Qattiq gapirib qo'yman! Mourin'yo matbuot anjumanidan bosh tortdi
Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourinyo Ispaniya chempionati 8-turidan o‘rin olgan «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari oldiga chiqmaslikka qaror qildi. Uning aytishicha, bunga ehtimoliy diskvalifikatsiya xavfi sabab bo‘lgan.
Shanba kuni «Santyago Bernabeu»da o‘tgan bahsda «Real» maydon egalari sifatida «Vilyarreal»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning eng bahsli vaziyatlaridan biri 71-daqiqada ro‘y berdi. Madridliklar hujumchisi Vinisius Juniyor raqib darvozasiga ikkinchi golni urdi, biroq videotakror ko‘rib chiqilgandan so‘ng ushbu gol bekor qilindi. Sababi – hujum davomida braziliyalik futbolchi raqibini sochidan tortib yuborgani aniqlandi.
Oradan ikki daqiqa o‘tib, 73-daqiqada Vinisius Juniyor to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi va maydonni tark etdi. Uchrashuvdan keyin esa «Real» bosh murabbiyi an’anaviy matbuot anjumaniga kelmadi.
«Men hozircha fikr bildirmayman, chunki «Sevilya» va «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda texnik zonada bo‘lishni istayman», – deya Mourinoning so‘zlarini Marca nashri ijtimoiy tarmoqda keltirgan.
«Vilyarreal» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng «Real»ning ochkolari soni 18 taga yetdi. Madrid klubi Ispaniya chempionati jadvalida hozircha uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa peshqadam «Barselona»dan olti ochkoga ortda qolmoqda.

Fikrlar