"Qayrat" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 19 yoshli futbolchi vafot etdi
Qozog‘istonlik futbolchi Dias Tuleu 19 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Qozog‘iston futbol federatsiyasi (QFF) matbuot xizmati.
Tuleu "Xan-Tengri" klubi sharafini himoya qilar edi. Qozog‘iston Birinchi ligasining 25-turidagi "Ekibastuz" (4:0) jamoasiga qarshi o‘yin vaqtida Dias o‘zini yomon his qilib, 62-daqiqada maydonga yiqilgan. Unga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan, keyin esa shifokorlar futbolchini maydondan olib chiqib ketishgan.
— Qozog‘iston futbol federatsiyasi "Xan-Tengri" klubi hujumchisi Dias Tuleuning bevaqt vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u ila qabul qildi.
Yosh bo‘lishiga qaramay, Dias futbolga bo‘lgan ishtiyoqi va ajoyib iste’dodi bilan ajralib turar edi. Uning erta vafoti katta yo‘qotishdir. Bu og‘ir damlarda biz uning ota-onasi, yaqinlari va jamoasi dardini his qilamiz.
QFF Diasning ota-onasi, qarindoshlari va barcha yaqinlariga chin qalbdan ta’ziya izhor etadi, — deyiladi federatsiya bayonotida.
Yosh hujumchi "Qayrat" klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, o‘tgan yil bahorida «Xan-Tengri» jamoasiga qo‘shilgan edi.



Fikrlar