatigulik o‘yin tarixi
"JCh-1998"ni ikki terma ham kutilgan mag‘lubiyat bilan boshladi. Forslar Yugoslaviyadan minimal hisobda engilgan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar darvozasiga "nemis mashinasi" javobsiz ikkita gol kiritdi. Ikkinchi turda printsipial raqiblar Lion shahridagi mashhur "Jerlan" arenasida to‘qnash keldi. Shimoliy Amerika qit’asidan tashrif buyurgan jamoa qaydnomasida 6 ta Evropada to‘p tepuvchi yulduz bor edi. Eronda esa, "Armenia"dagi Ali Dayidan boshqa taniqli futbolchi yo‘q.
Bellashuvdan avval bir nechta aktsiyalar sababli bahsdagi keskinlik ortib ketdi. Matbuot anjumaniga tashrif buyurgan muxlislar 1984 yilda siyosiy sabab tufayli o‘ldirilgan Habib Habirining rasmi tushirilgan bannerni ko‘tarib chiqdi. O‘sha kuniyoq AQShda bo‘layotgan erkin kurash bo‘yicha turnirga eronlik polvonlarni kiritishmadi. Frantsuz telekanallarida esa, Erondan qochib ketishga urinayotgan bir qizaloq hikoyasi aks etgan hujjatli film bir necha marotaba efirga uzatildi. Matbuot anjumanida Eron termasining o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Jalol Tolibi ancha keskin fikr bildirdi:
"Bunday vaziyatda Eron madaniyati haqidagi yolg‘onlarni namoyish etish yaxshi emas. JChda futbolga muhabbat va birdamlik haqida fikr bildirish lozim. Bizga bo‘layotgan nohaqliklardan hech kim foyda ko‘rmadi, biroq bir necha million insonning dili og‘ridi. To‘g‘ri, biz hali JChning birorta o‘yinida g‘alaba qozonmaganmiz, biroq buni ertangi to‘qnashuvda umuman ahamiyati yo‘q. Bu hayotimizdagi eng katta bahs, nima bo‘lgan taqdirda ham unda mag‘lub bo‘lmaymiz. Bizni vatanimizda urushdan jabr ko‘rgan minglab insonlar kutmoqda. Ular uchun ham ertaga maydonda "jang" qilishga tayyormiz".
Eron bu ishni qanday uddaladi?
Raqibdan farqli o‘laroq, AQSh bu o‘yinni imkon qadar omma e’tiborida bo‘lmasligiga harakat qildi. Bellashuv uchun chiqarilgan chiptalarning 15 foizini (7 mingtasini) eronlik mujohidlar guruhi sotib olgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgach, ikki mamlakatning maxsus xizmat vakillari stadiondagi xavfsizlikni birga ta’minlashga kelishib oldi. Bundan tashqari, odatdagidan 3 barobar ko‘proq politsiya ofitserlari o‘yinga jalb etildi. Mundial tashkilotchilari stadiondagi har bir sektorga ko‘z-quloq bo‘lish maqsadida barcha ehtiyot choralarini qo‘lladi.
Futbol qoidalariga ko‘ra, nominal mehmonlar mezbonlar bilan o‘yindan avval qo‘l berib so‘rashishi kerak. Eron o‘sha kuni bahsda rasmiy mehmon sifatida ishtirok etishi ko‘zda tutilgani bois, forslar raqib futbolchilari bilan o‘yindan avval qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortadi. Jamoa bosh murabbiyi Jalol Tolibi vaziyatni tushuntirgach, tashkilotchilar Eronni mezbonga aylantirdi. E’tiborlisi shundaki, AQShdan tashrif buyurgan futbolchilar ham bunga qarshilik qilishmadi. Natijada, forslar mezbon sifatida mehmon tomonidan uzatilgan qo‘llarni havoda muallaq qoldirmadi.
O‘yin kutilganidan-da shiddatli kechdi, ammo birorta keskin qo‘pollik ko‘zga tashlangani yo‘q. Bahsni boshqarib borgan shveytsariyalik referi Urs Mayer atigi 3 bor cho‘ntagidan sariq kartochka chiqardi, xolos. Birinchi bo‘lim yakuniga 5 daqiqa qolganida Hamid Esili raqib darvozasini boshi bilan ishg‘ol qilib, tanaffusga jamoasini yaxshi kayfiyatda olib chiqqan bo‘lsa, o‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganida Mehdi Mehdavakia tablodagi natijani 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. O‘yin yakuni arafasida Brayn MakBrayd hisobni qisqartirdi, ammo g‘alaba forslarda qoldi.
Final hushtagi chalingach, forslar xuddi Jahon chempionligini qo‘lga kiritgandek bayramni boshlab yubordi. Eronning katta shaharlarida chinakam bayram boshlanib ketdi. Voqealarni o‘z ko‘zi bilan kuzatgan FIFA rasmiysi shunday xotirlaydi:
"Tehron ko‘chalari raqsga tushgan futbol muxlislari bilan to‘lib-toshib ketdi. Hatto, ularni tinchlantirish maqsadida ko‘chalarga chiqqan ofitserlar ham bayramga qo‘shildi. Buni to‘g‘ri tushunish mumkin. Eronda futbolni juda yaxshi ko‘rishadi. Siz qanday kasb vakili bo‘lishingizdan qat’i nazar, birinchi navbatda muxlissiz! 3-turda Eron Germaniyaga mag‘lubiyatga uchradi, ammo bu bahs natijasi hech kimni qiziqtirgani yo‘q. Forslar o‘z futboli tarixidagi eng ulkan g‘alabaga erishib bo‘lgan edi."
Ularni aeroportda kutib olish uchun 10 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurdi. Mamlakat futboli rahbarlaridan tortib, yaqin o‘tmishning olimlarigacha. Eronda 1998 yildagi g‘alabadan mast insonlarni oradan qariyb 40 yil o‘tib ham uchratish mumkin.
O‘zgacha yakun
Qizig‘i shundaki, "hayot-mamot" bahsidan so‘ng ikki tomon munosabatlari ancha yaxshilangandek tuyuldi. Bir muncha vaqtdan keyin tomonlar Kaliforniyada o‘rtoqlik o‘yinida ham ishtirok etdi, ammo Jorj Bushning Prezidentlik davrida vaziyat avvalgi holatidan ham keskinlashdi. AQSh Eron iqtisodiyotiga sanktsiyalar yordamida zarba berishni boshladi. Keyinroq Bag‘dod shahridagi Eron generali Qosim Sulaymonining o‘limi va boshqa faktorlar yuzaga chiqib keldi. Ish shu darajaga etib bordiki, Qatar maydonida ikki tomon ham bir-biriga qo‘l uzatmasligi haqiqatdek ko‘rinmoqda. Frantsiyada bo‘lgan mundialdan farqli o‘laroq, Qatardagi to‘qnashuv chinakam "otishma"ga aylanib ketishi hech gap emas.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar