
Qilichbozlar "Olimpiya umidlari”da bellashmoqda
Toshkent shahridagi “Paxtakor” stadionida joylashgan qilichbozlik majmuasida 2005 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagilar o‘rtasida “Olimpiya umidlari” Respublika ochiq turniri boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi hamkorligida sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2019 yil uchun respublika kalendar rejasiga muvofiq tashkillashtirilgan mazkur musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga munosib o‘rindoshlarni saralab olish va iqtidorli sportchilarni aniqlashdir.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston respublikasi, mamlakatimizning barcha hududidan va Qozog‘iston hamda Tojikistondan kelgan 250 nafardan ziyod sportchilar qilichbozlikning shamshir, rapira va qilich yo‘nalishida yakkalik bahslarida o‘zaro kuch sinashadi.
Musobaqaning dastlabki kunida 82 nafar sportchi shamshir yo‘nalishida o‘zaro kuch sinashdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslarda qozog‘istonlik Bogdan Lukin va Georgiy Tinnikov oltin hamda kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Shohsupaning uchinchi pog‘anasidan esa Humoyun Usmanov va Sarvar Islomov kabi xamyurtlarimiz o‘rin egalladi.
Qizlar o‘rtasida esa buxorolik Aziza Xamidova barcha raqiblarini engib, oltin medalga sohibasiga aylan bo‘lsa, toshkentlik Risolat Yusupova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qoraqalpog‘istondan kelgan Dilnaz Murzataeva hamda poytaxtlik Aliya Albekova bronza medali bilan taqdirlandi.
Bugun qilichbozlar rapira yo‘nalishida o‘z omadlarini sinab ko‘radilar.
Fikrlar