
"Qatarga reklama kerak emas" - Sardor Rashidov Saudiya futbolining tanlagan yo‘li, "Paxtakor"dan nega ketishi va boshqa mavzularda intervyu berdi
Sardor Rashidov oxirgi paytlarda futboldan tashqarida bo‘lib qolganini payqagan bo‘lsangiz kerak. Mavsumni “Paxtakor”da boshlagan o‘yinchi oradan ko‘p o‘tmay “Sherlar” bilan xayrlashdi. Shundan beri Rashidov jamoasiz yuribdi.
Bu futbolchi Qatardagi o‘yinlari orqali ham yaxshigina nom qozongan. Shuning uchun u arab futboli va uning chempionatlarini boshqalarga qaraganda yaxshiroq biladi. Suhbatimiz ham shu mazmunda boshlandi.
- Sardorbek, xabaringiz bor, ayni paytda Saudiya Arabistoni jahon futboli bozorida juda katta yirik transferlarga qo‘l uryapti va yulduz o‘yinchilar Saudiyaga ko‘chib o‘tyapti. Arab ligalarini yaxshi bilgan futbolchi sifatida siz bunday jarayon qachondir yuz berishini bilarmidingiz? Umuman, bu borada nimalarni ayta olasiz?
- Ha, bu narsani men oldin ham aytganman, keyin ham aytaman: futbol hozir pul va biznes bo‘lib qoldi. 2 yil avval bergan intervyuimda aytgandim, hozirgi futbolda pul birinchi o‘rinda. Marhamat, guvoh bo‘ling: yosh, iqtidorli o‘yinchilar ham Saudiyaga kelishmoqda.
- O‘tgan yili jahon chempionati Qatarda o‘tkazildi va yuqori saviyada tashkillashtirildi. Endi esa saudiyaliklar ulardan qolishmagan holda jahon futboli e’tiborini katta-katta transferlar orqali o‘ziga qaratmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bu Qatar va Saudiya o‘rtasidagi o‘zaro raqobat tufaylimi yoki...
- Yo‘q, bu raqobat emas. Qatar o‘ziga xos davlat. U er men uchun tengsiz. Qatarda ham pul bor, ham yashash uchun juda katta qulayliklar mavjud. Oila bilan tinch va xavfsiz hayot. Agar menga Qatar yoki Saudiya deyishsa, Qatarni tanlardim. Saudiyadagi bu ojiotaj biz uchun emas. Bular hammasi yulduz o‘yinchilar uchun. Sizga esa past nazar bilan qarashadi. Hozirgi paytda ularga iqtidorlar emas, obro‘li yulduzlar kerak.
- Shuningdek, “Al Ittihod”da marokashlik hujumchi Abdulrazzoq Hamdallah to‘p suryapti va hozirda to‘purarlar orasida. U siz bilan Qatarda 2 yil birga to‘p surgan. Hamdallah bilan doimiy aloqadamisiz? Masalan, yulduzlar haqida u bilan gaplashib turasizmi?
- Abdulrazzoq meni do‘stim. U bilan har doim aloqadaman, SMS yozaman: “Ey, abdu, o‘zingdan ketma, Ibragimovich bo‘lsang ham meni olimda hech kim emassan” deb...Chunki men o‘ynagan mahalda kam gol urgan. U ham, Romarino ham. Buni o‘zlari yaxshi bilishadi. O‘sha mahalda “Al Jayish”da kim etakchi bo‘lgan?
- Sizga ham qachondir Saudiya klublaridan super takliflar kelib tushganmi? Agar tushgan bo‘lsa nega qabul qilmagansiz?
- Ha, albatta. “Al Nasr” va “Al Shabab”dan takliflar bo‘lgan. Hozirgacha ham o‘sha takliflarning rasmiy qog‘ozlari o‘zimda. Xohlasangiz ko‘rsataman. Menda takliflar bo‘lgan, degan bunday gaplarni yomon ko‘raman. Bu hozirgi O‘zbekiston futbolida o‘yinchilar orasida trentga aylangan gap. Klublarni qo‘rqitmoqchi bo‘ladi, menda bu yoki u takliflar bor, deb...
- Qatar ham yulduz o‘yinchilarni transfer qilishga qodirmi? Lekin bu borada ular hozircha sukutda. Ammo qachondir Qatar klublari ham jahon yulduzlarini olib keladi, deb o‘ylaysizmi?
- Qatar yulduzlarni taklif qilib bo‘lgan. Qatarga reklama kerak emas. Jahon chempionatining o‘zi etadi.
- Yaqinda OChL guruh bosqichiga qur’a tashlandi. “Navbahor”, OKMK, “Nasaf” va “Paxtakor” o‘z raqiblarini bilib oldilar. Guruhlar haqida fikringiz qanday? Qaysi klubimiz guruhi og‘ir va engilroq?
- Ha, 4 ta jamoamizni OChL guruh bosqichida qatnashishidan xursand bo‘ldim. Barchalariga omad tilayman. Ularning ishtiroki yurtimizning yuzi bo‘ladilar.
- “Paxtakor”dan ketganingizdan beri hozircha biror jamoada sizni uchratmadik. Hozirda esa Dubaydasiz. Yangi klub bilan muzokara olib boryapsizmi? Qachon yangi jamoaga ega bo‘lasiz?
- Ha, hozircha Dubayda dam olyapman. Albatta, klublar bilan aloqadaman. Ko‘ramiz, Xudo nasib qilgani bo‘ladi.
- Aslida “Paxtakor”dan ketib qolishingiz nima bilan bog‘liq edi?
- Murabbiylar bilan.
- Shundan so‘ng sizni O‘zbekistonning boshqa klubiga o‘tishi mumkin, degan gaplar ham chiqqandi, shu rostmidi?
- Yo‘q. Balki yangi mavsumda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar